"Rossiya muhojirlik qonunini buzganlarning 70 foizi o‘zbekistonlik"

Image copyright AFP

Rossiya bo‘ylab o‘tkazilayotgan "tozalash" tadbirlari davom etmoqda. O‘tgan hafta mobaynida 2000 dan ziyod reyd o‘tkazilib, 5,5 mingga yaqin qonun buzilish holatlari aniqlangan. Qonunbuzarlarning 70 foizi o‘zbekistonliklar, deb xabar qilinmoqda.

Saylovoldi harakatlar jabrdiydalari

Rossiyaning turli hududlarida yuzlab, Moskva shahri, viloyati va Leningrad viloyatlarida minglab muhojirlar qo‘lga olingan. E‘tiborlisi, Rossiya Federal Mmigratsiya Xizmati vakolatiga kiruvchi bu tadbir ayni paytda politsiya xodimlari, jamoatchilik tomonidan amalga oshirilmoqda.

Dog‘istonlik tomonidan kaltaklangan politsiyachi uchun o‘ch sifatida boshlangan "muhojirlar ovi" bugungi kunda saylov uchun ko‘rgazmaga aylanib qoldi. Shahar va viloyat hokimligiga nomzodlar mahalliy aholining mehnat muhojirlariga nisbatan yot qarashini bilgan holda, ularni tutish, mamlakatdan chiqarib yuborish singari amaliy ishlar bilan xalqining e‘tibori va hurmatini qozonishga urina ketdilar.

Muhojirlar uchun lager tashkil etilishi davomida Moskva oblastining "Sadovod" bozorida 1000 dan ziyod, Odintsovo tumanida 1800 nafar, Lyubertsida 2856 nafar muhojirning qo‘lga olinishi saylovoldi kampaniyalarida merlikka nomzodlarning amaliy ishlari yaqqol misoliga aylandi.

Moskva shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Sergey Sobyanin esa muhojirlar mavzusiga to‘xtalib, "bizga taxminan bir million chamasi mehnat muhojiri kerak", dedi. Sobyaninga ko‘ra, bu muhojirlar markaziy osiyoliklar emas, Rossiyaning turli hududlaridan kelib ishlovchilar, ya‘ni ukrainlar, beloruslar bo‘lishi lozim. "Bu odamlar rus tili va slavyan an‘analarini yaxshi biladi", deya fikrini aniqlashtirdi merlikka nomzod.

Avgut oyining o‘rtalalarigacha Moskva dunyo e‘tiborida bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan hafta ommaning e‘tibori Sank-Peterburg shahriga qaratildi. U yerdagi "ruskaya zachistka" oqibatida yuzlab muhojirlar jabr ko‘rdi.

Sank-Peterburgdagi yirik "tozalash" tadbirida bozorlar va qurilish binolarida qo‘lga olingan yuzlab mehnat muhojirlari muhojirlarni saqlash markazlarida joy yetishmasligi sababli avtobuslarda tunaganlar.

Ayni paytda esa muhojirlar Kingissepskiy shossesidagi sakkiz qavatli binoda saqlanmoqda. Qamoqxonani eslatuvchi sim to‘rli beton devor va panjarali derazalar o‘rnatilgan bino 170 o‘ringa mo‘ljallangan, hozirda esa unga 300 dan ziyod muhojir joylashtirildi. OMONchilar qo‘riqlayotgan binoga jurnalistlar kirishi taqiqlangan. FMX shahar boshqarmasi matbuot xizmatining bergan ma‘lumotga ko‘ra, muhojirlarni vaqtinchalik saqlash markazlaridagi joy yetishmasligi muammosi hal etiladi. Ammo muddati va manzili borasida aniq ma‘lumot yo‘q.

"Ikki-uch kun ichida bu muammoni aniq hal eta olmaymiz, ammo vazifa qo‘yilgan. Unga ko‘ra, muhojirlarni ma‘muriy javobgarlikka tortish tartiblariga o‘zgartishlar kiritish yo‘li bilan qonunni buzgan muhojirni mamlakatdan chiqarib yuborish osonlashadi. Shu tariqa muhojirlar soni kamayadi" – dedi matbuot xizmati.

