Rasmiylar muhojirlar jamlog‘ida kasallik tarqaganini rad etishmoqda

Image copyright AFP
Image caption Rossiya bo‘ylab davom etayotgan reydlarda yana minglab muhojirlar qo‘lga olingan

Rossiyaning bosh sanitar vrachi Gennadiy Onishchenko Moskvadagi muhojirlar saqlanayotgan chodir jamloqda kasallik tarqagani haqidagi xabarlarni rad etgan.

Interfaks agentligining janob Onishchenkodan iqtibos keltirishicha, "Rospetrebnadzor" mutaxassislari Golyanovodagi lagerda sanitariya-epidemiologiya normalari buzilishi bilan bog‘liq qator holatlarni aniqlashgan, ammo muhojirlar orasida infektsion kasalliklar aniqlanmagan.

Avvalroq muhojirlardan 30 nafarining shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarlar olingan.

Ular, asosan, v‘etnamliklar ekani aytiladi.

Chodir jamloqda bo‘lgan BBC jurnalisti Sohiba Hayitboyevaning aytishicha, jamloqdagi sharoitlarning yomonligi va berilayotgan ovqatlar sifatining pastligi bois ko‘pchilik muhojirlar oshoqozon-ichak kasalliklari bilan og‘rishgan.

"Muhojirlar bitta kiyimda olib kelingan va o‘sha kiyimda yurishibdi. Havo kunduzi issiq, kechasi salqin bo‘lgani uchun ularning sog‘lig‘iga putur yetishi tabiiy", - deydi Moskvadagi hamkorimiz.

Jamloq ko‘chiriladi

Ayni paytda Golyanovodagi muhojirlar lagerining boshqa joyga ko‘chirilishi haqida xabarlar paydo bo‘lgan, ammo Federal Muhojirlik Xizmati bu borada hech qanday axborot bermagan.

Jurnalistlarga ko‘ra, jamloqni ko‘chirish qarori rasmiylarning tanqidlarga javobi bo‘lishi mumkin.

Jamloqqa birinchi muhojirlar olib kelingan 5 avgustdan buyon Moskva va boshqa yirik shaharlar, shuningdek, viloyatlarda yana minglab noqonuniy muhojirlarning ushlangani xabar qilingan.

Ularning qayerda saqlanayotgani noma‘lum.

FMX Rossiya bo‘ylab noqonuniy muhojirlar uchun 43 ta maxsus markazlar tashkil etilishini aytgan.

Ham jarima, ham deportatsiya

Juma kuni shuningdek, noqonuniy muhojirlar uchun jarimaning yangi miqdori haqidagi tartib kuchga kirgan.

Moskva, Sankt-Peterburg shaharlari hamda har ikki viloyatda amal qiladigan yangi tartibga muvofiq, muhojir Rossiyaga kirish yoki muhojirlik qaydi bilan bog‘liq amaldagi tartiblarni buzgani taqdirda, u 7 ming rubl miqdorida jarimaga tortiladi.

Hozirga qadar bu miqdor 2 ming rublni tashkil etgan.

Shu kungacha deportatsiyaga tobe‘ muhojirlar jarimaga tortilmas edi.