"Afg‘onistondan bir konteynerni Termizdan olib chiqish 30000 Yevroga tushadi"

Image copyright AFP
Image caption Pokistondagi hujumlar NATOni shimolga ko‘z tikishga undagan

Rossiya bilan Afg‘onistondagi xalqaro kuchlar koalitsiyasi Rossiyaning Ulyanovsk shahridagi tranzit markazi bo‘yicha kelisholmaganlar.

Bu haqda Moskvada nashr qilinadigan "Kommersant‘" ro‘znomasi xabar qilgan.

Ro‘znomaning NATO va rossiyalik mulozimlar orasidagi manbalariga tayanib xabar tarqatishicha, NATO kuchlari Rossiya hududidan foydalanish o‘rniga Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston yoki Pokiston hududini afzal topgan.

2014 yilda Afg‘onistonda joylashgan xorijiy qo‘shinlar, ularga tegishli texnika va jihozlarni olib chiqish mo‘ljallangan.

2012 yili Rossiya va xalqaro kuchlar koalitsiyasi qo‘shinlar va texnikani olib chiqishda Rossiyaning Ulyanovsk shahridagi aeroportdan foydalanishga kelishganlar.

Reja bo‘yicha harbiylar va texnika ortilgan uchoqlar Afg‘onistondan Ulyanovsk shahriga parvoz qilishi, keyin esa temir yo‘l orqali bu yuklar Boltiq dengizi sohilidagi bandargohlarga yetkazilishi va vatanlariga yetkazilishi mo‘ljallangan.

G‘arb mamlakatlariga tegishli yuklarni tashish vazifasi Rossiya shirkatlariga yuklanadigan bo‘lgan.

"Kommersant‘"ning NATOning bosh qarorgohidagi manbasiga ko‘ra, Rossiyadagi shirkatlar o‘zlarining xizmatlari uchun haddan tashqari baland haq so‘raganlar.

Ro‘znomaga Rossiya hukumat doiralaridagi manbaning aytishicha esa Ulyanovskdagi "Vostochniy" olib o‘tish markazidan NATOdagilar foydalanmaslikka qaror qilganining sababi jo‘n: alyansdagilar Moskvaga qaram bo‘lib qolishdan cho‘chishgan.

"Kommersant‘" yozishicha, Moskvadagilar Afg‘onistondagi xalqaro kuchlar 100 mingdan ortiq konteyner va 60 ming transport vositasini olib chiqadilar deb mo‘ljallashgan.

Aytilishicha, Rossiya tomoni Afg‘onistondan yuklarni olib chiqish bilan faqat rossiyaliklar shug‘ullanadi degan talabni qo‘ygan.

"Ular esa narxlarni shunchalik ko‘tarib yuborishdiki, Xavfsizlikka ko‘maklashish Xalqaro kuchlari ishtirokchi-mamlakatlaridan birortasi ham bu yo‘nalishni jozibali deb topmadi", degan "Kommersant‘"ning NATOdagi manbasi.

Bu yo‘nalish bilan qiziqib ko‘rgan diplomatik manba hisob-kitobiga ko‘ra, o‘zining mamlakati uchun bir konteynerni Ulyanovsk orqali Afg‘onistondan qaytarib olish kelish 50000 Yevroga tushadi.

Bu manbaga ko‘ra, bir konteynerni O‘zbekistonning Termiz shahri orqali chiqarib olib kelish 30000 Yevroni tashkil etishi mumkin.

2012 yil dekabrida Britaniya hukumati sinov tariqasida o‘nlab konteynerlarini Afg‘onistonga Ulyanovsk orqali olib borgan va qaytarib olib kelgan.

Britan tomoni bu sinovni muvaffaqiyatli deb topgan.