Avstraliyada O‘zbekiston paxtasiga qarshilik

Image caption Avstraliyada O‘zbekiston paxtasiga qarshilik

Avstraliya gazetalarining bugun yozishicha bu mamlakatda tikilgan kiyim-kechakning 93 foizi qaysi paxtadan ekanligi noaniqdir.

Bu degani bolalar mehnati qo‘llanilgan paxta ham ushbu kiyim-kechak ichida mavjud bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston dunyoda eng ko‘p paxta ishlab chiqaradigan mamlakatlar orasida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi, deydi bu gazetalar.

Jumladan Kanberra Tayms gazetasining yozishicha O‘zbekistonda 10 yashar atrofidagi bolalar ham maktabdagi o‘qishlaridan olinib "Karimov hukumati tarafidan haftasiga 70 soatli ishga majbur etilishadi".

Avstraliya Modalari hisoboti kiyim-kechak tikadigan 40 shirkatni tekshirib, bulardagi 128 brend, yoki tijoriy tamg‘alar orasida Brands Supre, Abercrombie & Fitch, Abercrombie & Fitch, Lacoste va Specialty Group kabilarini O‘zbekiston paxtasiga boykot kiritmaganlikda ayblangan.

40 shirkatdan faqat 20-si O‘zbekiston paxtasiga boykot kiritishgan.

Avstraliya gazetalarining bu hisobotga tayanib yozishicha Bangladeshda ishlatiladigan paxtaning 35 foizi O‘zbekistondan yetkaziladi. Bangladeshdan Avstraliyaga kelgan kiyim-kechakning hajmi esa 2007 yili $16 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2012 yili $287 millionga yetgan.

Rivers, Woolworths va Coles kabi shirkatlar O‘zbekiston paxtasini boykot etishmagan, deb yozadi The Age gazetasi.

Jumladan Rivers shirkatining matbuot vakili bu holni izohlab, "Bizning shirkat o‘zining etik standartlarini chop etgan va bu standartlarga rioya qiladi" - deb ayblovni chetga qoqqan.