Gulnora Karimova: "Halol biznes, to‘g‘risini aytsam, bu juda qiyin narsa"

Image caption Gulnora Karimova O‘zbekistonda tadbirkorlarning qo‘rquv ostida faoliyat yuritishiga sha‘ma qilgan

Prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova O‘zbekistonda halol yo‘l bilan biznes yuritish juda qiyinligini aytgan.

Karimova xonim hukumat tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qarorlar qabul qilinayotganini, ammo ularning ostida qabul qilinayotgan qo‘shimcha hujjatlar ko‘zda tutilgan maqsadlarni yo‘qqa chiqarayotganini ta‘kidlagan.

Karimova xonim tadbirkorlik to‘g‘risida Chirchiqda yosh jurnalistlarning an‘anaviy "Kelajak ovozi" media lagerida bergan matbuot anjumanida rus tilida gapirgan.

Matbuot anjumanini kun.uz internet nashri jonli ravishda matn ko‘rinishda chop qilib turgan.

Gulnora Karimova shu munosabat bilan otasi Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan olib borilayotgan "tadbirkorlarga keng imkoniyat" islohotlari samarasini shubha ostiga olgan.

Hukumat nazoratidagi mahalliy matbuot O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun davlat tomonidan barcha shart-sharoit muhayyo qilinganini va O‘zbekiston biznes vakillari uchun keng imkoniyatlar mamlakati ekanligini ta‘kidlab keladi.

Markaziy telekanallardan olib borilayotgan to‘g‘ri siyosat asosida muvafaqqiyatlarga erishgan tadbirkorlar bot-bot ko‘rsatiladi va ular yaratib berilgan imkoniyatlar uchun Prezident Karimovni alqaydilar.

Gulnora Karimova O‘zbekistonda tadbirkorlarning qo‘rquv ostida faoliyat yuritishiga sha‘ma qilgan.

"Tadbirkorlarimiz xorijiy mashinalar ruliga o‘tirishga qo‘rqishadi, ko‘pincha… Ha, bu endi umuman boshqa masala, sabablari ham boshqa. Agar "inomarkalar" rulida davlat xizmatchilari emas, ko‘proq jasur tadbirkorlar bo‘lganida edi. Ular nimagadir mas‘ul ekanliklari, javobgar ekanliklarini yashirishmaydi", - deya iqtibos keltiradi kun.uz nashri.

Shuningdek Gulnora Karimova hukumat tizimining eng ishonchli tayanchi bo‘lgan davlat xizmatchilarini ham ayovsiz tanqid qilgan.

Davlat xizmatchilarini nimagadir javobgar deb bilishiga ishonish qiyinligini aytgan.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonda tadbirkorlik yuritishning korruptsion elementlari kuchli ekanligini aytishadi.

Gulnora Karimovaning tadbirkorlar haqidagi chiqishi Shvetsiya mahkamasida TeliaSonera mobil aloqa shirkati ishi bo‘yicha nomi yangrayotgan bir mahalga to‘g‘ri kelgan.

Mahkama Gulnora Karimovani shirkatdan O‘zbekistonda faoliyat yuritish uchun litsenziya olib berish evaziga yirik pora olganlikda gumonlamoqda.