Moskva: jamloqqa olib ketilgan o‘zbeklar qayerda?

Image copyright RIA Novosti
Image caption "O‘zbekiston elchixonasi vakillari yordamdan bosh tortdi. Taqdirimizdan xavotirdamiz", deydi jamloqdagi o‘zbek muhojirlari

"Golyanovo"dagi "kontslager" tashkil etilgan kunlari jamloqda yuzga yaqin o‘zbeklar saqlanayotgan edi. Ularning ko‘pchiligi xujjatlarini tekshirish, barmoq izlarini olish maqsadida maxsus qabulxonalarga olib ketilib jamloqqa qaytarilmagan. Ma‘lumotlarga ko‘ra, olib ketilgan o‘zbeklar o‘z vatanlariga ham yuborilmagan. Ularning qayerdaliklari ma‘lum emas.

Moskva politsiyasi matbuot xizmati bergan ma‘lumotlarga ko‘ra, lagerda 614 nafar muhojir saqlangan va ularning 31 nafari 10 avgust kuni deportatsiya qilingan. Qolganlar esa sud xukmi chiqarilib, o‘z vatanlariga qaytarilishlarini kutishmoqda edi.

Ammo jamloqdagi o‘zbek muhojirlarining aytishicha, barchalarining noqonuniy harakatlari yuzasidan sud bo‘lib o‘tgan va ularga jarima solingan.

- Bizga o‘z ixtiyorimiz bilan bilet olishimizni talab qilishdi. Qo‘lga tushmasimdan oldin 11 avgust kuniga O‘zbekistonga qaytish uchun bilet olgandim, 29 avgustda to‘yim bo‘lishi kerak edi. Qo‘yib yubormaganliklari uchun biletni qaytarishga majbur bo‘ldim. 3-4 kun ichida qo‘yib yuboramiz, deb aytishayapti, ammo oldin olib ketilganlar ham haligacha uyga yetib borishmabdi. Taqdirimizdan xavotirdamiz, - deydi jamloqda saqlanayotgan muhojir ayol.

Uning aytishicha, ilk kunlari jamloqda birga bo‘lishgan hamrohlarini surishtirib topa olishmayapti, ketgan kunidan boshlab telefoni o‘chirilgan, uyga esa hali bormagan.

- Bugun kechqurun bizni ham "spetspriyom"ga olib ketisharkan, - dedi xavotir bilan o‘zbek muhojiri. - Lagerda o‘zbeklarni odam o‘rnida ko‘rishmadi, xor bo‘ldik.

O‘zbekistonlik yana bir muhojir buyragi og‘riyotganini aytdi.

- Jamloqdagi shifokorga aytsam faqat "No shpa" berib qo‘yyapti, bir necha kundan beri og‘riq pasaymayapti, - dedi u.

Muhojirlarning aytishicha, lager ichida millatchilik avj olgan. Vetnamliklar uchun qo‘shimcha ovqat, elektrdan foydalanish, zarur buyumlar bilan ta‘minlash borasidagi muammolar hal etilgan. Sababi, Vetnam elchixonasi vakili jamloqda yurtdoshlari bilan birga yashab, ular uchun jon kuydirib turibdi. Boshqa elchixona vakillari ham o‘z fuqarolarining holidan tez-tez xabar olib, oziq-ovqat, kundalik ehtiyoj narsalari bilan ta‘minlab turishibdi.

- Ikki kun oldin elchixonamizdan ikki kishi keldi. Hech bo‘lmasa, narsalarimizni kiritishda yordam beringlar, deb iltimos qildik. "Yo‘q-yo‘q, o‘zlaring hal qilaveringlar, bizni vaqtimiz yo‘q" deb javob berishdi. Ular ketganidan keyin yana bizga nisbatan kamsitish kuchaydi. Elchixonaga qo‘ng‘iroq qilsak, "hozir o‘zimiz qaytib qo‘ng‘iroq qilamiz" deb go‘shakni qo‘yib qo‘yishdi. Boshqa gaplasha olmadik, - deydi o‘zbek muhojiri.

Lagerda saqlanayotgan muhojirlarning so‘zlariga ko‘ra, ularga 4 kishiga 1 ta tish cho‘tkasi va pastasi, shampun ajratilgan. Boshqa masalalarda ham shunday. Dam olish kuni kir mashinasi olib kelingan, o‘zbeklarni qo‘yishmagan. Telefonga quvvat olish uchun o‘zbeklardan 10 minutiga 100 rubl talab qilib qo‘ydirishmoqda.

- Kechqurunlari tojik yigitlar bizga tahdid qilishayapti, - deydi Sevinch. - Politsiyaga murojaat qilsak, isbot kerak, deydi.

Ayni paytda Rossiya bo‘ylab noqonuniy mehnat muhojirlarini qo‘lga olish reydlari davom etmoqda. Har kuni yuzlab muhojirlar ushlanib, chet ellik muhojirlarni vaqtinchalik saqlash markazlarida saqlanmoqda. IIV matbuot xizmati mazkur lager avgust oyining so‘ngiga qadar yopilishini ma‘lum qildi. Ammo buning o‘rniga yangi jamloq qonuniy ravishda tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Buning uchun FMX xizmati 2000 kishilik o‘ringa ega maskan izlamoqda. Podmoskovedagi 3 ta bolalar lagerlari avariya holatidaligi uchun ma‘qul qo‘rilmadi. IIV hamda FMX matbuot xizmati jamloq borasidagi ma‘lumotlarni bekitishga urinayapti, ammo u yerda ommaga oshkor bo‘lib ulgurgan sharoit va noinsoniy munosabatlar huquq faollari tomonidan jiddiy e‘tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Shu kungacha "muhojirlar ovi" va ularni noqonuniy saqlashga oid bir necha norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bugun ham Moskva shahrida ikki yirik piket uyushtirilishi e‘lon qilindi.

"Grajdanskoye sodeystviye" komiteti va Rossiya sotsial harakati tomonidan tashkillashtirilayotgan ushbu piketlarda mingdan ziyod kishilar ishtirok etishi kutilmoqda.