Deparde oxiri Belgiyada yashashga qaror qildi

Image caption Jerar Deparde Gulnora Karimova bilan aytgan dueti uchun G‘arbda tanqid qilingan

Soliqlardan noroziligi tufayli o‘z vatanini tark etgan frantsuz kino yulduzi Jerar Deparde Belgiyadagi yangi uyida katta bazm uyushtirgan.

U o‘tgan dekabrda Neshinda olgan besh yotoqxonali uyiga yangi qo‘shnilari doxil 200 kishini taklif qilgan.

Deparde mazkur saroychani o‘tgan yili Frantsiyaning sotsialist hukumati yuqori daromadlarga 75 foiz soliq o‘rnatishi ortidan sotib olgandi.

Soliqni oshirish taklifi keyinchalik Frantsiyaning oliy mahkamasi tomonidan bekor qilingan.

Taklif kiritilganidan beri janob Deparde Rossiya fuqaroligini olgan. Chechen prezidenti Ramzan Qodirov unga poytaxt Grozniyda hashamatli xonadon ham sovg‘a qilgan.

Deparrde buning uchun o‘z yurtida ko‘pgina tanqidlarga sabab bo‘lgan.

Rossiya fuqaroligini olishidan avval u O‘zbekistonga safar qilib Gulnora Karimova bilan qo‘shiq ijro etgan. "Nebo molchit" qo‘shig‘ida u frantsuz tilida she‘r o‘qiydi, Karimova xonim esa rus tilida shivirlaydi.

Image copyright RIA Novosti
Image caption Checheniston prezidenti Depardega xonadon sovg‘a qildi

"Sirano de Berjerak" kabi filmlardagi rollari uchun o‘z avlodining eng ajoyib aktyorlaridan biri deya olqishlangan 64-yoshli Deparde o‘zining "jahon fuqarosi" ekanini aytgan.

"Men dunyoning turli burchaklarida ishladim, lekin Neshinga kelib joylashdim", - dedi u.

Shanba kuni bo‘lib o‘tgan bazmda mehmonlarga qimmatbaho bifshteks va cho‘chqa bolasi go‘shti tortiq qilingan.

Shanba kuni ertalab esa Neshin shahri kiradigan Estampyu viloyati uni faxriy fuqarosi deya e‘lon qilgan.

"U bu yerga ko‘chib kelishni rejalayotganida, menga qo‘shnilarga bir yaxshi bazm uyushtirmoqchi ekanini aytgandi. Endi so‘zining ustidan chiqdi. Uyni sotib oldi, qo‘shnilar taklif etildi... Depardedek odam bilan ko‘ngilhushlik qilayapmiz, yana nima kerak odamga?" - dedi Neshin hokimi Daniel Senesael.

Juma kuni esa Deparde Frantsiyaning Figaro jurnaliga soliq mojarosi "katta tushunmovchilik" bo‘lgani va Frantsiyani har doimgidek sevishini aytgan.

Your contact details
Disclaimer