16 Afg‘on fuqarosini o‘ldirganini tan olgan askar kechirim so‘radi

Image copyright AP
Image caption Robert Beyls afg‘onlar uyiga kirib, uxlab yotgan ayollar va bolalarni shafqatsizlarcha otib tashlagan

2012 yilda ikki afg‘on qishlog‘ida 16 tinch fuqaroni otib o‘ldirgan AQSh armiyasi serjanti Robert Beyls o‘zining harakatini "qo‘rqoqlik" deb atab, qilmishi uchun uzr so‘ragan.

Iyun oyida Robert Beyls o‘lim hukmini umrbod qamoq jazosiga almashtirish evaziga o‘z aybini tan olishga rozi bo‘lgan.

Bungacha u o‘z aybini tan olmasdan, sodir bo‘lgan hodisani eslay olmasligini aytib kelayotgan edi.

Agar mahkama uni muddatidan oldin chiqish imkoniyati bilan umrbod qamoq jazosiga hukm qiladigan bo‘lsa, Beyls 20 yildan keyin ozodlikka chiqishi mumkin bo‘ladi.

Vashingtondagi Lyuis-Makkord harbiy bazasida o‘tayotgan mahkama jarayonida Robert Beyls o‘zining jinoyatini oqlashga uringan.

Uning aytishicha, 2012 yil 11 martida harbiy qismdan qochgan paytida bir paytning o‘zida "qo‘rquv va jasurlik hislari" egallab olgan.

"Men oila a‘zolarini yo‘qotgan odamlarga o‘zimning chuqur uzrimni bildiraman. Ularni qaytarish imkoni bo‘lganda, men ularni qaytargan bo‘lardim. Albatta uzr yetarli emas, lekin men qilmishimdan o‘ta afsusdaman", deb aytgan qotil Beyls.

Biroq qoralovchilar Beylsning uzri samimiyligini shubha ostiga olib, uning qamoqdalik paytida xotini bilan o‘z qilmishini kulgu qilib so‘zlaganini dalil qilib keltirishadi.

Himoyachilari esa uning gaplari uzib, noto‘g‘ri tahlil qilinayotganini da‘vo qilishmoqda.

Payshanba kungi mahkamada Beyls alkogolga haddan tashqari berilganini, o‘z muammolaridan qochib, doimiy alamzada bo‘lib yurishi joniga tekkanidan hikoya qilgan.

U qirg‘indan oldin ham giyohvand modda iste‘mol qilganini aytgan.

Image copyright AFP
Image caption Bir oiladan 11 kishi otib o‘ldirilgan

Mahkamada hozir bo‘lgan Beylsning maktab o‘rtog‘i Mark Edvards va Iroqda birga ishlagan mayor Brent Klemmer uni juda yaxshi odam deya ta‘riflashgan.

Shuningdek, Beyls o‘zining Qandahordagi ikki qishloqqa hujum uyushtirib, asosan ayollar va bolalarni o‘ldirgani ham tinglangan.

AQShga 9 afg‘on fuqarosi guvoh sifatida olib kelingan.

Ulardan biri Xo‘ja Muhammad Vazir bir tunda oilasining 11 a‘zosi, jumladan onasi, xotini va olti bolasidan judo bo‘lib, hayoti butkul o‘zgarib ketganini aytgan.

AQSh hukumati qurbonlarning oilasiga bir million dollar atrofida mablag‘ ajratgan.