Rossiya: tekshirish navbati bozorlarga keldi

Image caption Bozorda qo‘lga olinganlar o‘zbekistonlik, tojikistonlik va ozarbayjonlik fuqarolar bo‘lgan

Shu oyning o‘rtasida Moskva viloyat hokimi Andrey Vorobev noyabr oyining oxirigacha barcha noqonuniy bozorlarni yopish haqida e‘lon qilgan edi.

Shundan so‘ng bir xafta ichida Lenin, Istrin, Mytishchi, Balashixa va Ximka hududlari bozorlari yopildi. "Sadovod" va Odintsova bozorlarida keng miqyosli reydlar o‘tkazildi. Shuningdek, viloyatning "Trakt-terminal", "Sindika-O" va "Abramtsevo" singari yirik bozorlari faoliyatiga ham chek qo‘yildi.

Moskvaning Dolgoprudny bozorida esa shu oyning o‘zida ikkinchi marta reyd o‘tkazildi.

5 avgust kuni FMX va IIB tomonidan o‘tkazilgan reydda 600 dan ziyod noqonuniy muhojirlar qo‘lga olinib, 440 nafari migratsiya qonunlarini buzganlik holatlari aniqlangan edi.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, reyd tashkilotchilari talabiga ko‘ra, bozor yopilishi kerak edi. Ammo bozor o‘z faoliyatini davom ettirgan. 30 gektar maydonni egallagan yirik bozorda savdo do‘konlaridan tashqari dorixona, bojxona terminali, umumiy ovqatlanish punktlari, bank bo‘limlari, shuningdek, xorijlik fuqarolar uchun ixchamgina yashash joyi joylashgan. Tekshiruv natijasiga ko‘ra, bozorda ishlovchilarning aksari qonuniy xujjatlarga ega emasligi aniqlangan edi.

Bozor o‘z faoliyatini davom ettiravergach, 21 avgust kuni oblast reyd qayta o‘tkazildi.

- OMON otryadi jangchilari ishtirokida o‘tkazilgan reydda 586 nafar noqonuniy muhojirlar qo‘lga olindi, - deya bugun xabar berdi IIB matbuot xizmati o‘z saytida. - Qo‘lga olinganlarning 33 nafari RF tegishli qonunlariga ko‘ra, mamlakat hududidan chiqarib yuborilishiga qaror chiqarildi.

Dolgoprudny bozorida qo‘lga olinganlar o‘zbekistonlik, tojikistonlik va ozarbayjonlik fuqarolar bo‘lgan.

- Bozor ichidagi o‘zbeklar oshxonasiga somsa yegani borgandik, - deya gapirib berdi guvoh Sherzod Rahmatov. - 3 avtobus va o‘ndan ortiq maxsus mashinalarda OMONchilar birdan bostirib keldi. Dubinka va avtomatlar bilan duch kelgan osiyocha ko‘rinishli odamlarni quvib ushlay boshladi. Tutilganlarni pasportlarini yig‘ib olishdi, o‘zlarini yotqizib qaltaklashdi. Biz zo‘rg‘a qochib qutildik. Vaziyat juda achinarli edi.

Guvohning aytishicha, reydda 300 ga yaqin politsiya xodimi ishtirok etgan, 1000 dan ziyod muhojirlar qo‘lga olinib olib ketilgan. Ular orasida qonuniy xujjatga ega bo‘lganlar ham bo‘lgan.

- Pasportlar tekshirilmay yig‘ib ketilgandi. Xujjatlari joyida do‘stlarim politsiya bo‘limida bir sutka o‘tirib, xujjatlari tekshirilgach, chiqarib yuborildi, - deydi Rahmatov.

IIV matbuot xizmati esa o‘tkazilgan reydni ikki kun o‘tgach, e‘lon qilayotganining sababi ham shu, deya taxmin qilish mumkin.

Reydlarda xujjat tekshirilmay, osiyocha ko‘rinishli odamlar ushlab ketilmoqda, kaltaklanib, xo‘rlanmoqda. Politsiya bo‘limi yoki muhojirlarni saqlash markazlarida bir-ikki kunlab ushlangan davrida xujjatlar tekshiriladi va qonuniy xujjatga ega bo‘lganlar qo‘yib yuboriladi.

Xujjatlari joyida bo‘la turib, bo‘limlarda ushlab turilgan muhojirlarning huquqi poymol etilayotgani hech kimni qiziqtirmaydi.

Ayni paytda bozorlardan tashqari, osiyoliklar ko‘p ishlaydigan yana bir soha - qurilishlarda ham reydlar o‘tkazilishi avjga chiqdi.