Vasvasalar zamoni: Surunkali, mutassil charchoq kasallikmi?

Bugungi kunda tibbiyotda yangrayotgan ruhiy kasalliklar nomlariga quloq tutsangiz, tom ma‘noda boshingiz aylanadi.

Vaznni yo‘qotish va ozishga mukkasidan ketganlar uchrayotgan ovqat tanavvul qila olmaslik - anoreksiya, surunkali chachash sindromi, surunkali qo‘rquv va xavotir...

Avvallari bularning aksarini shunchaki vos-vos, deb kasallik sifatida ham ko‘rmasdilar.

Kundalik hayotimizning deyarli har bir qirrasiga bostirib kirgan kompyuyetrlar ham kasalliklarni keltirib chiqarmoqda.

Yon atrofingizda bir amalni qayta-qayta qilaveradigan yo-da biron narsani qilmasa tura olmaydigan kimsani uchratganmisiz.

Deylik, hozirgina qo‘lini yuvgan bo‘lsa ham, qo‘li kirga o‘xshab ko‘rinib, qayta-qayta yuvaveradi. Chor atrofda, xamma narsa bakteriya va virusga botgandek ko‘rinadi...Qo‘lini yuvish imkoni bo‘lmasa o‘ta noroxat bo‘lib, hayoti butunlay oyoq ustun bo‘lgandek...Bora-bora bularning hammasidan xavfsirab, umuman ko‘chaga ham chiqmay qo‘yadi...

Yoki ovqat yeyayotgan vaqti, stol ustidagi narsalarni qayta-qayta joyini o‘zgartirib, tartibga solaveradigan shaxsni ko‘rganmisiz? Bu holatlar hruhshunoslikda obsessiv-kompulsiv kasallik, deya yuritiladi.

Xullas bu holatlarning bugungi kunda sanab, sanog‘iga yeta olmaysiz.

Londonda yashovchi Jeyn misolini oling. U Xong Kongdagi yirik xalqaro muhandislik shirkatlardan birida muvaffaqiyatli mutaxassilardan biri edi. Lekin bir necha yil avval o‘zida tushuntirish qiyin bo‘lgan o‘zgarishlarni seza boshladi.

"Onda sonda o‘zimni juda charchagan his qila boshladim. Diqqatimni jamlash, bir narsaga qaratish qiyin edi. Ishda odatda qilib yurgan ishlarimni bajarish katta bir muammoga aylana boshladi. Kechasi bilan uxlasam ham ertalab uyg‘ongan vaqtim xuddi yana kun bo‘yi uxlashga tayyordek sezardim o‘zimni. Jismoniy biron amal uchun esa umuman hech qanday madorim yo‘q edi. Bu juda g‘alati charchoq edi, juda ko‘p ishlagandan keyin inson sezadigan charchoq emas, senga mutassil ravishda yopishib olgan o‘tkir xorg‘inlik edi", deydi Jeyn.

Keyinchalik shifokorlar Jeynnning surunkali charchoq sindromiga yo‘liqqanligini aytdilar. Mutaxassilar tilida, bu sindrom "surunkali, qaytalanuvchi va tushuntirish qiyin bo‘lgan charchoq holatining kamida 6 oy yoda undanda ko‘proq muddat davom etishidir".

Nyu Yorkdagi "One World Counselling" markazidan ruhshunos mutaxassis Gulshoda Osterning aytishicha, hozirgi kunda ishdan zo‘riqish, kam harakatlanish, turli stresslar, ovqatlanish va uyqu tartibining buzilishi insonga og‘irlik qila boshlamoqda.

Bu omillarga vaqtida yetarli e‘tibor berilmagani tufayli, bora-bora inson organizmi resurslari kamayib borishiga va ba‘zida surunkali charchoq sindromining kelib chiqishiga olib keladi.

Bu sindrom mutaxassilarni kasallikmi -kasallik emasmi tarzida o‘ylantirayotgan, zamonaviy turmushda uchrayotgan sog‘liq muammolariga yaqqol misoldir.

Surunkali charchoq sindromi zamonaviy hayot tarzi keltirib chiqargan yangi ko‘rinishmi, yo-da avvaldan mavjud bo‘lgan-u bugunga kelib shifokorlar tomonidan kasallik sifatida tan olina boshladimi?

"One World Counselling" markazidan Dmitri Osterga ko‘ra, bu savolga javob berish qiyin.

"Biz hozirgi kunda yurgizayotgan hayot tarzi va zo‘riqishlar, stresslar bir avlod ilgari mavjud bo‘lmaganligi aniq. Buni menimcha, hech kim rad eta olmaydi. Bu sindromning kelib chiqishi asosida shaxsning o‘ziga xos biologik xususiyatlari yotadimi va tashqi muhit, yashash tarzi kasallikning kelib chiqishiga ne qadar hissa qo‘shadi, degan savollarga javob topish qiyin. Fikrimcha ikkala omil ham rol o‘ynaydi. Davolash uslubiga kelsak, bu yerda eng muhimi, fikrimcha, ushbu sindromga uchragan kishiga hayotidagi stresslarni nazorat ostiga olish yo‘lini o‘rgatishdir", deydi Dmitri Oster.

Ruhiy kasalliklar miqyosini kengaytirib yuborayotgan holatlar shularmikan? Luiza Iskandari lavhasi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi