Aleksey Navalny millatchimi?

Image copyright RIA Novosti
Image caption Aleksey Navalny aksil-Putin chiqishlari va korruptsiyani fosh qiluvchi loyihasi bilan ko‘p rossiyaliklar dastagiga erishgan

Noqonuniy muhojirlar, va umuman muhojirlar Rossiya siyosatchilari va muxolifatchilari uchun oson nishonga aylanmoqda. Bu ayniqsa saylovoldi kampaniyalari doirasida seziladi. Rossiyaning oxirgi parlament saylovlari ortidan yuzaga kelgan noroziliklar to‘lqini ichida Aleksey Navalny liberal lider bo‘lib sahnaga chiqqandi. U ham endi Moskva hokimligi uchun o‘z kampaniyasini olib borar ekan, oxirgi chiqishida o‘z ayol qo‘shnilari muhojirlardan hadiksirab ko‘chaga chiqishga qo‘rqayotganlarini aytdi.

Uning aytishicha, tojik erkaklarining 40 foizi Rossiyaga kelib o‘rnashib olgan, Moskvadagi og‘ir jinoyatlarning 50 foizini muhojirlar sodir etayapti. Navalniy o‘tmishda millatchi qarashlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan. Ho‘sh, u o‘zi qanday siyosatchi? Va uning oxirgi bayonotlari haqiqatga yaqinmi? BBC bu haqida moskvalik jurnalist, fergananyus.som sayti muharriri Daniil Kislovdan so‘radi.

Kislov: Agar Navalnyning shaxsiyatini bir chetga surib, aynan mana shu raqamlar haqida gapiradigan bo‘lsak, bu tarzda chiqish qilish va bunday raqamlarni keltirish - bu nafaqat qip-qizil yolg‘onni gapirish, balki zararli yolg‘onni gapirishni anglatadi. Bunday chiqish ashaddiy millatchilarga xos narsa. Shu paytgacha Rossiyada bironta ham hukumat yo muxolifat siyosatchisi bunchalar haqiqatdan mutlaqo yiroq bo‘lgan, to‘qib chiqarilgan afsonalarni gapirmagan. Bu afsonalar allaqachon tarqab ulgurgan. Olomon oldida chiqish qilayotgan millatchi har doim bir maqsadni ko‘zlaydi va nozik raqamlarga berilib o‘tirmaydi, chunki olomonga nozik haqiqatning qizig‘i yo‘q. Olomonga balandparvoz shiorlar kerak. Navalny qip-qizil irqchi bayonot qila turib, ilk marta ochiq-oydin kimligini namoyish qildi. Chunki bu shiorlarni irqchilar va millatchilar qo‘llaydilar. Raqamlarga kelsak, ular allaqachon rad etilgan. Moskva bo‘ylab 1,5-2 million muhojirlar bor, ular orasida ko‘pi bilan 400,000 tojik bordir. Butun jahon tojiklarining 40 foizi bu yerda deb aytish - telbalik. Og‘ir jinoyatlarning 50 foizini muhojirlar amalga oshirayotgani borasidagi raqamni ham allaqachon Ichki ishlar vazirligi va tergov qo‘mitasi kabi mas‘uliyatli idoralar rad etishgan. Moskva bo‘yicha muhojirlar qilayotgan jinoyat aslida atigi 4 foiz atrofida. 96 foiz jinoyatni mahalliy xalqning o‘zi qilayapti. Shunday ekan, Navalny keltirayotgan raqamlar qo‘rqinchli darajada haqiqatdan yiroqdir! Muhojirlar bu yerga ishlash uchun keladilar, ular orasida o‘z ishini yo hujjatlarini yo‘qotib qo‘ygan va jinoyatga qul urgan kam sonli odamlar bor. Bizda turli tushunchalarni aralashtirib yuborishni yaxshi ko‘rishadi. Mana qarang, rasmiylar muhojirlar ko‘pligi va ular bilan kurashish vaqti kelganini aytishadi, ularga ko‘ra Moskvadagi 40 foiz jinoyatni "kelgindilar" qiladi deyishadi. Demak, ular "muhojir" so‘zini ishlatib turib, orqasida "kelgindilar" haqida so‘zlaganlarida, xalq orasida chet eldan kelgan odamlar haqida tasavvur paydo bo‘ladi. Aslida esa 40 foiz jinoyatni hamma kelgindilar sodir etayaptilar, ular orasida Moskva viloyatidan yo boshqa viloyatlardan kelgan ruslar ham bor. Chunki Rossiyaning ichida ishchi kuchini ko‘chishi juda avj olgan. Va jinoyatlarning aksar qismini rossiyalik kelgindilarning o‘zlari sodir etishayapti. Lekin, olomonga buni qizig‘i yo‘q.

