Misr inqirozi: Jamloqlarga qarshi amaliyotni jahon qoralamoqda

Image caption Armiya dastaklayotgan zo‘ravonlik qurbonlaridan biri

Misrdagi tinch norozilik namoyishchilarining jamloqlariga qonli bosqin xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralanmoqda.

Qudratdan chetlatilgan Mursiy janoblarining tarafdorlari uyushtirgan norozilik namoyishlariga qarshi harbiylarning amaliyoti davomida 400dan ortiq inson qurbon bo‘lgan.

O‘tgan oy boshlarida namoyishchilar ikki jamloq barpo etishgan va Mursiy janoblarini qudratga qaytarish talablarida sobit qolishayotgan edi.

Misr shaharlarida favqulodda holat joriy etilgan.

Amerika Davlat kotibi Jon Kerri harbiylarning so‘nggi amalini "murosa harakatlariga jiddiy putur yetkazadigan o‘ta achinarli amal" deya ta‘riflagan.

Ovro‘po Ittifoqi tashqi ishlar rahbari Ketrin Ashton va BMT Bosh kotibi Pan Ki Mun ham namoyishchilarga qarshi zo‘ravonlikni qoralashgan.

Musulmon Birodarlariga ko‘ra, Chorshanba kuni harbiylar tomonidan uyushtirilgan bosqin amaliyoti chog‘ida 2000 dan ortiq inson qurbon bo‘lgan.

Armiya dastaklayotgan hukumatga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab amaliyotlar chog‘ida 235 nafar tinch fuqaro qurbon bo‘lgan, ular orasida 45 nafar politsiya xodimlari ham bor.

Bu raqamlarni mustaqil manba tomonidan tasdiqlashning imkoni yo‘q.

Muvaqqat Bosh vazir Hazem Beblaviy namoyishchilarga qarshi amaliyotni himoya qilib chiqqan.

Unga ko‘ra, xavfsizlikni tiklashning boshqa imkoni bo‘lmagan.