Mishel Platiniga: "Ovro‘po futbolida qo‘y qurbonlik qilinmasin"

Image copyright u
Image caption Hayvonlar huquqlarini himoya etuvchi tashkilot buning ortidan janob Platinidan o‘z ta‘siridan foydalanib, bu yilgi Chempionlar va Ovro‘po Ligasi o‘yinlari chog‘ida ortiq bu kabi qurbonliklarga yo‘l qo‘ymasligini so‘raydi

UEFA prezidentiga Hayvonlar huquqlarini himoya etuvchi Peta tashkiloti ana shunday murojaat bilan chiqqan.

Bunga qozoq futbol jamoasining Chempionlar ligasi pley-off bosqichi uchrashuvi arafasida stadionga mulla chaqirib, qo‘y qurbonlik qilgani sabab bo‘lgan.

Bu haqda Buyuk Britaniyada chop etiluvchi nufuzli "Guardian" gazetasi xabar bergan.

Shu hafta dushanba kuni Qozog‘istonning "Shaxtyor" (Qarag‘anda) klubi o‘z maydonida Shotlandiyaning "Seltik" jamoasini qabul qilgandi.

Qozoq jamoasi so‘nggi mashg‘ulotlaridan avval Chempionlar ligasi pley-off bellashuvi bo‘lib o‘tishi kutilgan "Astana Arena" stadionida qurbonlik qilgan va ertasiga shotlandiyalik raqiblarini 2:0 hisobida mag‘lub etgandi.

Britan gazetasining yozishicha, o‘yin ortidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qozoq jamoasi Bosh murabbiyi Viktor Kumikov bu kabi mahalliy an‘anadan boxabar ekanini aytgan. Ammo uning ikir-chikiriga to‘xtalib o‘tirmagan.

"Shaxtyor"(Qarag‘anda) endi shu chorshanba kuni javob uchrashuvini o‘tkazish uchun Glazgoga safar qiladi.

Image copyright Ria Novosti
Image caption Qozoq jamoasi so‘nggi mashg‘ulotlaridan avval Chempionlar ligasi pley-off bellashuvi bo‘lib o‘tishi kutilgan "Astana Arena" stadionida qurbonlik qilgan va ertasiga shotlandiyalik raqiblarini 2:0 hisobida mag‘lub etgandi

Peta esa, Mishel Platiniga yo‘llagan rasmiy maktubida UEFAning "ilg‘or qarashda" ekani va vazifasi "o‘yin, futbolchilar hamda qadriyatlarni himoya etish" ekaniga oid o‘z bayonotlaridan iqtibos keltiradi.

Hayvonlar huquqlarini himoya etuvchi tashkilot buning ortidan janob Platinidan o‘z ta‘siridan foydalanib, bu yilgi Chempionlar va Ovro‘po Ligasi o‘yinlari chog‘ida ortiq bu kabi qurbonliklarga yo‘l qo‘ymasligini so‘raydi.

"Biz qozoq jamoasining omadini berishi uchun qo‘y qurbonlik qilinganidan juda tashvishga tushdik. Zamonaviy jamiyatda hayvonning qurbonlik keltirilishiga o‘rin yo‘q. Umid qilamizki, janob Platini bizning bu fikrimizga qo‘shiladi. Biz UEFAning futbol kabi go‘zal o‘yinning hayvonlar qoni bilan bulg‘anmasligi yo‘lida tezda va qat‘iy chora ko‘rishiga ko‘z tikib qolamiz", deb aytgan Peta rahbari muovini Mimi Bekxechi.

Dushanba kungi o‘yinga qadar Qozog‘istonning "Shaxtyor"i bu yilgi Chempionlar Ligasi guruh bosqich bellashuvlariga chiqish uchun kurashayotgan jamoalar orasida autsayderlardan biri sifatida ko‘rilgandi.

Chempionlar Ligasi pley-off bosqichi javob uchrashuvi esa, 28 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

Agar, har ikki o‘yin natijasiga muvofiq g‘alaba qozonsa, "Shaxtyor"(Qarag‘anda) Qozog‘iston tarixida Chempionlar Ligasining guruh bosqich bellashuvlariga chiqqan ilk jamoa bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi Chempionlar Ligasi Kubogi Olmoniyaning "Bavariya" jamoasiga nasib etgan.