Ahmedov "Anji"da qoladimi va Ozodaning janjalga aylanayozgan kontserti

Markaziy Osiyo yangilik xizmati - ca-news.org O‘zbekistondan chetda turib mamlakat hayotiga oid yangilik va va maqolalarni tarqatayotgan web-saytlardan biri hisoblanadi.

Undagi o‘zbek tilidagi xabarlarni "uz.ca-news.org"da o‘qish mumkin. Web-sayt o‘z xabarlari bilan birga boshqa manbalardan olingan yangilik va maqolalarni ham berib turadi. Jumladan, mazkur web-saytda BBCdan olingan xabarlarni ham o‘qish mumkin.

Odil Ahmedov "Anji"dan ketadimi?

Hozir futbol olamida shov-shuvga aylangan xabarlardan biri Rossiyaning puldor "Anji" komandasida yuz bergan so‘nggi voqealardir.

"uz.ca-news.org"dagi xabarlardan biri "Odil Ahmedov:Maoshim kamaytirilishiga roziman" deya sarlavhalangan.

"Anji" klubi yarim himoyachisi Odil Ahmedov jamoada qolishini ma‘lum qildi. O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi buning uchun maoshi kamaytirilishiga ham rozi ekanini aytib o‘tgan. Websahifa Odil Ahmedovning matbuotga bergan quyidagi suhbatini keltirgan:

- "Anji"da qolasizmi?

- Ha. Hozircha qolaman.

- Biroz vaqt oldin sizning "Arsenal"ga o‘tishingiz haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi...

- Hozircha boshqa klublardan taklif bo‘lgani haqida hech narsa eshitganimcha yo‘q.

- "Anji"dagi maoshingiz kamaytirilishiga tayyormisiz?

- Bu o‘rinda nima ham qilish mumkin? Albatta, tayyorman".

Mazkur xabarni tayyorlashda web-sayt Anons.uzga tayangan.

Bundan sal oldinroq esa web-saytda Odil Ahmedovning 6 million yevro evaziga "Arsenal"ga o‘tishi mumkinligi borasida xabar berilgandi.

"O‘zbek tilidami, demak, Qo‘yliq-Beshyog‘ochda ishlab chiqarilgan"

Ushbu websahifada "Matbuot sharhlari" rukni ostida berilgan "O‘zbekistonda narxlarning oshishi pasaymayapti" sarlavhali sharh aslida Uznews.netdan olinganligi ko‘rsatilgan.

"Mollarning o‘zbek tilida markalanishi haqidagi yangi talablar narxlarning oshishiga olib keldi", deb yoziladi ushbu sharhda. 1 iyuldan O‘zbekistonga mol import qiluvchilar uchun yangi talablar kuchga kirdi - bular prezidentning mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish va noqonuniy mol kiritilishiga qarshi kurashni kuchaytirish choralari haqidagi qaroriga muvofiq, zavod markalarining o‘zbek tilida bo‘lishidir.

Iyul o‘rtalariga kelib import shirkatlari omborlarida va do‘konlardagi eski - 1 iyulgacha keltirilgan, o‘zbek tilida yorlig‘i bo‘lmagan mollar zaxirasi deyarli tugadi. Kamyoblik esa narxlar oshishini qo‘zg‘adi.

Xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan mollarning O‘zbekiston davlat tilida markalashga kelishish haqida importerlar shu yilning yanvari oxirlarida, qaror qabul qilingan paytda bilishgan edi.

Ma‘lum bo‘lishicha o‘zbek tilida qadoqlangan mollarning kechikishiga sabab, qadoq dizaynidagi yozuvlarni o‘zbek tilida yozishni istamagan ishlab chiqaruvchilar emas, besh oydan beri yetkazib beruvchilar bilan kelisholmayotgan mahalliy importerlarning imillashi ham emas ekan. Rossiyadan oziq-ovqat mollari importi bilan shug‘ullanuvchi shirkat vakilining aytishicha, importerlar keltiriladigan mollarning zavod markirovkasini o‘zbek tilida ta‘minlash uchun muddatni atay cho‘zishgan.

