O‘zbekiston bojxona xizmati 36 kilo tilla buyumlarini ushlab qolgan

Image caption Bojxona xizmati o‘zi bergan xabarni tasdiqlashi odatdagidek qiyin bo'ldi.

O‘zbekiston bojxonachilari yil boshidan buyon 15 mingdan ortiq qonunbuzarliklarni aniqlaganlar, deb xabar beradi 12.uz sayti.

Ma‘lum qilinishicha, chegaradan noqonuniy olib o‘tishga urinilgan qimmatbaho buyumlar narxi 115,2 milliard so‘mni tashkil qilgan.

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasining saytida qayd etilishicha, respublika fuqarolari og‘irligi 30 gramdan oshmagan 5 donagacha qimmatbaho zargarlik buyumlarini deklaratsiyaga qayd etgan holda olib kirishlari mumkin.

Biroq bojxona tartiblariga rioya etmay, ko‘p miqdordagi zargarlik buyumlarini olib o‘tishga urinish hollari uchrab turadi, deb yozadi bojxona xizmati web-sahifasi.

Xabarga ko‘ra, "Boshpochtamp" bojxona posti xodimlari bir nechta qonunbuzarlik holatining oldini olib qolganlar.

Jumladan, Toshkent shahrilik ayol nomiga xorijdan yuborilgan jo‘natma ichida qiymati 18,5 mln so‘mlik 28 dona tilla taqinchoq borligi aniqlanibdi.

Bojxona xodimlari shuningdek, 44 mln so‘mga teng 500 gramm tilla buyumlarini olib o‘tmoqchi bo‘lgan ayolni ushlashgan.

Boshqa yana ikki ayol 126 mln so‘mlik 19 ta tilla quymalarini olib o‘tishga uringanlarida bojxona xodimlarining ziyrakligi tufayli to‘xtatilibdi.

Bu qimmatbaho narsalar yuzasidan surishtiruv ishlari borayotgani aytiladi.

Bojxona xizmatiga ko‘ra, o‘tgan olti oy davomida 175 ta qonunbuzarlik aniqlangan, qiymati 3 milliard so‘mdan ko‘p og‘irligi 36 kilo zargarlik buyumlari chegaradan noqonuniy olib o‘tilishi to‘xtatilgan.

BBC bu xabarlar yuzasidan respublika Bojxona qo‘mitasi bilan bog‘landi.

Avvaliga bu xabarni qayerdan olganimiz bilan qiziqqan xodim o‘z saytidan o‘qiganimizni eshitib, matbuot xizmati bilan ulanishimizni maslahat berdi.

Biroq matbuot xizmati vakili instruktorlar tekshirishga ketgani, bu savolga kechki 4 larda javob olishimiz mumkinligini ma‘lum qildi.

Toshkent vaqti bilan kechki soat 4 da Bojxona xizmatidan telefon qo‘ng‘iroqimizga hech kim javob bermadi.

Bojxona xizmati o'z saitida chop qilgan xabarni tasdiqlashi odatdagidek qiyin bo'ldi.