Braziliya 2014: Iordaniya yana bir xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazmoqchi

Image copyright jfa.com
Image caption Iroqqa qarshi o‘yin - Iordaniya pley-off bellashuvlariga qadar o‘tkazajak uchinchi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘ladi

Iordaniya milliy terma jamoasi 6 sentyabr kuni O‘zbekistonga qarshi 2014 yilgi jahon chempionati pley-off bosqichi ilk uchrashuvida maydonga tushishdan avval iroqlik raqiblariga qarshi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazmoqchi.

Agar, Xalqaro Futbol Uyushmalari Federatsiyasi (FIFA) rasmiy taqvimiga qaralsa, o‘yin 28 avgust kuni rejalangan va Iordaniya poytaxti Ammanda bo‘lib o‘tadi.

Bu - Iordaniya pley-off bellashuvlariga qadar o‘tkazajak uchinchi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘ladi.

Bu orada O‘zbekistonning biror bir xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi-o‘tkazmasligi borasida hozircha rasmiy xabarlar yo‘q.

Iroq esa, 14 avgust kuni Chiliga qarshi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushib, raqiblariga 0:6 hisobida yengilgandi.

O‘zbekistonning Turkiyaga qarshi xuddi shu kunga rejalangan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi bekor qilingandi.

O‘zbekiston tomoni buning sababini rasman izohlamagan.

Ammo Turkiya Futbol uyushmasi rasmiy web sahifasida bunga havo haroratining yuqoriligi va O‘zbekiston Futbol Uyushmasi lozim sharoitlarni yaratib berolmasligini bildirishi sabab bo‘lganini ma‘lum qilgandi.

Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi bekor qilinishi ortidan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi mahalliy klublardan biriga qarshi o‘rtoqlik-nazorat uchrashuvi o‘tkazishni rejalagandi.

Ammo 14 avgust kuni jamoa ikkiga bo‘lingan holda, ikki alohida murabbiy - Mirjalol Qosimov va Ahmadjon Musayevlar boshchiligi ostida o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi.

O‘yinda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov futbolchilari 3:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi kecha 15 avgust kuni Toshkentda 2014 yilgi jahon chempionati pley-off bosqichiga hozirlik doirasida o‘tkazilgan uch kunlik yig‘inini yakunladi.

Toshkentdagi yig‘in va o‘rtoqlik uchrashuviga O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasining qator sara futbolchilari doxil 26 nafar futbolchi jalb etilgan, ammo ularning orasida legionerlar yo‘qligi aytilgandi.

"JAR" stadionida kechgan o‘rtoqlik uchrashuvida kiritilgan har uch to‘pni ham O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi yetakchi yarim himoyachisi Jamshid Iskanderov o‘z hisobiga yozdi.

O‘zbekiston Yoshlar milliy terma jamoasi yaqinda Turkiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida tarixib natija qayd etib, ilk bor birinchilikning chorak finaliga chiqqandi.

Jamshid Iskanderovning mahorati birinchilik chog‘ida ham ko‘plab futbol mutaxassislarining e‘tiroflariga sabab bo‘lgandi.

Urugvay allaqachon Osiyo jamoasiga qarshi

Image caption Osiyo qit‘asidan plef-off bosqichi bellashuvlari g‘olibi 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqish uchun eng katta ehtimol bilan Urugvayga qarshi to‘p suradi

2014 yilgi jahon chempionatiga chiqishda O‘zbekistonning ehtimoliy so‘nggi raqibi Urugvay 14 avgust kuni Yaponiyaga qarshi safarda xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib, to‘rt karra Osiyo chempionini o‘z maydonida 4:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Ya‘ni, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida shu yil 6 va 10 sentyabr kuniga rejalangan pley-off bosqichi bellashuvlari g‘olibi Osiyo qit‘asidan jahon chempionatiga so‘nggi yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun Janubiy Amerika saralash bahslarida beshinchi o‘rinni egallagan raqibini yengishi shart bo‘ladi.

Bu jamoaning esa, eng katta ehtimol bilan Urugvay bo‘lishi kutilmoqda.

Ushbu tur bellashuvlari shu yilning 15 va 19 noyabr kunlariga rejalangan. Ilk o‘yin Osiyo qit‘asida bo‘lib o‘tadi.

Asosan Urugvayning ustunligi ostida kechgan o‘yinda yaponlardan Kagava, Xonda, urugvayliklardan esa, Forlan(ikki marotaba), Suares va Gonsaleslar to‘plarni o‘z hisoblariga yozishdi.

Shunday qilib, Osiyoning eng kuchli jamoasi Urugvaydan o‘z maydonida mag‘lub bo‘ldi.

Xuddi o‘sha kuni bo‘lib o‘tgan yana bir xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida boshqa bir Osiyo vakili – Janubiy Koreya Peru bilan durang (0-0) natija qayd etdi.

14 avgust kuniga rejalangan o‘ndan ortiq o‘rtoqlik bellashuvlarining yana birida Iroq Chiliga 0:6 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Ayni o‘rinda shuni eslatib o‘tish joizki, Yaponiya va Janubiy Koreya allaqachon 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqib bo‘lishgan.

Osiyoning eng kuchli jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi esa, Urugvay uchun 2014 yilgi jahon chempionati pley-off bosqichiga tayyorgarlik vazifasini o‘tadi.

O‘zbekistonning pley-off bosqichidagi dastlabki raqibi Iordaniya 6 va 9 avgust kunlari Falastin va Liviyaga qarshi ikkita xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgan va har ikki uchrashuvda ham g‘alaba qozongan.

Ammo jamoa 15 avgust kuni o‘tkazgan va g‘alaba qozonishini da‘vo qilgan 2015 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqich saralash bellashuvlarining navbatdagisida Suriya bilan 1:1 durang o‘ynadi.

O‘zbekiston va Iordaniya milliy terma jamoalari o‘rtasidagi pley-off bellashuvlarining ilk uchrashuvi 6 sentyabr kuni Iordaniya poytaxti Amman shahrida bo‘lib o‘tadi.

Oradan to‘rt kun o‘tib esa, javob uchrashuvida O‘zbekiston iordaniyalik raqiblarini Toshkentda qabul qiladi.

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, har ikki raqibga ham hozircha jahon chempionatiga chiqish nasib etmagan.

Ikkovlon so‘nggi bor bir-birlariga qarshi to‘p surgan eng nufuzli bellashuv 2011 yilgi Osiyo Kubogi bo‘ladi.

Ya‘ni, so‘nggi Osiyo Kubogining chorak finalida O‘zbekiston Iordaniyaga qarshi to‘p surgan va raqibini 2:1 hisobida mag‘lub etgandi.