"Bizning xaridorimiz psixologiyasi shundayki, agar fabrika qadog‘i o‘zbek tilida yozilgan bo‘lsa, u bu mahsulot Qo‘yliq-Beshyog‘och qo‘shma korxonasida qadoqlangan deya o‘ylaydi", - deydi u. O‘zbekistondagi xaridorlar nimagadir, horijdagi ishlab chiqaruvchilar o‘z mollarini o‘zbek tilida markalashlari mumkinligiga ishongilari kelmaydi.

Mahalliy xaridor ruhiyatidagi shu hususiyatdan kelib chiqib, bojxonada prezident qarorining buzilishiga ko‘z yumishadi degan umidda, ko‘plab import shirkatlari o‘zbek tilida qadoqlashni buyurtma qilishga shoshilishmadi. Importerlarning umidi o‘zini oqlamadi, endi esa ular "qonuniy" qadoqlanishni buyurtirishga majbur bo‘lishmoqda. Ulardan ayrimlarining ishontirishicha, o‘zbek tilida qadoqlangan mollarning birinchi partiyasi taxminan bir oydan keyin O‘zbekiston do‘kon va bozorlariga chiqarilishi mumkin.

Kamyoblik bartaraf qilinishi bilan, narxlar tushadi, deya bir ovozdan tasdiqlashmoqda toshkentlik import shirkatlari va tijoratchilar. Ular yangi markirovka talablari narxlarda aks etmaydi deya ishontirishmoqda. O‘zbekiston prezidenti va hukumatining "aksilimport" qarori allaqachon narxlarning ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Prezident qaroridan bir oy o‘tib, Vazirlar Mahkamasi importni murakkablashtiruvchi yangi qaror chiqardi. Ushbu hujjat maxsus nazorat identifikatsiya belgilari markala-nadigan mollar ro‘yxatini kengaytirdi.

Kengaytirilgan ro‘yxatga, jumladan uyali telefonlar, avtomobil gazballon uskunalari, tele va videotexnikalar kiritildi. "Bu maishiy texnika narxlarida aks etdi, martning ikkinchi yarmidan boshlab, ularning narxi o‘rtacha 10%ga oshdi", deya yozilgan uz.ca-news.org web-saytida.

"Olam.uz" maishiy texnikaga yangi soliqlar haqida

Yaqinda o‘z faoliyatini bir necha oylik tanaffusdan so‘ng qayta boshlagan "Olam.uz" 1 avgustdan boshlab xorijdan import qilingan maishiy texnikaning bir qator turlariga nisbatan soliqlarning yangi turi kiritilgani haqida xabar bergan.

Yangi soliqlar xususan televizorlar, CD va DVD pleyyerlarga taaluqlidir.

Xususan televizorlarga ekran kattaligidan kelib chiqqan holda, 30% soliq belgilangan.

Avvallari tevizor ekrani nazarga tutilmagan holda, umumiy tarzda 60% soliq tartibi joriy bo‘lgandi.

"Olam.uz" da aytilishicha, oxirgi bir necha yil mobaynida O‘zbekiston hukumati ichki ishlab chiqarishni himoyalash maqsadida qator maishiy texnika turlariga turfaxillashgan soliqlar va aktsizlarni kiritib kelmoqda.

"Raqsga tushayotgan O‘zbekiston va janjalga aylanayozgan Ozodaning kontserti"

Yana "ca-news.org" web-saytda san‘at va sportga oid xabarlarga ko‘p joy ajratiladi.

"Sharq taronalari" festivaliga tayyorgarlik qizg‘in ketyapti" - sarlavhasi ostidan berilgan maqola ana shunday xabarlardan biri.

Bu xabarda yozilishicha 25-30 avgust kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan "Sharq tarona-lari" IX xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik qizg‘in olib borilmoqda.

