Dushanbe shahrida suv muammolari bo‘yicha xalqaro anjuman boshlandi

Tojikiston davlat televideniyesi Dushanbe shahrida boshlangan xalqaro anjumanni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatishni boshlagan.

Tojik ommaviy axborot vositalari xabar qilishicha, xalqaro konferentsiyada Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay Hamkorlik tashkiloti, Islomiy Hamkorlik tashkiloti, Xalqaro Suv Kengashi kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning vakillari Dushanbeda yig‘ilganlar.

Anjumanda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 70 dan ortiq a‘zosi yig‘ilgani, unda mamlakatlar bosh vazirlari, vazirlar va boshqa yuqori lavozimli mulozimlar ishtirok etayotgani xabar qilingan.

Konferentsiyada 900 dan ortiq ishtirokchi qatnashayotgani aytilgan.

Anjuman qatnashchilari qarshisida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ma‘ruza qilgan.

Ikki kunlik konferentsiya mobaynida qator majlislar bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan.

Bu majlislar inson taraqqiyoti uchun, iqtisodiy maqsadlar uchun va atrof-muhit manfaati yo‘lidagi suv hamkorliklari mavzulariga bag‘ishlanishi xabar qilingan.

Ushbu anjuman O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida Rog‘un gidroelektr loyihasi ustidan taranglik kuzatilayotgan paytda bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston bu loyihaning atrof-muhitga, xususan, seysmologik aktiv tog‘ hududida qurish boshlanganidan noroziligini bildirib keladi.

Rejalangan Rog‘un to‘g‘oni balandligi kelajakda O‘zbekiston paxta dalalarini suvsiz qoldirishi ehtimolidan xavotir izhor qilinadi.

Shu sabab O‘zbekiston bu loyihaning xalqaro ekspertlar tomonidan har taraflama o‘rganilishi talabini ilgari surgan.

Jahon Banki mutaxassislarining bu boradagi xulosalari yaqin orada e‘lon qilinishi kutiladi.