O‘zbek mahbuslari borasidagi qonun nimani o‘zgartiradi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekistondagi qonunchilikni yoritib boruvchi norma.uz web sahifasining xabar berishicha, Ichki ishlar vazirligi jazoni o‘tash joylarida mahbuslar uchun yangi tartib qoidalarni ma‘lum qilgan.

Ushbu yangi qoidalarda mahbuslar uchun yaqinlari tomonidan yuborilishi mumkin bo‘lgan ashyolar og‘irligiga cheklov olib tashlanishi, oila a‘zolari tomonidan kelib ko‘rishlar yengillashtirilganligi, qahva, shokolad, choy kabilarni xarid qilish imkoni yaratilishi aytiladi.

Mahbuslar o‘zlari bilan endi 50 kilogramdan ortiq shaxsiy jihozlarini saqlashlari mumkin.

Shu bilan birga, mahbusning yaqinlari uning sog‘ligi yoki intizomiy javobgarlikka tortilgani haqida yozma yo-da og‘zaki ma‘lumot olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Yangi qonunchilik, shuningdek, tutqunlarga qamoqxonada nikohdan o‘tish yoki ajrashishga izn beradi. Biroq, qamoqxonadagi nikoh marosimiga taklif qilinadigan mehmonlar soni ikkitaga cheklangan.

Mahbuslarga video, audio va foto yozib ola olmaydigan mobil telefonlaridan foydalanishga ham ruxsat beriladi.

O‘zbekiston qamoqxonalaridagi sharoitlar, hamda tutqunlar yuz tutadigan qiynoqlar va tahqirlashlar xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan muntazam ravishda tanqidga uchrab keladi.

Jazo o‘tash joylaridagi sharoitlarni kuzatib boruvchi Qizil Hoch Xalqaro Qo‘mitasi joriy yil aprelida o‘zbek hukumati qo‘yayotgan to‘siqlardan norozi bo‘lib, O‘zbekistonni tark etgan.

O‘zbekiston qamoqxonalaridagi hayotni o‘z boshidan kechirgan va bugunda Parijda yashayotgan taniqli inson huquqlari faoli Mo‘tabar Tojiboyevaning aytishicha, mahbusning ahvoli yoki unga qarshi chiqarilgan intizomiy choralar borasidagi hujjatlarning mahbus yoki yaqinlariga berish majburiyati avvalgi qonunchilikda ham mavjud bo‘lgan, biroq buni huquq organlari buzib kelganlar.

Tojiboyeva xonim qamoqda o‘tkazgan qariyb 3 yil davomida 10dan ortiq holda intizomiy jazoga tortilgan, lekin bu choralar sabablarini izohlaydigan hujjatlar unga berilmagan.

U o‘z sog‘lig‘i va boshidan o‘tkazgan jarrohlik amaliyoti borasida ham tibbiy hujjat ola olmay kelganini aytadi.