Umida Ahmedova: "Rossiyadagi o‘zbeklar orasidagi mehr-oqibat qani?"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Xalqaro ko‘rgazmalari bilan yaxshi tanilgan toshkentlik fotograf Umida Ahmedova Moskvada politsiya zobiti tomonidan to‘xtatilgani va hujjatlari ko‘rsatilishi talab qilinganidan xafa bo‘lganini bildirgan.

Umida Ahmedovaning Moskva politsiyachisiga "Qanchalar mehmondo‘stsizlar, mana nihoyat meni sezib qoldinglar", degan so‘zlariga politsiyachi jiddiy tarzda "Sizni shu paytgacha sezmagan bo‘lsak, demak yaxshi ishlamayotgan ekanmiz", deya javob qaytargan.

Ahmedova xonim 2009 yilda O‘zbekistondagi qishloq hayotini aks ettiruvchi suratlari va ayollar va erkaklar orasidagi notenglik aks etgan videofilьmi uchun mahkama tomonidan o‘zbek xalqini va qadriyatlarini haqorat qilishda aybdor deb topilib, jarimaga tortilgandi. U xalqaro sahnada qator mukofotlar sovrindori.

Suratkash Rossiyada ta‘lim olgan va Rossiyadagi madaniy tadbirlarga tez-tez taklif qilinadi.

Image caption Umida Ahmedova asl o‘zbek an‘analarini jahonga tanitgan suratkashdir

"Manga ta‘sir qildi. Men darrov o‘zimizning o‘zbeklarni o‘yladim. Ko‘pchiligi rus tilini bilmaydi, hujjatlarini vaqtida to‘g‘irlay olmaydi, yoki hujjatlari joyida bo‘lsa ham, lo‘nda-lo‘nda gapira olmaydi. Darrov o‘shalar hayolimga kelib ketdi", - deydi Ahmedova xonim.

Oxirgi bir necha hafta davomida Rossiyada mehnat muhojirlariga ov kuchaygan. Qurilish va bozorlar, shirkatlar va turar joylarga reydlar o‘tkazilib, muhojirlar politsiya bo‘limlariga olib ketilayapti.

Bu kabi ov nafaqat politsiya, balki millatchilarning maxsus guruhlari tuzgan "Russkaya zachistka" (Ruscha tozalash) aktsiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Mehnat muhojirlarining turar joylariga hujumlar uyushtirilib, mol-mulki talon-taroj qilinmoqda.

Ahmedova xonimning aytishicha, bu ovlar davom etar ekan, Rossiyadagi o‘zbek yurtdoshlari orasida bir-biriga bo‘lgan mehr-oqibat yo‘qligi ayon bo‘layapti.

"(Muhojirlar uchun ajratilgan lagerga qarshi) piketda o‘zbeklarni himoya qilish uchun bir tatar kampir chiqibdi, "man Tojikistonda yashaganman, bularni ho‘r qilayotgani menga yoqmaydi" deb. Qani bizning ziyolilar, shu yerda yaxshi kun ko‘rayotgan ziyolilar? Menga tegmasa bo‘ldi, deb ish qilishadi", - deydi u.