Rim Papasi Ramazon munosabati bilan musulmonlarga yuzlandi

Image copyright AP
Image caption Rim Papasi dinlar orasidagi hurmatga chaqirdi

Rim Papasi Fransis nasroniy va musulmonlarni birgalikda o‘zaro hurmatni targ‘ib qilishga va yosh e‘tiqodli avlodni tarbiyalashga chaqirgan.

U yakshanba kuni Rimdagi Avliyo Pyotr hiyoboniga yig‘ilgan ziyoratchilar nomiga duo qilar ekan, musulmonlarga murojaat etdi.

U "bizning birodarlarimiz" musulmonlar ro‘za tutish, ibodat va hayriyaga bag‘ishlangan muqaddas Ramazon oyini yakunlaganlarini aytdi.

Papa hiyobonga ochilgan o‘z studiyasi derazasida turib gapirdi.

BBCning Rimdagi muxbiri Devid Uilleyga ko‘ra, papa yozning jazirama issiq kunida maydonga yig‘ilgan o‘n minglab ziyoratchilar qarshisiga chiqqan.

Muxbirimizning aytishicha, avvalgi papalar yozning issiq kunlarini Italiya poytaxti tashqarisidagi Kastel Gandolfo villasida o‘tkazardilar, chunki u yerda havo salqinroq. Biroq, Rim Papasi Fransis yoz ta‘til kunlarida ham Vatikanda qolib ishini davom ettirishga qaror qilgan.

Fransis o‘z papaligi uchun qashshoqlar borasida qayg‘urishni asosiy vazifa qilib olgan.

Muxbirimizga ko‘ra, u Vatikan moliyasi va ruhoniylarning bolalarni jinsiy tahqirlashi mojarolari tufayli Vatikan byurokratiyasini tubdan isloh qilishga bel bog‘lagan.