Image copyright RIA Novosti
Image caption Moskva bozorida politsiyachi do‘pposlanishi ortidan muhojirlar yoppasiga qo‘lga olina boshlandi va 600 nafari chodirlar lageriga joylashtirildi

BBC: Navalny agar Moskva hokimi bo‘lsa, siz aytgandek, to‘qib chiqarilgan muhojirlar muammosini o‘zi qanday yechmoqchi? Uning dasturi amali bormi?

Kislov: Bilasizmi, men bir necha oydan beri shaxsan o‘zim uchun Navalnyning muhojirlar borasidagi mavqeini aniqlashtirishga urinayapman. Hozircha buning uddasidan chiqa olmadim. Chunki uning o‘zi muhojirlar borasidagi biron dasturini amalini oshkor qilgani yo‘q. Unda bir necha takliflar bor, xolos. U ham bo‘lsa, viza rejimini tadbiq qilish. U federal darajadagi lavozimga emas, balki Moskva hokimligiga saylanishga urinayotgani hisobga olinsa, u bu viza rejimini qanday tadbiq qilmoqchi, bilmadim. Lekin, u to‘xtamay viza haqida gapiradi. Bu bilan u olomonning bir qismini o‘ziga og‘dirayapti. Navalnyda dasturi amal emas, faqat ommabop shiorlar bor. Ikkinchidan, uning fikrida muhojirlar mahalliy hokimiyatning korruptsiyalashishiga sabab bo‘layapti va ularning sonini qisqartirish kerak. Eng qayg‘uli tarafi shuki, uning shiorlari irqchilik hissi bilan to‘yintirilgan. Agar u mana shu muammolar haqida betaraflik bilan, ilmiy va beozor tilda gapirganida edi, shaxsan men uni kechirgan bo‘lardim, lekin uning har kungi chiqishlari menda unga nisbatan adovatni uyg‘otayapti. Ayni damda, boshqa masalalarda, masalan korruptsiya masalasida Navalny menga juda yoqqandi.

BBC: Ko‘plar uning korruptsiya bilan kurashi tufayli Navalny tarafdoriga aylanganlar. Uning tarafdorlari o‘zi kim? Tasvirlab bera olasizmi? Qaysidir rossiyalik tahlilchi Navalnyda birozgina liberalizm, birozgina ijtimoiy masalalar, va birozgina millatchilik mujassam bo‘lgan, deb yozgan. Shuning uchun u ko‘plarga yoqadimi?

Kislov: Men jamiyatshunos, siyosatshunos yoki olim emasman, shuning uchun bu haqida gapirish men uchun oson emas. Lekin, o‘z tajribamdan kelib chiqib gapirishim mumkin. Men Rossiya fuqarosi sifatida bo‘layotgan voqealarga va siyosatga juda qiziqaman. Men Navalny haqida birinchi marta 2011 yilda nohaqliklar bilan o‘tgan parlament saylovlari ortidan eshitdim. Bu saylovlarga qarshi noroziliklar Rossiyaning juda keng qatlamlarini o‘zida mujassam qildi. Navalny shu noroziliklar to‘lqini orasidan liderlardan biri bo‘lib bosh ko‘tardi. Uning o‘tmishda millatchi guruhlar rahbari bo‘lgani haqida hech nima bilmasdim. Uning shaxsi bilan qiziqa boshladim, va ko‘plar qatorida uning aksil-korruptsion faoliyati uchun menda ham unga nisbatan xayrixohlik paydo bo‘ldi. Uning asosiy loyihasi RosPil deb nomlanadi. Bu haqiqatdan ham juda qiziq va yaxshi loyiha, chunki u orqali Navalny hukumatning yuzini, jinoyatlarini, o‘g‘irliklarini ochib beradigan ma‘lumotlarni oshkor qilib keladi. Bu namoyishlar ortidan Navalny RosVыborы degan yana bir loyihani ilgari surdi. Bu loyiha doirasida saylovlarni kuzatish yo‘lga qo‘yildi. Lekin boshida unga ko‘ngil qo‘ygan tarafdorlar endi o‘zgara boshladilar. Chunki Navalny ilk loyihalari bilan ko‘tarilib olib, o‘z saylov siyosatini yurg‘iza boshladi va nima uchundir muhojirlik mavzusini o‘zlashtirib oldi. Shuning uchun, uning ba‘zi tarafdorlari undan yuz o‘gira boshlashgan. Ba‘zi olim do‘stlarimning aytishlaricha, Navalny liberal lagerni parchalab yubordi. Chunki ba‘zi liberallar uning aksil-muhojirlik chiqishlari e‘tiborga olmaslikka urinishayapti, chunki u baribir Putindan yaxshiroq deyishayapti. Boshqa liberallar esa, "Yo‘q, uning aksil-muhojirlik chiqishlari uning qolgan barcha ijobiy xususiyatlarini chippakka chiqardi" deyishayapti. Uning aynan mana shu sobiq ishqibozlari bugun Moskvada aksil-muhojir siyosatga qarshi norozilik namoyishini o‘tkazayaptilar, men ham unda ishtirok etaman. Shunday ekan, Navalnyning tarafdorlari o‘zgarayapti.