Gulnora Karimovaning "topildig‘i", nasroniylarga bosim va "Boinglar" haqida

Image caption Gulnora 200 dollar topib olgan

Gulnora Karimova "oddiy Toshkent ko‘chasini" kezib yurib 200 dollar topib olgani haqida Twitterdagi mushtariylariga va salkam dunyoga daragini berishi ortidan soatlar o‘tib internetning "sarig‘u oq" saytlariga sizib chiqdi.

Tabiiyki, uning folloverlari orasida Gulnoraning qanchalar oliyjanob ekanligi haqida bong uradiganlar safi kengayaveradi…

Gulnora alohida mehr bilan ta‘rif qilgan "chiroyli taxlangan" 200 dollarning egasi ham chiqib qolishi mumkin…har qalay, 200 dollar bu 200 va yo hatto 5000 O‘zbekiston so‘mi ham emas…

Uzmetronom sayti allaqachon bu "topildiq" haqida o‘ziga xos kinoyasini chop etib ulgurdi.

"Oddiy Toshkent ko‘chalarida" 200 dollarning "tushib" qolgani nashrga ko‘ra, tobora farovonlashib borayotgan turmushdan nishonadir.

Forum 18 nasroniylarga bosimlardan xavotirda

Asosan nasroniylarning manfaatlarini himoya qiluvchi Forum 18 tashkilotining xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Baptistlar Ittifoqiga tegishli yerdan judo qilishmoqchi ekan.

Bu yer nasroniylar tomonidan bolalar va oilalar uchun yozgi ta‘til jamlog‘i o‘laroq ishlatib kelingan.

O‘zbekiston hukumati endilikda ayni yer uchastkasi 2000 yilda noqonuniy shaklda sotib olinganini iddao qilayotgan ekan.

Forum 18 xabar berishicha, Samarqand viloyatida protestant mazhabidagilarga tegishli boshqa bir bolalar jamlog‘iga jami qariyb 50 nafar militsiya va mulozimlar bostirib kirishgan. Ular o‘zlari bilan jamloqdagi adabiyotlarni tekshiruv uchun olib ketishgan. Forum 18 nasroniy faollarga nisbatan jinoiy ish ochilishidan xavotirga tushganlar.

"Boing bu - Boing"

Image copyright AFP
Image caption "Boing, bu- Boing..."

Prezident Karimov Boing shirkatining vitse-prezidenti Reymond Konner bilan uchrashgan.

Oqsaroyda kechgan uchrashuv davomida Karimov Boing shirkatiga olqishlar yog‘dirgan.

"O‘zbekistonda "Boing" juda mashhur. Biz 18 yildan beri shirkatingiz ila hamkorlik qilamiz. O‘zbekistonda odamlar "Boing bu Boing" deyishadi", deb aytgan Karimov.

Bugun O‘zbekiston havo yo‘llarida 15ta Boing shirkati ishlagan uchoq bor.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, 2016 yilgacha O‘zbekiston ikkita Boing 787-800 Dreamliner sotib olish niyatida ekan.