"Suriya inqirozida barcha qizil hoshiyalardan o‘tib bo‘lindi"

Image copyright Reuters
Image caption Xalqaro hamjamiyat Suriya hukumatiga nisbatan qattiq chora ko‘rishi lozimligi borasidagi chaqiriqlar kuchaygan

Suriyada kimyoviy quroldan foydalanilishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 1000 dan oshgani da‘vo qilinar ekan, xalqaro miqyosda ushbu hujumlar qattiq qoralanayapti.

BMTdan Suriya hukumatiga qarshi jazo choralarini joriy qilish talablari yangramoqda.

Suriya muxolifatiga ko‘ra, poytaxt Damashq sharqidagi G‘uta tumani bombardimonga tutilgan payti raketalar kimyoviy qurol bilan kallaklangan bo‘lgan.

Suriya hukumat kuchlari bir necha kundan bombardimon qilmoqda.

21 avgust kuni muxolifat kimyoviy qurol foydalanilgani oqibatida halok bo‘lgan insonlar soni 1000 dan oshganini xabar qildi.

Youtube portalida tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan insonlar aks etgan videolar paydo bo‘ldi.

Bu odamlarning ayrimlari o‘zlarini har tomonga urayotganlari, bolalar holsiz yotganlari ko‘rinadi.

BBC suhbatlashgan shifokor aytishicha, bolalarning aksarining nafas qisilgan, ko‘z qorachiqlari ma‘nisiz bo‘lib qolgan, og‘zilari tupukka to‘lib qolgan.

Muxolifatga ko‘ra, hujum tong paytida bo‘lgan, ko‘plab bolalar, ayollar va erkaklar uxlab yotgan joylarida halok bo‘lganlar.

Halok bo‘lganlarning soni 500 bilan 1300 atrofida ekani aytilmoqda.

Suriya muxolifati zudlik bilan hududga mamlakatda bo‘lib turgan BMT kimyoviy qurol nazoratchilarini kiritishni talab qilganlar.

Kecha BMT Xavfsizlik Kengashi G‘uta bo‘lgasidagi hujumni muhokama qilgan, kengash bayonotida kimyoviy qurol ishga solingani haqidagi xabar yuzasidan tezlik bilan xolis tekshiruv o‘tkazish talab qilingan.

Biroq Xavfsizlik Kengashi Suriya hukumati hozir Damashqda bo‘lib turgan BMT kimyoviy qurol nazoratchilarining G‘utaga yetib borib vaziyatni o‘zlari o‘rganishi talab qilingan bayonotni qabul qilmagan.

BBC muxbiriga ko‘ra, Xavfsizlik Kengashining doimiy a‘zolari hisoblangan Rossiya va Xitoy bunday bayonot qabul qilinishiga qarshi chiqqanlar.

BMT nazoratchilari 18 avgust kuni Suriyaga yetib borgan edilar.

Suriya hukumati kimyoviy qurol ishlatgani borasidagi ayblovlarni rad etadi.

Suriya armiyasiga ko‘ra, tinch fuqarolar kimyoviy quroldan halok bo‘lgani haqidagi xabarlar yolg‘on, bu narsa isyonchilar katta talofot berayotganidan ko‘pchilikni chalg‘itish maqsadini ko‘zlagan.

Suriya hukumatining ittifoqchisi Eronga ko‘ra, hukumatning janglarda qo‘li baland kelib turgan paytda kimyoviy qurolni ishga solishidan ma‘ni yo‘q.

Suriyada ham hukumat kuchlari va isyonchilar kimyoviy qurolni ishga solgani haqidagi xabarlar shu yil boshida tarqalgan edi.

AQSh Prezidenti Barak Obama Suriya hukumatini kimyoviy quroldan foydalanish "qizil hoshiya"dan hatlab o‘tish ekani haqida ogohlantirgan, bu hoshiyadan oshib o‘tish xalqaro kuchlarning Suriyaga harbiy ishg‘ol boshlashiga olib kelishi mumkinligini aytgandi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto‘g‘li xalqaro hamjamiyatni Suriya hukumati amallariga nisbatan chora ko‘rmayotganlikda ayblagan.

"Hamma qizil hoshiyalardan o‘tib bo‘lindi, lekin BMT Xavfsizlik Kengashi qaror qabul qilishga qodir bo‘lmadi. Bu qizil chiziqni belgilagan tomonlarning mas‘uliyati, va biz hammamizning mas‘uliyatimizdir", deb aytgan Turkiya tashqi ishlar vaziri.

Frantsiya Tashqi ishlar vaziri Loran Fabiusga ko‘ra, agar yuzlab insonlar o‘limiga sababchi bo‘lgan kimyoviy qurol hujumlariga Suriya hukumati mas‘ul ekani haqidagi da‘volar tasdiqlanadigan bo‘lsa xalqaro hamjamiyat bunga kuch bilan javob berishi zarur.