Moskvadagi norozilik chiqishlarida noqonuniy jamloqlar qoralandi

Moskva shahrining uch joyida kontslager va muhojirlar oviga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

"Grajdanskoye sodeystviye" qo‘mitasi tashkil etgan Strastnoy bulvaridagi Visotskiy haykali yonida 100 ga yaqin, Rossiya sotsial harakati tashkilotchiligidagi "Krasnaya vorota" metro bekati yaqinidagi mavsumiy ishchi haykali yonida taxminan 60 nafar, Internatsional ishchilar qo‘mitasi tashabbusidagi kontslagerdan uncha uzoqda bo‘lmagan "Pervomaysk" savdo markazi yonida 10 dan ziyod kishini jamlagan namoyishlar hech qanday tazyiq va qo‘lga olishlarsiz o‘tdi.

- "Insonlarning sharmandali oviga chek qo‘yish" shioridagi namoyishimiz orqali o‘z munosabatimizni ifoda etayapmiz, - deydi "Grajdanskoye sodeystviye" qo‘mitasi rahbari Svetlana Gannushkina. – Tadbirimiz aynan shu masalaga bag‘ishlandi: muhojirlar ovi - Rossiya uchun katta sharmandalik, bunga chek qo‘yish kerak. Menimcha, shu kabi har bir chiqishimiz orqali maqsadimizga erishamiz. Kecha yana bir bor lagerda bo‘ldim va u yerda qo‘shni davlatlar vakillari, suriyaliklar, afg‘onlarning yo‘qligini ko‘rdim. Suriyaliklarning vaqtinchalik boshpana olayotganliklari haqidagi xushxabarni eshitdim.

Gannushkinaning fikriga ko‘ra, bunday lagerlarni Favqulodda vaziyatlar vazirligi insonlar yordamga muxtoj bo‘lgandagina tashkil etishi mumkin. Insonlarni kuch bilan ushlab turish uchun chodirlar qurilishi bu qonunlarga zid.

- Mehnat muhojirlari jamiyat uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi, - dedi qo‘mita rahbari. – Bu muammo bilan kurashish emas, uni hal qilish lozim. Noqonuniy bo‘lsa, qonuniy ishlashlari uchun imkon berish to‘g‘riroq.

Shuningdek, Gannushkina lagerdagi o‘zbeklar taqdiri haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

- O‘zbeklar ayni paytda chet elliklarni vaqtinchalik saqlash markazlarida ushlab turilibdi. Bu muammolar ham tez kunda hal etiladi, deya umid qilamiz, dedi u.

Norozilik namoyishchilari orasida muhojirlar taqdiri uchun jon koyitayotganlar bilan birga, ularni Rossiyadan chiqarib yuborilishi tarafdorlari ham bor edi.

- Osiyoning eng qoloq odamlari kelishgan bu yerga, - deydi Nadejda Azarova. – men muhojirlarning bolalari o‘qiydigan maktabda ishlayman. Til bilishmaydi, madaniyat darajalari past. Moskvaliklar tarbiyali odamlar, ularga toqat qilishga majbur bo‘lishayapti. Muhojirlar bu piketlar ma‘nosini tushunayotgani ham yo‘q, ular himoya qilishimizga arzimaydi.

Namoyish ishtirokchisi dog‘istonlik Layla Raguzina esa millatlaro insoniy munosabatlar borasida so‘zladi.

- Mamlakatimizda ro‘y berayotgan voqealardan tashvishdamiz. Insonlar ovi taraqqiylashgan jamiyat uchun chidab bo‘lmas holat. Men gurjilarni ovlashganini ko‘rgandim. Endi vetnamliklar, navbatdagisi kim bo‘ladi, tushunarsiz. Eng yomoni, Moskvada sodir bo‘layotgan reydlar oblastlarga ham tarqalmoqda. Hujjat tekshirish mumkin, ammo bu qo‘lga olishlarning nima hojati bor edi?!

Ikki soat davom etgan norozilik namoyishi so‘ngida "Grajdanskoye sodeystviye" qo‘mitasi jamoasi lager va muhojirlar ovi borasida xukumatga o‘z talablarini e‘lon qildilar.

Ular lager zudlik bilan bekitilishini, aksilmuhojir kampaniyalarga barham berishni, bu kabi millatlararo nizolarni keltirib chiqaruvchi barcha harakatlarni to‘xtatishni hamda muhojirlarning huquqlarini poymol etmaslikni talab qilganlar.