London masjidlariga aksil-islomiy DVDlar yuborilgan

Image caption London masjidlariga aksil-islomiy DVDlar yuborilgan

London politsiyasi masjidlarga hamda islomiy tashkilotlarga aksil-islomiy, chirkin DVDlar yuborilgani faktini tekshirmoqda.

Bu DVDlar hayit paytida yuborilgan bo‘lib, ularda Muhammad-Payg‘ambar sha‘niga qarshi tuhmatlar, pornografik film hamda ekstremizm haqidagi yangiliklar tasvir etilgan.

DVDlarning ba‘zilarida "Islomning Yuksak Imomiga" degan matlab qo‘yilgan bo‘lib, avvaliga bularda ijobiy bir xabar bordek tuyulgan.

Abdul Malik Teylor g‘arbiy Londonning Annur masjidi xodimi va bu DVDlar haqida bunday deydi:

"Men bulardan nafrat tuydim, avvaliga o‘chirib tashladim, lekin keyin masjidda boshqalar bularni boshdan oyoq ko‘rib, unda nimalar borligidan voqif bo‘lishimiz kerak deyishdi. Ko‘rganlarimiz iflos va chirkin bir narsadir!" - deydi u.

DVD qo‘lbola DVDdir va aftidan birovning yotoqxonasida tayyorlangan.

Avvaliga unda bosh chanoq paydo bo‘lib, uni qurtlar yeydi, o‘yinchoq kalamush ichidan chiqib, bosh chanoq peshonasiga "Muhammad-Payg‘ambar" degan shakkok yozuv bitiladi.

Undan so‘ng qog‘ozga bir qancha so‘kinch so‘zlar yoziladi.

Filmning davomi - pornografiyadir, undan so‘ng esa Al Muhojirun tashkiloti haqidagi tekshiruv sahnalari berilgan.

Teylor janoblarining aytishicha buni yasagan inson "boshqalarga nafrat qo‘zg‘atish" aybi bilan qamalishi lozim.

"Agarda bu kabi filmni musulmon bir kishi yaratganda edi, osmon o‘pirilib yerga tushardi. Uni tutib shu zahotiyoq qamashardi. Agarda bu xususda hech narsa yuz bermasa, demak biz ikki yuzlamachilikka duchor bo‘lgan bo‘lamiz" - degan u.

Hozircha nechta masjid va islomiy tashkilot bu kabi DVDlarni olganligi noma‘lumdir.

London shahar politsiyasining bildirishicha ularning qo‘liga ushbu DVDlarning ikki donasi tushgan va tekshiruv davom etmoqda.