Misr sobiq prezidenti Husni Muborak ozodlikka chiqarildi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zining hukmi yuzasidan appellyatsiya arizasini yozib, mahkama ozod qilish qarorini chiqarganidan keyin Misr sobiq prezidenti Husni Muborak 22 avgust kuni Tora hibsxonasidan chiqarilgan.

85 yoshli janob Muborakni olib uchgani aytilgan tikuchar poytaxt Qohira chetidagi Tora qamoqxonasidan parvoz qilgan.

Bir necha daqiqadan so‘ng tikuchar Qohiraning yana bir chekka bo‘lgasi hisoblangan Maadiy tumanidagi harbiy shifoxonaga qo‘ngan.

Shifoxonadan keyin Husni Muborak uyiga olib o‘tilishi va uy qamog‘ida saqlanishi xabar qilingan.

U hamon korruptsiya ayblovlari va 2011 yilda o‘zining hukmronligiga qarshi norozilik namoyishga chiqqan kishilarni o‘ldirishda ishtirok etish bandlarida ayblanmoqda.

Husni Muborakning ozod etilishi ko‘pchilikning nazarida ikki yil oldingi g‘alayonlardan keyin yuz bergan o‘zgarishlardan ortga qaytish alomatidir.

Misrda hozir favqulodda holat e‘lon qilingan.

Mamlakatning saylangan Islomiy Prezidenti Muhammad Mursiyni harbiylar 3 iyulda qudratdana ag‘dardilar.

Uning lavozimiga qayta tiklanishi talabi bilan norozilik namoyishlari tashkil qilgan "Musulmon Birodarlar" guruhining yuzlab a‘zolari va tarafdorlari o‘ldirildi.

Shundan keyin harbiylar dastaklagan muvaqqat hukumat Misr bo‘ylab favqulodda holat e‘lon qildi.

"Musulmon Birodarlar" guruhining yetakchi rahbarlaridan biri Muhammad Badiy doxil yuzlab a‘zolari hibsga olindi.

Ular odamlarni zo‘ravonlikka gijgijlash va qotillik ayblovlarida ayblanmoqdalar.

Muxbirlarga ko‘ra, butun Misr bo‘ylab taranglik saqlanmoqda.

AQShning Qohiradagi elchiligi o‘z vatandoshlariga 23 avgust juma kuni uydan ko‘chaga chiqmaslik maslahatini bergan, Juma namozidan keyin yangi ko‘cha namoyishlari boshlanib ketishi ehtimoli bildirilgan.