Jamloqdagi muhojirlarning ilk guruhi o‘z vatanlariga jo‘natildi

Image caption Ayni paytda jamloqda 585 nafar muhojir bor

Kecha kechki soat 17 da 31 nafar vetnamlik noqonuniy muhojirlar politsiya hamrohligidagi ikki avtobusda Sheremetevo aeroportiga kuzatildi, deya ma‘lum qildi IIV poytaxt boshqarmasi matbuot xizmati.

Muhojirlar maxsus bortda emas, Airbus A330 oddiy fuqarolik reysida jo‘natildi. FMX pasportlari bo‘lmagan muhojirlarga chegara nazoratida taqdim qilishlari uchun vatanga qaytish uchun maxsus guvohnoma berdi.

Ayni paytda jamloqda 585 nafar muhojir bo‘lib, yana 3 nafar muhojirga deportatsiya uchun zarur xujjatlar tayyor.

Lagerdagi muhojirlarning 10 foizidagina shaxsini tasdiqlovchi xujjat bor, deydi FMX poytaxt boshqarmasi rahbari Olga Kirillova.

Rahbarning aytishicha, chet elliklarning o‘zlari haqida yolg‘on ma‘lumot berishlari ularning shaxslarini aniqlashda birmuncha qiyinchiliklar yuzaga keltirgan.

Lagerda sharoit yaxshilangani yo‘q

Muhojirlar jamlog‘ida saqlanayotgan 30 kishi tibbiy yordamga muxtojlik sezgan. Salomatligidan shikoyat qilganlarning 6 tasi kasalxonaga yotqizilgan. Ma‘lumotlarga ko‘ra, lagerda allergiya, oshqozon-ichak kasalliklari kuzatilgan.

Sog‘likni saqlash departamenti va IIV vakillari ma‘lumotlarni rad etgan holda, muhojirlar orasida hech qanday kasalliklar yo‘qligi, vaziyat nazorat ostida ekanligini bildirmoqda.

- Bizga lagerda yomon ovqatlantirishayotgani, pullarini olib qo‘yishayotgani, suvning sifatsizligi haqida haqida tinmay gapirishayapti. Bu holat qattiq tekshirilmoqda. Biroq hech biri hali tasdiqlangani yo‘q, - deya ta‘kidladi poytaxt IIB o‘rinbosari Vyacheslav Kozlov. Shuningdek, noqonuniy muhojirlar lagerdan qochishayotgani haqidagi ma‘lumotlarda ham asos yo‘qligini bildirdi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra esa, lager yonidan tibbiy markaz ochilishi rejalashtirilmoqda.

Jamloqdagi yurtdoshlarimiz bilan bog‘langanimizda, muhojirlar orasida bosh, tish og‘rig‘i va ko‘z muammolari ham uchrayotganini bildirishdi. Shu bilan birga jamloq ichida politsiya xodimlarining munosabatlari biroz o‘zgargani, muhojirlarni urish, pullarini olib qo‘yish to‘xtaganini aytishdi. Biroq hanuzgacha "turma rejimi"mi saqlanib turilibdi.

"Ular bizga kerak emas"

Ayni paytda xukumat Golyanovodagi lagerni ko‘chirish taraddudida. Muhojirlar Podmoskovedagi bo‘sh yotgan bolalar lagerlariga ko‘chirilishi ehtimoli bor.

Poytaxt politsiyasi muhojirlarni joylashtirish uchun yangi 3 joyni ko‘rib chiqdi. Biroq muhojirlar ko‘pligi uchun joy yetishmasligi bois lagerlar ma‘qul ko‘rilmadi.

Poytaxt IIB o‘rinbosari Vyacheslav Kozlovning bildirishicha, deportatsiya punktlari uchun umumiy miqdorda 2000 kishilik joy talab etiladi.

Kozlov ayni paytda jamloqqa hech kim olib kelinmayotganini ta‘kidlab, "umuman olganda biz bundan qutilmoqchimiz, ular bizga kerak emas", dedi.

Xukumat esa haligacha bu lagerlarning yuridik maqomini rasmiylashtirganicha yo‘q. Rahbar o‘rinbosari jamloqni "vaqtinchalik shaharcha" deb atadi. FMX ham "RF hududidan chiqarib yuborilishi uchun fuqarolarni vaqtinchalik joylashtirish va xujjatlashtirish punkti", deb hisoblamoqda.

Muhojirlar xavotir va qo‘rquvda

Butun Rossiya bo‘ylab noqonuniy muhojirlarni qo‘lga olish reydlari o‘tkazilib, har kuni yuzlab chet ellik fuqarolar politsiya bo‘limlariga olib ketilmoqda.

Ular orasida qonuniy xujjatga ega muhojirlar ham bor.

- Ko‘chada ko‘ringan muhojirlarni tutib olib ketishayapti, - deydi Yekaterinburgda ishlayotgan Baxrullo. Hujjatlari joyida bo‘lsa ham barmoq izlari olamiz, deb ikki kunlab politsiya bo‘limida ushlab o‘tirishibdi. Bir do‘stimni 12 avgust kuni O‘zbekistonga aviabileti bor, qo‘yib yuborishmayapti.

Moskva viloyatining Ramensk tumanida ishlayotgan Abdumajid Abdurahmonov esa o‘zi ishlayotgan omborda tekshiruv bo‘lib 64 nafar kishini politsiya bo‘limiga olib ketishganini, qonuniy hujjati borlarni ham ushlab turishganini aytdi.

Bu kabi voqealardan Rossiyada ishlayotgan muhojirlar bo‘lib o‘tayotgan tekshiruvlardan qo‘rquv va sarosimaga tushib qolganlar.

- Kaluga shahriga kelganimga endi 1 oy bo‘ldi. 7 avgust kuni hayit namozidan so‘ng OMON chilar bosdi. Hammani deportatsiya qilarmish, deyishgandi. Qo‘rqqanimizdan zo‘rg‘a o‘rmonga qochib qutildik, - deydi Jahongir.

Kalugada ishlayotgan Dina Mirzayeva ham o‘zi ishlayotgan bozorda tekshiruv boshlangani, hujjatlari joyida emasligi bois qaytadan taxtlash uchun Ukraina chegarasiga chiqib kelganini aytdi.

Shuningdek, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz rahbarlari tekshiruvlar bosilguncha ishga chiqmay turishlarini buyurishganini bildirishayapti. Sababi, ishchilariga soxta xujjat tayyorlab bergan ham, soxta hujjatligini bila turib ishga qabul qilgan ham ish beruvchilarning o‘zidir.

Ayni paytda Rossiyada ishlayotgan hamyurtlarimizning juda ko‘pchiligi O‘zbekistonga qaytib ketmaslik uchun qimmat bo‘sa ham qonuniy xujjat taxtlashga kirishishdi.