"OMON"chilar bosqinchiligi

Image copyright AFP GETTY IMAGES
Image caption Avgust oyining o‘rtalarigacha Moskva dunyo e‘tiborida bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan hafta ommaning e‘tibori Sank-Peterburg shahriga qaratildi

Sankt-Peterburgda "ruscha tozalash" tadbiri kutilmagan vaziyatlarni ham yuzaga keltirdi. O‘tgan seshanba ertalab soat 7 larda OMONchilar va oddiy sport kiyimidagi o‘ndan ortiq kishilar muhojirlar yashayotgan yotoqxonaga bostirib kirib o‘g‘irlik qilishdi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ular muhojirlarni urgan va xo‘rlashgan, qimmatbaho buyumlarini olib qo‘yishgan va hatto yeguliklarigacha toptab tashlashgan.

O‘zbek, tojik, ozarbayjon millatiga mansub muhojirlarni to‘rt soat davomida qo‘llarini orqasiga qilib devorga tirab turgizishgan chog‘ida talonchilik amalga oshirilgan. O‘zbekistonlik Azamat Haydarovning aytishicha, bu yotoqxona arzon bo‘lgani uchun ko‘chib kelganiga endi bir yarim oy bo‘lgan. Non tashuvchi bo‘lib ishlovchi Azamat ishdan kelib yurtdoshlarini kaltaklashganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.

– Menga xotinim OMON kelgani haqida SMS yubordi – dedi Haydarov. – Kelsam, singlimga sovg‘a uchun olib qo‘ygan noutbugimni o‘g‘irlashibdi. Otam rak kasali, uni ko‘nglini ko‘tarish uchun tilla soat sotib olgandim, u ham yo‘q. Men ularni peshona terim evaziga qiynalib topgandim, o‘g‘irlab ketishibdi. Xotinimning hamyoni, pullarimizni, ikki juft yangi poyafzalimizni olishgan.

Guvohlarning aytishicha, politsiya xodimlari kastryuldagi sho‘rvaga kir yuvish porshogini sepishgan.

– Paketdagi unni olib xonaga sochib tashlashdi, – deydi Rustam. – Divanlarni ag‘darib tashlashdi. – Shunday bo‘lishini bilganimda bu yerda yashamasdim, deydi Azamat. – Politsiyaga ariza berish uchun borganimizda, bizni odam o‘rnida ko‘rib qabul qilishmadi. O‘z muammolaringizni o‘zingiz hal qiling, deyishdi.

Bir ofitser esa "Hammang bu yerdan yo‘qol! Shikoyat qilsangiz, muammoingiz ortadi" deya quvib solgan.

Azamatning aytishicha, OMON xodimlarining bir-biriga "kiringlar, kimga nima kerak bo‘lsa olaveringlar, muhojirlar baribir bizga hech nima qila olmaydi", deganini eshitgan. Bir yosh muhojir qochmoqchi bo‘lganda to‘rt politsiyachi quvib tutishgan.

- Uni xuddi futbol to‘pidek bir-biriga oshirib tepishdi. Oyog‘ida tura olmay qolib yiqilgach, bagajni ochishdida, lattadek tiqib qo‘yishdi, deya esladi Azamat.

Bu OMONchilardan jabrlangan birgina kishi emas. Politsiya xodimlari buyragiga tepgan G‘olib Qosimovning ahvoli og‘irlashganida "tez yordam" chaqirildi, ammo shifokor muhojirni kasalxonaga olib ketishni istamadi. Politsiya urganini bilgach, yotgan joyida ukol qilish bilan cheklandi.

O‘zbekistonlik Mavluda Hasanova ham ishlab yig‘ib yurgan 90 ming rubl (3000 dollar atrofida) pulidan ayrildi. "Xatto tangalarimgacha yig‘ib ketishibdi", deydi u.

Sankt-Peterburg politsiyasi bu boradagi muhojirlarning shikoyatini rad etgach, "Memorial" tashkiloti huquq faollarining aralashuviga to‘g‘ri keldi.