O‘zbekistonda Ramazon hayitini yo‘qsil qanday nishonlamoqda

O‘zbekistonda qo‘shni davlatlardan bir kun keyin Ramazon hayit bayrami nishonlanmoqda.

Toshkentning markaziy masjidlari odamlar bilan to‘lib toshgani aytiladi. Ammo ayrim masjidlarda namozxonlarning o‘tgan yillarga qaraganda kamroq kelgani kuzatilgan.

Chekka tumanlarda esa iqtisodiy yetishmovchilik sabab bayramni ko‘pchilik bo‘lib nishonlash bu yil ancha kamaygan.

Tongi soat 6 da Toshkentdagi masjidlarda Hayit namozi o‘qilishi bilan bayram boshlanib ketgan.

Pressphoto.uz saytida odamlarning Hast Imom masjidi oldidagi ochiq sathni to‘ldirib namoz o‘qiyotganini ko‘rish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda bayram namoziga chiqqanlar o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan. Fikr bildiruvchilar namozxonlarning ko‘pligidan hayratini yashirmagan.

"Alhamdulillah. Iyd namozini ham ado etdik. Hali umrimda bu kabi katta jamoatni ko‘rmagan edim. Toshkent shahridagi Bodomzor jomesiga taxminan 30 000 odam yig‘ildi. Saf sal kam bir kilometrga cho‘zildi. Boshqa farz ibodatlarga ham shunday jamoat bo‘lsaydi...", - deb yozadi Davronbek Tojialiyev.

Ammo Toshkent shahrining markazdan uzoqroq masjidlarida odam bu yil oldingiga qaraganda kamroq bo‘lgani kuzatilgan. Sirg‘ali tumanidagi masjidga chiqqan suhbatdoshimiz odam kamligidan masjid xovlisida o‘tirganini aytadi.

"Ko‘chalar to‘lib ketardi, masjidning hovlisiga kirolmay ko‘chada qolib ketardik. Odamlar erta borib kirib ketishardi. Bugun soat 5:40 larda borgan bo‘lsak, ichkarida joy bor ekan, hali to‘lmagan ekan. Ko‘chalarda ham o‘qishdi, ammo oldingidan kam bo‘ldi. Oldin imomdan ham oldinga chiqib ketardi, o‘qib bo‘lgandan keyin ham oqim to‘xtamasdi", - deydi sirg‘alilik turg‘un.

Hayit nomozi o‘qib bo‘linganidan keyin bayram har viloyatning urf odatlaridan kelib chiqib turlicha nishonlanadi.

Janub viloyatlari qatori Qashqadaryoda Hayit kuni bu dunyodan o‘tgan yaqinlarning qabri va ularning uylari ziyorat qilinadi, bundan tashqari quda andalar va qarindoshlar bu kunda biri birini izlaydi. Qashqadaryolik Hakimjon bir necha yildan beri xorijdan vataniga endi keldi. U Hayit bayrami har qadamda sezilayotganini aytadi.

"Masalan, quda-andalar bir-birini ziyorat qiladi. Hozir qishloq ko‘chalarida gurros- gurros ayollarning yaqinini yo‘qotgan xonadonga borib ta‘ziya izhor qilayotganini ko‘rish mumkin. Bugun qabristonga borganda ko‘rdim, odamlar yaqinlarining nomlariga duoi fotiha qilishdi, eslashdi. Bozorlarda ham jonlanish kuzatildi. Hamma hayit uchun uyga shirinlik va sovg‘a salom olayotganini ko‘ramiz", - deydi Hakimjon.

Biroq hamma joyda ham bayram istalganidek kutib olinayotgani yo‘q. Iqtisodiy yetishmovchilik va narx navolarning balandligi odamlarni ushbu bayramni kamtarin nishonlashga yoki umuman nishonlamaslikka majbur qilayotgan joylar ham bor.

Jizzaxlik Saida Qurbonova pul yetishmasligi sabab bu yil o‘zi va qo‘shnilari bir-birlarini mehmonga aytolmaganlar.

"Ko‘chamizda 48 ta xo‘jalik bo‘ladigan bo‘lsa, ularning hammasi oldinlari Hayit kuni biror narsa qilib, mehmon chaqirardi. Bu yil unaqa narsa yo‘q, faqat 5-6 uyda "Hayit oshi" bo‘ldi xolos. Qolganlari bizga o‘xshab jim o‘tirishdi. Hamma narsa iqtisodga kelib taqaladi. Qimmatchilik, bir kilo guruchning narxi 3 ming so‘m, 1 kilo go‘sht 19 ming so‘m, yog‘ 5 ming. Uning oldiga non, shirinlik, qovun tarvuz degan narsalar kerak. O‘sha dasturxonning o‘ziga ham yaxshigina harajat ketib qoladi bizda", - deydi Saida Qurbonova.

Saida Qurbonova oldinlari Hayitda sayllar bo‘lishini va tanishlar bir -birinikiga mehmon bo‘lib ziyorat qilishini aytadi. Hatto olisdagi qarindoshlar ham kelib tabriklab, sovg‘a salom ulashgan.

Ammo iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli bunday ziyoratlar keskin kamaygan va endi faqat telefon orqali bir birini tabriklash bilan cheklanishmoqda.