Ostonada "terrorchi" guruh a‘zolariga hukm o‘qildi

Image copyright AFP
Image caption Mintaqaning eng badavlat davlatiga ham diniy aqidaparastlik xavf solmoqdami?

Ostona mahkamasi poytaxtda qator portlash va suiqasdlar uyushtirishda ayblangan guruh ustidan hukm chiqargan. Guruh tashkilotchisi Serik Qo‘shaloqov 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan va mol mulki musodara etilsin deyilgan. Qolgan ayblanuvchilarga 5,5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi belgilangan. Ayblanuvchi tomon tergov va mahkamaning adolatsiz o‘tganini bildirgan.

Tergov materiallaridan ayon bo‘lishicha, Qo‘shaloqov terroristik guruh tuzgan va guruhning maqsadi terror aktlarini sodir etish orqali Qozog‘istonda Xalifalik qurishni maqsad qilgan.

Sudlanuvchilarga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga ularni o‘ldirish va qurollariga egalik qilish niyatida hujum qilishni tashkillashtirgan, degan ayb qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari terrorizmda ayblanganlar poytaxtdagi Tinchlik va totuvlik saroyini portlatish, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi binosiga hujum va yuqori lavozimli rahbarlarga suiqasd qilish kabi ayblovlar oldinga surilgan.

E‘tiborga molik yana bir jihati shuki, sudlanuvchi Ali Sharipovning voyaga yetmagan turmush o‘rtog‘i Ostonadagi Opera va Balet teatrini ochilish marosimida xudkushlik sodir etishni rejalashtirgan deyilmoqda. Teatrning ochilish marosimiga prezident Nazarboyevning ishtiroki kutilayotgandi.

Jinoiy ish uyushtirilgan

Sudlanuvchilar mahkama zalini "Ollohu akbar" deya takbirlar bilan tark etishgan.

Sudlanuvchilarning qarindoshlari yaqinlarini Ollohni suygani uchun qamashdi, deyishgan.

Guruh lideri deya ko‘rilgan Serik Qo‘shaloqovning turmush o‘rtog‘i Madina Qo‘shaloqova tergov jarayoni va mahkamaning adolatli o‘tganini so‘roq ostiga olgan.

U qo‘lbola portlovchi moddalar turmush o‘rtog‘ining bazasiga tashlab qo‘yilganini da‘vo qilgan. Portlovchi moddalarni Qo‘shaloqovning iltimosiga ko‘ra olib kelganini aytgan guvoh, sud zalida Qo‘shaloqov undan bu borada hech narsa so‘ramaganini aytgan.

"Sudlanuvchilarning orasiga tergovga tanish bo‘lgan maxsus odam kiritilgan, ammo bu narsani biz bilmaganmiz. Ana shu odam Sharipovni turli gaplar buzg‘unchilikka chorlagan va chizmani bergan. Bu narslarni hammasini u bergan. Nima uchun u sudlanuvchilar bilan birga emas", - degan Madina Qo‘shaloqova.

Madina Qo‘shaloqova tintuv davomida ularning uyidan faqatgina 100 ming tanga (653 dollar) va 700 dollar topilganini aytgan, ushbu pullar ham ashyoviy dalil sifatida olib ketilgan.

Qo‘shaloqovani ajablantirayotgan yana bir jihat shuki, tergov boshlangan vaqtida guruh lideri deya Ali Sharipov ko‘rilgan. Uning turmush o‘rtog‘i xudkushlik sodir etishi rejalashtirgani aytilgan. Ammo keyinchalik noma‘lum sabablarga ko‘ra tergov Qo‘shaloqovni yetakchi deya tanishtira boshlagan.

Madina Qo‘shaloqova mahkama qaroridan noroziligini va apellyatsiya murojaat qilishini bildirgan.

Qozog‘iston musulmonlar ittifoqi rahbari Murat Telibekov respublikada jinoiy ishlarni qalbakilashtirish odatiy holga aylanayotganini va bu narsani salkam chorak asrdan beri taxtda o‘tirgan Nazarboyevning qarib borayotgani bilan izohlaydi.

"Bundan ikki oldingi chiqishlarimizda Qozog‘istonda yovuz niyatli kishilarga ov boshlanish pallasi kelishini bashorat qilgandik. Unda Qozog‘iston prezidentiga suiqasdlarni fosh qilishlar bo‘lishini aytgandik. Afsuski, mana shu narsalar bugunga kelib amalga oshmoqda", - deydi Murat Telibekov

Telibekov janoblari bundan 10 yil oldin Nazarboyev hali tetik va atrofdagi hodisalarga sog‘lom fikr bilan qaragan kezlarda bu kabi loyihalarni amalga oshirishni tasavvur qilib bo‘lmasligini aytadi.

37 yoshli Serik Qo‘shaloqov tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. U polietilen paketlar ishlab chiqargan va Ostonadagi masjidlardan birining oldida tez pishar taom sotuvchi tamaddixonasi bo‘lgan. Unga sherikchilikda ayblanayotgan Ali Sharipov Qo‘shalaqovning tamaddixonasida ishlagan.