"Kallaginangga...tuxum..."

Image caption Ed Millibandga otilgan tuxum

Shu oy boshlarida Britaniya muxolifati lideri Ed Millibandning naq kallasiga... hatto Britaniyaday bir mamlakatda yashaydigan norozi va yo bir o‘zbek ta‘biri bilan aytsak, noshukur fuqaro xom tuxum bilan tushirib qoldi.

Milliband xalq bilan uchrashaman deb ko‘chaga chiqqan ekan.

Britaniya muxolifatining rahbariday odamni O‘zbekistondagi biror rahbarga solishtiradigan bo‘lsak, ehtimol bu... yo‘g‘-ey, bunaqa rahbar O‘zbekistonda nima qilsin? Kinoya emas, achchiq-tiziq ham emas, bor yo‘g‘i haqiqat. Muxolifat bo‘lsa rahbar bo‘ladi, shunday emasmi?

Ammo tuxum bor har ikki mamlakatda...

Milliband janoblari janubiy Londonda bunaqa "oq-sariq" hujumga uchrar ekan, o‘lar kunidan bir kuldi.

"Bu hodisa umrimda ilk bor yuz berayotgani yo‘q, aminmanki oxirgi safar ham emas!" – deb bag‘rikenglik qildi.

Tuxumdan kallani tozalagan bo‘lib "xalq bilan o‘zgacha, yangi yo‘ldagi aloqalarni " mustahkamlash harakatlarini davom ettiraverdi...

Xavfsizlik xizmatidagilar tuxum otgan odamni topishdi, qolaversa, u kuyib pishib yashiringani va yo oyog‘ini qo‘liga olib qochgani ham yo‘q.

Din Porterdan uning bu qilig‘iga izoh so‘rashganida, u: "Men unga ishonmayman!" - deb javob bergan.

"Ular banklarga imtiyozlar berishni to‘xtatishlari kerak. Ular hech narsa qilishayotgani yo‘q! Hukumat hech narsa qilayotgani yo‘q! Muholifat ham hech narsaga qo‘l urmayapti!" - deb noligan tuxumotgich Din Porter.

"Men ularga ishonmayman, kambag‘allar ularga yuk. Ularning fikri-zikri faqat bankirlarda!" - deb qo‘shib qo‘ygan u.

Muxolifatga ishonmagani uchun atay uning lideriga tuxum otgan bu shovvoz…

Tuxum va iqtisod haqida

Image copyright AFP
Image caption "Qaysi kalla tuxumga arziydi?"

AQSh sobiq prezidenti Jorj Bushga tuflisini yechib irg‘itgan iroqlik jurnalist yodingizdami?

Jurnalist Muntadar az-Zaidiy, "Mening xatti-harakatim har qanday iroqlikniki kabi tabiiy edi", deb o‘zining gunohsiz ekanini urg‘ulagan edi.

Bushni "ko‘ppak" deb atar ekan, iroqlik jurnalist, bu o‘z vatanida beva va yetimlarning "vido bo‘sasi" edi deb aytgandi.

Dunyo bo‘ylab iroqlik jurnalist bir kecha-kunduzda qahramonga aylangandi.

Davlatdorlarni tanqid qilish va yo ularga nisbatan bu kabi yarim isyon va yarim hurmatsizlik bilan munosabat qilish O‘zbekiston uchun mutlaqo yot bir holatdir.

"O‘ynashmagin arbob bilan arbob urar har bob bilan" degan maqol-aqida bilan sug‘orilgan zehniyat bilan odatda amaldorning har qanday qilig‘i bosh egilgan, qo‘llar ko‘krakka qo‘yilgan holi qabul qilinadi.

Tuxum bilan biror bir siyosatchining kallasini chovlash esa…misli ko‘rilmagan hodisa bo‘lur edi.

Amaldor doim haqmi?

Doim adolat bilan ish qiladimiki bu amaldorlar norozi xalqning otadigan nimarsasi yo‘q?

Tuxum qimmatroqmi?

Kosov, paqir va yo tosh haqida

Ammo bizda ham otadigan narsalar oz emas.

Qiziq, ularning aksariyati sinmaydigan va isrof bo‘lmaydigan nimarsalardir…

Masalan, qishloq joylarida bo‘lsa, odatda jahl otiga minganlar ayollarmi va yo erkaklar, yana odatda o‘zlaridan kichikroq yoshdagilarga paqirmi, kosovmi va yo otashkuraknimi otishadi.

Mo‘ljal noto‘g‘ri olinadi aksar holatlarda va aniqki, hatto 50 qadam nariga borib tushadigan bo‘lsa ham kosov sinmaydi, teshik paqir yana teshilib qolmaydi…Ammo jahldan tushasiz.

Jahlingizni chiqargan kelinmi, o‘g‘ilmi, qizmi va yo qo‘shni sizning bu "hujumingizdan" xulosa chiqarib oladi, bu ham odatda shunday bo‘ladi, noodatiy holatlar ham yo‘q emas… qo‘shni bo‘ladigan esa, ba‘zida javoban toshmi kesakmi siz tomon uchib kelishi ham mumkin…

Yana tuxumga qaytsak …

"Ertalab nonushtaga ko‘rmaydigan tuxumni bir zo‘rning kallasiga otib nima baraka topasiz?", deb so‘raydi yoshi yetmishlardan ortgan o‘zbekistonlik suhbatdoshim.

Rostda, bu mantiq va hozirgi hayot haqiqatlari bilan hisoblashsangiz, ham tuxumga kuyasiz va ham besh-olti yil umringiz panjara ortida "kuyib ketishi" mumkin.

Tuxumni pishirib va yo qaynatib yegan ma‘qulroq.

Siz nima deyciz?

Siyosiy va yo davlat arbobi nimadir otishga arzisa, siz nimani tanlaysiz? Tuxummi, kosovmi, paqirmi va yo?..