Rifat Gumerov: "Totalitar tuzum bizni tark etgani yo‘q..."

Image caption Rifat Gumerov: "Biz tilsiz mahluq emasmiz..."

O‘zbekistonda hukumat tomonidan to‘sib qo‘yilgan internet saytlari orasiga xabarlarga ko‘ra, pravoslavlarning www.pravoslavie.ru sayti ham qo‘shilgan. Uzmetronom.com nashrining yozishicha, Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi matbuot xizmati www.pravoslavie.ru saytiga bir necha oydan beri O‘zbekistonda kirib bo‘lmayotganini aytgan. BBC O‘zbekistonlik taniqli rusiyzabon shoir, internet bloggeri Rifat Gumerov bilan bog‘lanib undan mamlakatda internet nashrlarga to‘siq qo‘yish tendentsiyasi haqidagi fikrlarini so‘radi.

Rifat Gumerov: Sho‘rolar davrida yashaganlar "Uzlit" nimaligini yaxshi bilishadi. Bu tsenzura. Mening ramziy bir ma‘noda atalgan uzlit.net degan saytim bor. Moskvadaga "GlavLit" bo‘lar edi. Qolgan barcha respublikalarda o‘zlarining tsenzura qo‘mitalari faoliyat yuritgan. "Uzlit" qaror bermaganiga qadar hech narsa nashr bo‘lmas edi. Mening ramziy bir ma‘noda atalgan uzlit.net degan saytim bor. Ya‘ni, xuddi "tsenzuraga yo‘q" deganday...

BBC: Ammo bu saytingizga to‘siq qo‘yilmagan ekan, shundaymi?

Rifat Gumerov: Ha, bu men uchun muhim bir masala… Mening saytim nafaqat xorijdagi vatandoshlar, balki o‘zbekistonliklar uchun ham mo‘ljallangan…Saytimda O‘zbekistonning rusiy adabiyoti antalogiyasi mavjud. Biz ozod rassomlarmiz… Avval bizni "anderground" deb atashar edi. Sho‘rolar davrida biz yer ostida va yo yerto‘lada edik, hozir ham shunday, biz hozir ham o‘z faoliyatimizni davom ettirmoqdamiz. Saytimiz ham hozircha ochiq.

BBC: Ammo O‘zbekistonda bir emas, bir necha internet nashrlari, tabiiyki ularning aksariyati mustaqil, muxolif va yo hukumat siyosatini ko‘pirtirib olqishlab bermaydiganlari yopiq qolmoqda. Internet O‘zbekiston hukumati uchun shunchalar qo‘rqinchlimi?

Rifat Gumerov: Rostini aytsam, men bunaqa harakatlarni " absurdiston" deb atayman. Hozirgi texnologiya asrida Sho‘rolar davridagi to‘siqlar va yo "glushilka"lar bilan biror ish qilish mumkin emas. Internetni to‘sib bo‘lmaydi. O‘shanda BBC, "Amerika ovozi" to‘lqinlarini "urib" tashlashardi. Men eslayman u davrlarni… Hozir buning imkoni yo‘q. Kimga kerak bunaqa bema‘nilik? Absurd. Kafka realliklariga o‘xshaydigan bir holat… Snoudenni, Assanjni eslang? Ularni uddalab bo‘lmadi! Hech narsa bugungi kunda maxfiy va yo qattiq sir bo‘lib qolmaydi. Berkitish qiyin…

BBC: Lekin mana siz Kafkani tilga oldingiz, "absurdiston" dedingiz... Ammo hukumatning bu "to‘siqlar" o‘yini anchayin ayyorlik emasmi? Masalan, u qaysidir internet nashriga to‘siq qo‘yib, bu bilan boshqalarga, bu o‘rinda xalqqa o‘sha saytning "dushmanligi"ga ishora qiladi. Qiynoqlar muttasil qo‘llaniladigan, muxolif fikrga mutlaqo toqat qilinmaydigan O‘zbekistondagi qo‘rquv ruhiyatining o‘ziyoq odamlarda ichki tsenzurani shakllantirmaydimi?

Rifat Gumerov: Ha, bu qo‘rquv… Qo‘rquv bizga meros bo‘lib qolgan. Totalitar tuzumdan qolgan bu qo‘rquv… Bilasizmi, aslida biz totalitar tuzumdan chiqmadik. Faqat tashqi ko‘rinishni o‘zgartirdik, xolos. Men uchun butun sobiq sho‘ro hududi xuddi o‘lik bir hududday tuyuladi… Bu davlatlarning barida u yoki bu ma‘noda ana shu qo‘rquv bor. Totalitarizm tirik. Men bu davrni yashaganman. Men uchun bir tabiiy holga aylanib qolgan desam bo‘ladi. Ammo bilasizmi, inson agar bir narsani chin dildan istasa… qilishi kerak! Boshqacha bo‘lishi mumkin emas? Jim o‘tirib bo‘lmaydi… Yana qancha jim o‘tirish kerak? Biz qul emasmiz! Tilsiz bir mahluq emasmiz. Biz insonmiz, axir!