"Tohir Yo‘ldoshning pokistonlik qaynotasi o‘ldirilgan"

Image caption O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘z asoschisining bundan 4 yil oldin o‘ldirilganini tasdiqlagan

Pokistonning Janubiy Vaziristonida ro‘y bergan portlashda besh jangari halok bo‘lgan.

Pokiston ommaviy axborot vositalari xabar qilishicha, halok bo‘lganlardan biri qudratli qo‘mondonlardan biri G‘ulom Jon Vazir bo‘lgan.

U "Tehriki Tolibon Pokiston" harakati yetakchilaridan bo‘lgan.

G‘ulom Jon Vazirning qizi O‘zbekiston Islomiy Harakatining marhum rahbari Tohir Yo‘ldoshning rafiqasi bo‘lgani aytiladi.

2009 yil avgustida Amerikaning uchuvchisiz boshqariladigan uchog‘i otgan raketada halok bo‘lgan Tohir Yo‘ldoshning nechta rafiqasi bo‘lgani haqidagi ma‘lumotdan ko‘pchilik xabardor emas.

Pokiston rasmiylariga ko‘ra, portlash Vana shahridan 27 kilometr uzoqlikda Birmali Tehsil degan joyda 21 avgust kuni ertalabki soat 7 larda ro‘y bergan.

Masofadan turib boshqariladigan bomba jangarilar o‘tib borayotgan avtomobil yonida portlatilgani xabar qilinmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, avtomobil butkul vayron bo‘lgan.

Bu hududlar Pokiston Toliboni qo‘mondonlaridan Mavlaviy Nazir guruhi nazorati ostida deyiladi.

Mavlaviy Nazir avvalroq dron hujumida o‘ldirilgan.

U 2007 yil O‘zbek jangarilarini mazkur hududdan quvib chiqarishga uringani xabar qilingan.

BBC pokistonlik jurnalist Rahimilloh Yusufzaydan ushbu portlash haqida nimalar ma‘lum deb so‘radi.

Rahimulloh Yusufzay: Bizga ma‘lum bo‘lishicha, Janubiy Vaziriston markazi Vanadan 20 kilometr uzoqdagi qishloqda portlash yuz bergan. Qishloq Afg‘oniston chegarasi yaqinidagi Birmali Tehsil hududida joylashgan. Mahalliy qo‘mondonlaridan biri G‘ulom Jon Vazir o‘zining to‘rt nafar jangchisi bilan nobud bo‘lgan. Aytilishicha, bomba uzoqdan boshqariluvchi uskuna bilan ishga solingan. Hodisa ham mahalliy manbalar va ham rasmiylar tarafidan tasdiqlandi

BBC: Hujum kim tomonidan uyushtirilgani ma‘lummi?

Rahimulloh Yusufzay: Hali hech kim mas‘uliyatni zimmasiga olib chiqqani yo‘q. Ammo 2007 yil Vana hududidagi mahalliy jangarilar O‘zbek jangarilari bilan urushgan payt G‘ulom Jon o‘zbek jangchilari tarafidan jang qilgandi. Janglar mag‘lubiyat bilan yakun toparkan, O‘zbek jangarilari va ularga hamkorlik qilgan mahalliy qo‘mondonlar Vaziriston shimoliga ketishga majbur bo‘lishgandi. Xullas, O‘zbeklarni himoya qilgani uchun mahalliy jangarilar va qavmlar G‘ulom Jonga qarshi edilar. Ammo qavm oqsoqollari bilan muvaqqat sulhga erishilgach, G‘ulom Jon va boshqa qo‘mondonlar o‘z qishloqlariga qaytishgan va tinch yashab kelishayotgan bo‘lgan. Endi buyuk ehtimol bilan o‘sha paytda ularga qarshi jang qilgan mahalliy qo‘mondonlar undan o‘ch olishgan bo‘lishi mumkin.

BBC: G‘ulom Jon Vazir haqida yana nimalar ma‘lum? Uning O‘zbekiston Islomiy Harakati marhum rahbari Tohir Yo‘ldosh bilan qarindoshlik rishtalari bo‘lgani aytiladi. G‘ulom Jon Vazirning o‘limi O‘IH uchun nimani anglatadi?

Rahimulloh Yusufzay: Biz uning Vali Xil qavmidan ekanini bilamiz. U Janubiy Vaziristondagi Mana qishlog‘ida yashagan. O‘z vaqtida u juda qudratli, atrofga qo‘rquv sola oladigan qo‘mondonlardan sanalgan. U O‘zbekiston Islomiy Harakati ittifoqchisi bo‘lgan. Ammo, so‘nggi paytlar G‘ulom Jon qudrati, ahamiyatini yo‘qotgan, mag‘lub shaxs edi. Mening nazarimda, u o‘zini himoya qila olmagan, shu uchun o‘ldirilgan. O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari esa hozir Janubiy Vaziristonga kela olishmaydi. Sulhga erishilgach, faqat mahalliy qo‘mondonlarga qaytish izni berilgandi. Ammo, O‘zbeklar tarafidan turib kurashgan ushbu qo‘mondonlar yakkalab qo‘yilgan va birma-bir ularga qarshi hujumlar uyushtirilgan, bir nechasi hatto o‘ldirilgan. Shunday ekan, G‘ulom Jon Vazirning o‘limi O‘zbekiston Islomiy Harakati uchun u qadar ahamiyatli deya olmayman.

BBC: O‘zbeklar hozir asosan Pokistonning qaysi mintaqalarida faol?

Rahimulloh Yusufzay: Aksar O‘zbeklar hozir Shimoliy Vaziristonning Miron Shoh, Mir Ali mintaqasida. Ular amallab jon saqlab turishibdi. Ammo ayrimlari uchuvchisiz boshqariladigan uchoq hujumlari, ba‘zilari Pokistondagi mahalliy jangarilar bilan hujumlarda o‘ldirildi. Hozir Shimoliy Vaziristonda O‘zbeklarga qarshi amaliyotlar, qarshiliklar yo‘q va ular aksar mahalliy qavmlar, qo‘mondonlar bilan yaxshi aloqada. Ammo, O‘zbeklar hozir juda zaif, ularning jon saqlashlari oson emas. Janubiy Vaziristonda O‘zbek jangarilari juda kuchayib ketishgani va mahalliy qavmlar ishlariga aralasha boshlashgani haqida shikoyatlar bo‘lgan. Shu bois ularga qarshi hujumlar boshlangan va mintaqadan siqib chiqarilgan. Hozir O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘tgan hodisalardan saboq chiqargan, deyish mumkin. Ular hozir mahalliy aholining ishlariga aralashmaydi.