BMT Suriyada gumon qilinayotgan kimyoviy hujumni tekshirishga erishmoqchi

Image copyright Reuters
Image caption BMT tekshiruvchilari hukumatning kimyoviy hujumga aloqasi bor-yo‘qligini aniqlashi kerak

BMTning yuqori lavozimli mulozimi Bashar al-Assad hukumatidan Damashqda sodir etilgani aytilayotgan hujumni o‘rganishga ruxsat so‘rash uchun Suriyaga kelmoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun o‘rinbosarlaridan Anjela Keyn tinch fuqarolarga nisbatan kimyoviy qurol qo‘llangani rostligini aniqlashi lozim bo‘ladi.

Pan Gi Munga ko‘ra, ushbu hodisani insoniyatga qarshi jinoyat deya baholamoq kerak.

Ko‘pgina siyosatchilar ta‘kidlashicha, Suriya hukumati o‘z fuqarolariga nisbatan kimyoviy qurol ishlatgani tasdiqlansa, xalqaro aralashuvga sabab bo‘lishi mumkin.

Frantsiya, Britaniya va Turkiya BMTni Suriyaga nisbatan qattiqroq jazo choralari ko‘rishga da‘vat qilyapti.

Suriya muxolifatiga ko‘ra, hukumat kuchlarining Damashq chetidagi tumanni bombardimon qilishi natijasida yuzlab insonlar halok bo‘lgan, qurbonlar orasida bolalar ham bor.

Internetga joylashtirilgan videolavhalarda jabrlanganlarning holdan ketib cho‘zilib yotgani ko‘rinadi.

Suriya hukumati taxmin qilinayotgan hujumga aloqasi borligini inkor qilmoqda.

Rossiya va Xitoy o‘z navbatida BMT Xavfsizlik Kengashining Suriyada ish boshlagan kimyo mutaxassislari vakolatini kengaytirish haqidagi qaroriga qarshi chiqqan.

Suriya mojarosining ikkala tomoni ham bir-birini kimyoviy qurol ishlatganlikda ayblab keladi.

Millionga yetgan qochqin bolalar

Ayni damda BMTning Qochqinlar bo‘yicha komissarligi xabar berishicha, Suriyadagi qochqin bolalar soni millionga yetgan.

Ular Suriya chegarasini tark etganlar bo‘lib, UNICEFning hisobicha mamlakat ichkarisidagi jamloqlarda ham qariyb ikki millionga yaqin qochqin bolalar bor.

BMT tahlilchilari bildirishicha, Suriya qochqinlarining deyarli yarmi 11 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.