Ozarbayjon: Rustam Ibragimbekov prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olinmaydi

Image copyright RIAN

Ozarbayjon Markaziy Saylov komissiyasi muxolifatdan yagona nomzod sifatida Rustam Ibragimbekovni ro‘yxatga olishdan bosh tortgan.

Bu haqda xususiy ANS TV telekanali xabar tarqatgan.

ANS TVga ko‘ra, Rustam Ibragimbekov Rossiya fuqarosi bo‘lgani uchun prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olinmaydi.

Xususiy telekanal Ozarbayjon Markaziy Saylov komissiyasi kotibasi Arifa Muxtorovadan iqtibos keltiradi.

Muxtorova xonimga ko‘ra, saylov komissiyasi Ozarbayjon muxolifatining Milliy Kengashidan prezidentlik saylovida ishtirok etish maqsadida taqdim etilgan Ibragimbekovga tegishli barcha hujjatlarni ko‘rib chiqqan va prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olish uchun "huquqiy asos topa olmagan".

Ayrim ommaviy axborot vositalari xabar qilishicha, Rustam Ibragimbekov ro‘yxatga olmagani uchun saylov komissiyasini mahkamaga berishga qaror qilgan.

Ozarbayjon Markaziy Saylov komissiyasi mamlakat joriy Prezidenti Ilhom Aliyev va yana bir necha nomzodni ro‘yxatga olgan.

Shuningdek, muxolifatdagi Respublikachi Muqobil(Republican Alternative (REAL) guruhi rahbari Ilg‘or Mammadov ham ro‘yxatga olingani xabar qilingan.

Ilg‘or Mammadov hozir qamoq jazosini o‘tamoqda.

U shu yil fevralida hibsga olingan va ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqarish va rasmiylarga itoat etmaslik ayblovlari bilan qamalgan edi.

Ilg‘or Mammadovni viloyatlardan biridagi Ismoilli shaharchasida tartibsizliklarni keltirib chiqarishda ayblashgan.

Unga shu yil noyabr oyigacha dazo muddati tayinlangan.

Ayni paytda Ozarbayjon muxolifati dastaklayotgan yani bir prezidentlikka nomzod Jamil Hasanli o‘ziga nisbatan hujum haqida xabar tarqatgan.

U o‘zi yashaydigan ko‘p qavatli uyning yuqori qavatidan qaynoq suyuqlik quyib yuborilgani haqida muxolifatning Azadliq ro‘znomasiga aytgan.

Ozarbayjonda prezidentlik saylovi 9 oktyabrga mo‘ljallangan.