Hasan Choriyevning besh yilu ikki oyga qamalgani yaqinlaridan sir tutildi

Image caption Hasan Choriyev ustidan mahkama qarori oila a‘zolari ishtirokisiz chiqarilgan

19 yashar qizning nomusiga tajovuz qilishda ayblangan 71 yoshli Hasan Choriyev Qarshi shahar Jinoiy ishlar bo‘yicha mahkamasi tomonidan besh yilu ikki oyga ozodlikdan mahrum etilgan.

Bu haqda hukm chiqarilganidan sakkiz kun o‘tib, Hasan Choriyevning yaqinlari va "Birdamlik" harakati faollarining tinimsiz surishtiruvlari natijasida himoyachi Meli Xolmirzayev nihoyat ularga ma‘lum qilgan.

Bundan oldin Choriyevning oila a‘zolari himoyachi Meli Xolmirzayev prokuratura, sud foydasiga ishlayotgani va Hasan Choriyevga chiqarilgan hukm o‘zlaridan sir tutilayotgani sababli himoyachi xizmatidan voz kechish haqida ariza yozgan edilar.

Biroq ularning shikoyatlariga qaramasdan, Meli Xolmirzayev Hasan Choriyev ishi bilan shug‘ullanishda davom etgan.

"Birdamlik" harakatining faoli Malohat Eshonqulovaning aytishicha, mahkama chiqargan hukm nusxasi nega oila a‘zolariga berilmayotgani haqida himoyachidan so‘rashganida, u sud raisi Orif Elmurodovning topshirig‘i shunday bo‘lganini bildirgan.

Shuningdek, Xolmirzayev sudyaga ham, himoyachiga ham aybdorga chiqarilgan hukmning nusxasini berish majburiyati yuklanmaganligini ta‘kidlagan.

Malohat Eshonqulova himoyachidan "nega hammaga beriladigan hukm nusxasi aynan Choriyevlar oilasiga berilmagani, otaning 5 yilga qamalgani sakkiz kundan buyon sir tutilgani" haqida so‘raganida, himoyachi hukm chiqqanligi ham, hukmning nusxasi ham Choriyevlar oilasiga yetmasligi haqida topshiriq bo‘lganini aytgan.

Meli Xolmirzayev hakam o‘ziga "Hasan Choriyev oila a‘zolari atrofida har qanday xabarni dunyoga doston qiladigan ig‘vogar kishilar yurishibdi va ular mahkama qarorini internetga chiqarib yuborishlari mumkin"ligidan ogohlantirgan.

Malohat Eshonqulovaga ko‘ra, "xorij ayg‘oqchilari" deb o‘zi va mustaqil himoyachi Shuhrat Rustamov nazarda tutilgan.

"Nega hakam o‘zi chiqargan hukmning haqqoniyligiga ishonsa, uni ommaga oshkor etilishidan, internetda muhokama bo‘lishidan qo‘rqadi?" - deydi Malohat Eshonqulova.

"Hasan Choriyev nomusiga tegdi degan qiz yana 17 kun o‘tgach, boshqa yigitlar o‘ziga tegajog‘lik qilganini aytib ariza bergani qanday tushunish mumkin? Bu "nomusi toptalgan bechora qiz" huquq tartibot organlarining yaxshigina biznesiga aylanganini ko‘rsatadi", deb aytadi "Birdamlik faoli.

Ayni paytda Hasan Choriyevning yaqinlari u bilan uchrashuvga ruxsat so‘rab qilgan murojaatlari natijasiz qolayotganini aytishmoqda.

Himoyachi Meli Xolmirzayev Hasan Choriyevning oila a‘zolariga Eshonqulova va Rustamov bilan aloqa qilishni to‘xtatib, ularga axborot berishni bas qilishsa, otalari bilan uchrashuv tashkil qilishga va‘da bergan.

O‘g‘lining siyosiy faoliyati uchun javobgar?

Hasan Choriyevning o‘g‘li, AQShda yashayotgan "Birdamlik" rahbari Bahodir Choriyev o‘zining siyosiy faoliyati uchun hukumat otasini jazolayotganini aytadi.

Bundan oldin ham Hasan Choriyev "tuhmat" qilishda ayblanib, mahkamaga tortilgandi.

Jinoyat ishiga uning Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani hokimi ustidan Milliy Xavfsizlik Xizmatining mahalliy bo‘limiga shikoyat bilan murojaat qilgani sabab bo‘lgan.

O‘z arizasida u tuman hokimini dastlab o‘ziga tegishli, keyinchalik esa mahkama qarori bilan davlat qaramog‘iga o‘tkazilgan 37 gektar yerdan noqonuniy foydalanishda ayblagan.

Mahkama arizachining da‘volarini rad etgan va Hasan Choriyevning o‘zini yirik miqdordagi jarimaga tortgan edi.

Bu galgi hibsga olish ham sirli tarzda ro‘y bergan.

Hasan Choriyev yo‘qolib qolgandan bir necha kun o‘tgandan so‘ng u Qarshidagi tergov izolyatorida ekani ma‘lum bo‘lgan.