"Ayniqsa, festivalning ochilish marosimi rang-barang va e‘tiborga molik bo‘lishi kutilmoqda. Kontsert dasturiga Farg‘ona, Navoiy, Samarqand viloyatlari hamda Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabidan to‘rt yuzga yaqin raqqosa taklif etilgan. Repertuardan xalq raqslari, folklor, to‘y marosimi qo‘shiq va raqslari joy oladi. Kontsert dasturiga O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev rejissyorlik qilmoqda", deyilgan uz.ca-news.org xabarida.

San‘atga oid ikkinchi bir xabar esa, "Ozodaning Penzadagi kontserti janjalga aylanib ketishiga bir bahya qoldi", deya sarlavhalangan.

Xabarda aytilishicha, Rossiyaning Penza shahridagi "Molodejnыy" zaliga to‘plangan muxlislar kontsert boshlanishini naq 2,5 soat kutish-lariga to‘g‘ri keldi.

Zal to‘lib-toshgan bo‘lsa-da, chipta sotuvidan kutilgan tushum tushmagan: 300 ming rublning o‘rniga 100 ming rubldan sal ko‘proq pul yig‘ilgan.

Sababi oddiy: ayrim "muxlislar" chipta sotib olishni "unutishgan" ekan.

Kutishdan charchagan ba‘zi tomoshabinlar chiptalarini qaytarib ham berishgan. Muxlislar orasida yosh bolasi bilan kelganlar ham bor edi. Kimdir baqirdi, kimdir hushtak chaldi, kimdir sahna ortiga o‘tib tekshirib ham keldi.

Nihoyat, soat 19:00 ga mo‘ljallangan konsert soat 21:30 da boshlangan. Sahnaga chiqqan Ozoda Nursaidova muxlislardan uzr so‘rab, intiqib kutilgan qo‘shiqlarni kuylagan.

Konsert boshlangandan keyin xam qo‘riqchilar chiptasiz qo‘shiq tinglamoqchi bo‘lgan tomoshabinlarni aniqlab, zaldan chiqarish bilan shug‘ullanishgan".

Bu xabarni uz.ca-news.org web-sayti Vesti.uz.ga tayanib bergan.

Halok bo‘lgan "Paxtakor" uchun yodgorlik

web-saytda berilgan yana bir xabarni faqat futbol muxlislari emas, boshkalar ham qiziqib o‘qishlari mumkin.

"Toshkentdagi Botkin nomidagi qabristonda 1979 yilda fojiali tarzda halok bo‘lgan "Paxtakor" jamoasi xotirasiga bag‘ishlab yodgorlik o‘rnatildi. Yodgorlikning ochilish marosimi 11 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

6 avgust kuni 1979 yilgi aviahalokatda hayotdan ko‘z yumgan "Paxtakor" jamoasi a‘zolari xotirasiga bag‘ishlab har yili an‘anaviy tarzda o‘tkaziladigan "Xotira qanotlari" turniri start oldi.

Mazkur turnirda Turkmaniston, Qozog‘iston kabi qo‘shni mamlakatlardan tashrif buyurgan 1998-99 yillarda tug‘ilgan o‘smir futbolchilar ishtirok etmoqda. Turnirda jami 16 ta jamoa 4 guruhga bo‘lingan holda qatnasha boshladi.

1979 yilning 11 avgust kuni Dneprodzerjinsk osmonida ikkita Tu-134A yo‘lovchi samolyoti to‘qnashib ketgandi. Toshkent - Minsk yo‘nalishida parvoz qilayotgan samolyot bortida 84 kishi, jumladan, 17 nafar paxtakorchi bor edi.

Chelyabinsk - Voronej - Kishinyov yo‘nalishida ketayotgan ikkinchi samolyotda esa 88 yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a‘zosi bo‘lgan. Aviato‘qnashuvga sabab bo‘lgan xatoga yo‘l qo‘ygan dispetcherlar 15 yildan ozodlikdan mahrum etilgan".