O‘zbek mashinalarining Rossiyadagi savdosi susaygan

Image caption Toshkentdagi avtosalon qarshisida yuz bergan ur-yiqit

O‘zbekistonda ishlab chiqilgan avtomobillarning Rossiyadagi savdosi susaygan. Bu haqida vesti.uz sayti xabar tarqatdi.

Xabar qilinishicha, 2013 yilda o‘zbek avtomobillarining Rossiyadagi savdosi 40 foizga kamaygan.

"GM Uzbekistan O‘zbek-AQSh avtomobil ishlab chiqarish shirkati 2013 yil yanvaridan iyuligacha Rossiyada 31,182 mashina sotdi. Bu 2012 yilning ayni davri bilan solishtirganda 38 foizdan ham kamdir.

Aytilishicha, 2013 yilda ayniqsa Neksiya va Matiz modellarining savdo ko‘rsatkichlari 64 foizdan 44 foizga tushgan.

Sayt Avtomobil ishlab chiqaruvchilarning Ovro‘po Biznes Uyushmasidan iqtibos keltirib xabar qilishicha, o‘zbek mashinalarining Rossiya bozoridagi savdosi 2013 yil martidan susaya boshlagan.

Ayni damda, O‘zbekistonda yangi ishlab chiqilgan mahalliy avtomobillarni sotib olish uchun uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelmoqda.

Xaridorlar mashina qo‘llariga kelib tushishidan bir necha oy avval avtosalonlarga mahsulot narxining 85 foizini to‘lab qo‘ymoqdalar.

Qator o‘zbek saytlarida tarqalgan videokliplarda namoyon bo‘lishicha, avtosalonlar oldida ur-yiqit yuzaga kelgan va ba‘zi baqirib chaqirayotgan xaridorlar oyoq ostida qolib ketganlar.