BBC Gashtak: Toshkentda olingan haydovchilik saboqlari

Image caption Toshkentda olingan haydovchilik saboqlari

Bu yil men Toshkentda pasportimni yangilayotgan chog‘im bir yo‘la haydovchilik darslariga ham qatnashmoqchi bo‘ldim.

Hozirgi kunda shaxsiy yo‘lda dars olish O‘zbekistonda ta‘qiqlangan va xususiy maktablar yopilgan.

Avvallari bu maktablar yordamida haydovchi huquqlarini dars yo sinovdan o‘tmasdan ham olish mumkinligiga barham berish uchun hukumat bularni noqonuniy qilib qo‘ygan. Burun boyagi maktablar gurkiraganda yangi haydovchilardan talayi qonun-qoida nimaligini bilmay yo‘llarda moshina surishgan, GAI esa bulardan pora olib yashnagan. GAIning topgan-tutgani jarimalarning hajmi birdaniga ortib ketganida yanada ziyoda bo‘lgan edi. Ko‘cha-ko‘yda yurgan gap: "Bunyodkor" stadioni qurilishini GAI gardaniga yuklashibdi, shuning uchun ularga ortiqcha daromad kerak bo‘lib qoldi qabilida edi. O‘zbekistonda haydash huquqi yo og‘zaki tilda "prava" degan narsani olish uchun endi uch oy davlat maktabida o‘qish lozim. Afsuski, men Toshkentga atigi bir oyga kelganim uchun to‘liq kursdan o‘ta olmasdim. Shuning uchun menga darslarni rasmiy instruktor o‘z ishidan keyin beradigan bo‘ldi.

Birinchi darsimizda u meni avtoparkka oldi. U yerda biz mashinani turgan yeridan siljitish, "skorost"larga solish kabi asosiy narsalarni uning Matis mashinasida o‘rgana boshladik. Qizig‘i shuki yigirma daqiqa mashqdan so‘ng domlam menga: "Mana endi katta yo‘lda ham haydashga qodirsan!" - dedi.

O‘sha payt ko‘chada yomg‘ir yog‘ib, oldindagi masofani deyarli ko‘rib bo‘lmasdi. Ustiga ustak kech soat emasmi, hamma ishdan chiqib mashinalarida uylariga shoshilgan, atrofimda kamikadzega o‘xshagan mashinalar vizzillab u tomon, bu tomon o‘tib ketishar edi. Mening xato qilishga haqqim yo‘q edi, yo‘qsa ular meniyu mening domlamni ushlab, ikkimizni davlat maktabining ruxsatnomasisiz yo‘lda yurishimiz uchun jazolardi.

Domlam menga qayta-qayta uqtirmoqchi bo‘lgan saboq - "skorost"ni mumkin qadar ko‘proq "neytral"ga qo‘yish edi. Sariq chiroqni ko‘rdingmi - neytralga o‘tib ol, pastlikka ketyapsanmi - yana "neytral"ni qo‘lla. Nimaga? - deb so‘rasam, u "Benzinni ekonom qilasan!" - deb javob berdi. Chindan ham O‘zbekistonda mahalliy narxlarga qaraganda benzin bahosi o‘ta qimmat. Vaqti bevaqt esa benzin defitsitga ham aylanib qoladi. Shunday paytda mahalliy xalq benzinni yanada qimmatroq bahoda "Koka Kola" shishalarida sota boshlaydi.

Ikki-uch darsdan keyin men domlamni almashtirmoqchi bo‘ldim. Yangi instruktorim ruscha gapirar, uni tushunishim ham osonlashdi. Uning Neksiya mashinasi ham haydash uchun qulayroq bo‘lib, avvalgi Matisdan ancha ustun edi. Bu domlam meni o‘qitishdan ham ko‘proq atrofimda hali ham g‘izzillab u taraf yo bu taraf o‘tib ketayotgan haydovchilarga baqirish bilan band bo‘ldi.

U ayniqsa "Zaporojets"larni va ularning tor ichidagi haydovchilarni xushlamasdi. "Zaporojets"ni u "Ukrain mo‘‘jizasi" deb atar, mening ularga yo‘l berishimga qarshi chiqardi. Men esa "Zaporojets"larni asosan kambag‘al chollar haydashini bilganimdan, ularga rahmim kelib, iltifot ko‘rsatishga urinardim.

Domlam "Moskvich"larning ketidan ham yurma, ular yo‘lda buzulib qolishi ehtimoli kuchli" - deb aytardi. "Moskvich"lar negadir ko‘proq uzun soqol qo‘ygan va domlam "boboy" deb ataganlar tarafidan haydalardi.

O‘zbekistonda haydovchilarning haydash uslublari ancha xavflidir. Asosan mittigina Matis minganlar yo‘l qoidalariga qarab o‘tirishmaydi: Mashinam har yerga sig‘adi degan xayolda ular yo‘l bo‘ylab mashinalarini jiltong‘-biltong‘ qilib haydashadi. Yo‘llarning o‘nqir-cho‘nqirlari ham xavfga xavf qo‘shishadi. Ikkala domlam ham bu chuqurlarga tushma deya, rulni kutilmaganda mening qo‘limdan yulib burvorishlari mumkin edi. Ba‘zilar esa atayin oldingizga o‘tib olib qo‘qqisdan mashinasini taqqa to‘xtatishadi-da, siz ularga borib urilsangiz - "Yap-yangi mashinamni pachoq qilding!" - deya ota go‘ri qozixona qilishadi. Urgan mashina haydovchisi ta‘mir uchun pul to‘lashi kerak.

Ba‘zi mashinalarga yaqinlashmagan durust. Bular qatorida diplomatik mashinalar, hukumat ulovlari, boyvachchalarning horijiy "inomarkalari". Ayniqsa "PAA" rusumli mashinalarga yaqinlashish xavflidir. Bular Prezident apparatiga taa‘luqli mashinalardir. Odatda bular Mersedes-Bentslardir. Bulardan bittasi meni uray deganida domlam epchillik qilib rulni qo‘limdan yuldi-da, keskin yonga burib yubordi.

Shuni ham aytish kerakki FAA rusumli mashinalar birovga urilishni xushlashmaydi. Domlalarimning aytishicha bular SNBning mashinalaridir.

Ikkinchi domlamning mashinada yaxshi ko‘rgan qismi - signal edi. Agarda unga birovning mashinasimi, yuzimi, xatti-harakatimi yo haydashi yoqmasa u signalga bor kuchicha bosardi. Unday desam u-bu xushbichim tannozni ko‘rib qolsa ham u signalga zo‘r berib bosgani hali-hanuz qulog‘imdayu esimda.

Navoiy hazratlari aytmish: "Yor bordiyu ko‘nglimda aning nozi qolibtur, Andoqki qulog‘im to‘la ovozi qolibtur".