Ukraina Rossiya bilan chegaradagi "bojxona qamali"dan qancha zarar ko‘radi?

Image copyright RIA Novosti
Image caption Bundan oldin Roshen shokoladlari bilan bog‘liq muammo paydo bo‘lgan edi

Ukraina siyosatchilari Rossiyani o‘zlariga qarshi savdo urushini boshlaganlikda ayblamoqdalar.

Ularga ko‘ra, Ukraina Ovro‘po Ittifoqi bilan hamkorlik bitimini imzolaganidan keyin bu urush boshlangan.

Rossiya Bojxona qo‘mitasi cheklov kiritganidan keyin yuzlab yuk avtomobillari ikki mamlakat chegarasida to‘planib qolgan.

Bir biznes guruhga ko‘ra, Rossiyadan Ukrainaga eksport deyarli butkul to‘xtatilgan.

Moskva Kievning Ovro‘po Ittifoqiga integratsiya rejasiga doim qarshilik ko‘rsatib keladi.

Ukraina mahsulotlari Rossiya chegarasida ushlab turilgani orqasidan tahlilchilar mamlakat eksporti yo‘qotadigan foydani hisoblab chiqishga ulgurishdi.

Ularning hisoblariga qaraganda, Rossiya bojxonasi Ukraina ishlab chiqaruvchilariga yetkazadigan zarar 2 milliardga yaqinni tashkil qilishi mumkin.

Bunda eng ko‘p zarar oziq-ovqat mahsulotlari ta‘minotchilari hissasiga to‘g‘ri kelishi aytilmoqda.

Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, 2013 yilning ikkinchi yarmida Ukrainaning Rossiyaga import mollari qariiyb 9 milliard atrofida bo‘lishi kerak.

Hozirda Rossiya bojxona maskanlarida Ukraina mahsulotlari ortilgan yuzlab yuk mashinalari va minglab vagonlar to‘planib qolgani aytilmoqda.

Ayni paytda Rossiya hukumati bojxona muammosiga aloqasi yo‘qligini rasman xabar qildi.

Biroq Rossiya Bojxona xizmati qayta tekshiruvlarning sababini izohlamagan.

Ukraina vaziri Nikolay Azarov ham chegarada kelishmovchiliklar borligi, lekin ular u qadar jiddiy emasligini ta‘kidladi.

Shunga qaramasdan, "Obolon", "Inkerman" va ko‘plab konditer shirkatlari mahsulotlarini Rossiyaga eksport qilishni to‘xtatganlarini e‘lon qilishdi.

Ukrainaning "Otpor"jamoatchilik harakati mamlakat fuqarolarini Rossiya mahsulotlariga bayqot qilishga chaqirdi.

"Go‘sht, pishloq, shokolad va boshqa mahsulotlarga Kremlning Ukraina bilan urushi jonga tegdi!" - deb yozishdi "Otpor" a‘zolari Facebook tarmog‘i orqali.

O‘tgan yili Ukraina pishloqlari bilan bog‘liq janjal katta shov-shuv bo‘lgan. Yaqinda esa Rossiya Ukrainaning Roshen shokoladlari tarkibida shubhali moddalar topilganini aytib, mamlakatga kiritilishini taqiqlab qo‘ygandi.

Xalqaro Savdo palatasi vakillari va kuzatuvchilarga ko‘ra, tinimsiz davom etayotgan tekshiruvlar Ukrainaga siyosiy bosim o‘tkazish vositasi bo‘lishi mumkin.

Ertaga, 16 avgustda savdo mojarolarini hal qilish bo‘yicha ikki tomonlama muzokalar bo‘lib o‘tishi mo‘ljallanmoqda.

Ukraina o‘z navbatida "bojxona qamali" uchun Ovro‘po Iqtisod Qo‘mitasiga shikoyat qilishini bildirgan.