"Turkmanistonda fuqaroligi bo‘lmagan o‘zbeklar huquqsiz"

Xorazmdagi "Najot" tashkiloti ko‘p yillar davomida inson huquqlariga doir monitoringlar o‘tkazib keladi.

Bu kuzatishlar davomida Markaziy Osiyoda mustaqillikka erishgan respublikalarda millatlararo munosabatlar tobora bahsli bo‘lib borayotgani, fuqarolar mahalliy hukumat, ba‘zan tub millat vakillari tomonidan "sen o‘zbek", "sen turkman", "sen tojik" kabi ajratishlarga duch kelayotganini qayd etgan.

"Najot" o‘z hisobotlarida xususan Turkmaniston va O‘zbekiston respublikalarida huquqlari toptalayotgan 3000 ga yaqin fuqaro borligini bildiradi.

"Najot" tashkiloti rahbari Xayitboy Yoqubovning aytishicha, mazkur holatlar bo‘yicha odamlar ularga hamon murojaat qilib, hech bo‘lmaganda farzandlariga fuqarolik olishda, huquqlarini himoya qilishda ko‘mak berishni so‘rashmoqda.

Yoqubovga ko‘ra, Xorazm viloyati Xiva tumani Dashyaq qishlog‘ida yashovchi fuqaro Komiljon Qurbonov Turkmaniston Prezidentiga murojaat qilgan xatini xalqaro tashkilotlar orqali yetkazishni iltimos qilib, Tashauz shahriga kelin bo‘lgan qizi Tamara Qurbonovaga Turkmaniston fuqaroligini olishda yordam qilishni so‘ragan.

Muammo shuki, mana sakkiz yildirki, Tamara kelin bo‘lib tushgan Turkmanistonda yashayotgani uchun har yili davlat xazinasiga 600 AQSh dollari hisobida boj to‘lamoqda.

Sababi u Turkmaniston fuqaroligini ololmay, O‘zbekiston fuqaroligicha qolgan.

O‘zbek millatiga mansub insonlarning ishga joylashishi qiyin. O‘zbekistonga o‘tish, bordi-keldi uchun chegara bojlarining ko‘pligi ikkita oila gardaniga juda og‘ir yuk bulmoqda, - deydi Hayitboy Yoqubov.

"Najot" tomonidan mazkur muammo yuzasidan o‘tkazilgan monitoringga ko‘ra, o‘zbek millatiga mansub fuqarolar kamsitilgani, ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlari, armiyada o‘lim bilan bog‘liq hodisalar sodir etilgani va boshqa ma‘lumotlar olingan.

Bunday muammo O‘zbekistonda ham qisman mavjud, deb aytadi Hayitboy Yoqubov.

Jumladan, Xiva tumani Xorazm ko‘chasi 79-uyda ijarada turgan, ikki qizning onasi So‘najon Azizova o‘ziga va farzandlariga "fuqaroligi yo‘q" degan O‘zbekiston pasportini olishga erishgan.

So‘najon Azizova 1986 yilda Tashauz shahrilik Rahim Niyazmetovga turmushga chiqqan. Eri 1990 yilda avtohalokat paytida o‘lgan. 1998 yilda qiyinchiliklar tufayli O‘zbekistonga, Xiva shahriga, onasining oldiga farzandlari bilan ko‘chib kelgan.

"Najot"ga murojaat qilgan So‘najon Azizova o‘zi va farzandlariga O‘zbekiston fuqaroligini olish uchun 2000 yildan buyon harakat qilib kelayotgani, ammo bu boradagi barcha harakatlari zoye ketganini bildirgan.

Shuningdek, u farzandlari marhum erining qarindoshlari oldiga chiqishdan, ular bilan bordi-keldi qilishdan mahrum qilinganini bayon etgan.

"Biz fuqaroliksiz bo‘lsak-da, bizni siyosiy harakatlarda, ya‘ni saylovda ovoz berish uchun taklif qilishadi, hatto o‘g‘limni armiyaga alternativ xizmatga jalb qilib, mendan pul undirib olishdi. Ammo men va farzandlarim tug‘ilib o‘sgan joyim, o‘z vatanimning qonuniy fuqarosi bo‘lishimiz uchun nimaga haqqimiz yo‘q? Bu boradagi xatlarimga javob ololmayapman" - deya dardini so‘ylaydi So‘najon .

"Najot" tekshiruvlari davomida Xorazmda yana ikki insonga "fuqaroligi yo‘q" degan pasport berilganini aniqlagan.

"O‘zbekistondaku shunday pasport berilar ekan. Turkmanistonda hatto shu ham yo‘q. Lekin ikki mamlakatda ham mazkur muammo yechimini kutayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi", - deydi Hayitboy Yoqubov.

"Najot" tashkiloti raisi ikki mamlakat Prezidentlari va mutasaddi idoralaridan mazkur masalaga jiddiy yondoshib, insonlar dardiga quloq solishishiga umid qilayotganini aytadi.