"Birma ochildi, u endi O‘zbekistonga o‘xshamaydi"

Image copyright AP
Image caption Birma ochildi. Dunyo bu yerdagi insonlar hayotiga xolis nazar tashlay olmoqda

O‘tgan yili Birma (Myanmar) dunyoni hayratga soldi. Uzoq yil mamlakat boshqaruv jilovini mahkam tutib turgan rahbariyat tizginni bo‘shatdi.

Mamlakatga kirib-chiqish erkinlashdi, iqtisodiy va moliyaviy cheklovlar bekor qilindi, mustaqil matbuotga ruxsat berildi, yuzlab siyosiy mahbuslar ozod etildi. Zotan, bungacha Birma siyosiy mahkumlar borligini ham tan olmasdi.

Uzoq yillar uy qamog‘ida saqlangan, biroq millionlab erksevar va ijobiy o‘zgarishlar umidi bilan yashagan yurtdoshlarini ruhlantirib turgan muxolifat rahbari Aun San Su Chi ozodlikka chiqarildi.

San Su Chi xonim dunyo mamlakatlari bo‘ylab kezib, Birmadagi vaziyat va o‘zgarishlar umidi haqida bemalol, ochiq gapirishiga imkon berildi.

Keldi ochilur chog‘ing...

Harbiylar boshqaruvida dunyodan uzilgan, chegaralari yopiq, so‘z erkinligi cheklangan, muxolifat qamoqqa tashlangan, inson huquqlari faollari dushmanga chiqarilgan, mustaqil jurnalistlar ta‘qibga olingan va iqtisodi davlat nazoratida qolgan Birma kutilmaganda bularning barchasidan bir zumda voz kechdi.

Uzoq yillar Birmaning demokratiya sari yuzlanishini istab kelgan AQSh boshchiligidagi g‘arb davlatlari mazkur o‘zgarishlarni olqishlashdi.

O‘sha paytdagi AQSh davlat kotibi Hillari Klinton tezda Birmaga bordi. Rahbariyat va muxolifat bilan uchrashdi, o‘z qo‘llovini izhor etdi.

Image copyright none
Image caption Birmalik jurnalist Tin Xtar Sve 20 yil vataniga qaytolmagan, ota-onasi dafn marosimida qatnasha olmagandi. Bugun Birma undan jurnalistlarga saboq berishni so‘ramoqda

Ilk bora hukumatni tanqid qila oladigan gazetalar chiqa boshladi. Xorijiy banklar ochildi. Chetdan mustaqil jurnalistlar kirib, haqiqiy ahvolni ko‘rishga muvaffaq bo‘ldilar.

"Odamlar choyxonalarda o‘tirib, siyosatdan gaplashishadi, hukumat qilayotgan ishlarni birovi yoqlasa, boshqasi bemalol tanqid qiladi" - deydi yaqinda Birmadan qaytgan BBC Jahon Xizmati jurnalisti Svami Natarajan - "Bu jihatdan olgan Birma bugun O‘zbekistonga o‘xshamaydi".

Suhbatdoshimizga ko‘ra, nafaqat balandparvoz so‘z erkinligi balki juz‘iy, ammo insonlar tirikchiligi uchun muhim o‘zgarishlar ko‘zga tashlanadi.

"Endi odamlar qo‘rqmasdan bemalol xorijiy valyuta almashtiradilar. Chet elga chiqish uchun hukumatdan chiqish vizasi yoki ruxsati (Ovir vizasi) olish shart emas, katta shaharlarga kelib yashash yo ishlash uchun murakkab ro‘yxatdan o‘tish (propiska kabi) tizimi ham bekor qilingan. Odamlar birdaniga erkin bo‘lib qoldilar".

"Ko‘plab birmaliklar bilan gaplashganimda ular kulib, agar bir yil ilgari kelsangiz, siz bilan suhbatlashishga qo‘rqqan bo‘lardik, chunki unda chet ellik muxbir bilan gaplashgan odamlarni qariyb xalq dushmaniga chiqarib qo‘yishardi, deya kulishardi" - tushuntiradi Svami Natarajan.

Zotan, bir yil oldingi Birma BBC muxbiri borib ishlay olmaydigan, dunyodagi eng yakkanishin va yopiq uch-to‘rtta davlatdan bittasi edi.

Iqtisod kuchlimi yo internet?

Birmada hozir 20ga yaqin mustaqil kundalik nashrlar chiqmoqda. Mamlakat xorijliklarga endi josus va yo fitnachi, deb qaramaydi. Tanqidlarni esa hazm qila boshlagan.

Image copyright none
Image caption Birma muxolifati rahbari Aun San Su Chi shu yili Londonga keldi. U BBC malik ul-kalomi Hamid Ismoil bilan suhbatlashmoqda

"Birmadagi ochilish ham ichki, ham tashqi sabablarga bog‘liq" - deydi jurnalist - "Internet va ijtimoiy tarmoqlar bunga yo‘l ochdi. Hukumat qanchalik internet tahdid va xavf-xatar yetkazadi deb qo‘rqitmasin, uni butunlay to‘sib qololmadi va birmaliklar internet orqali boshqa, erkin hamda farovonroq dunyoni ko‘rdilar".

Hali Ikkinchi Jahon urushiga qadar Birma janubiy-sharqiy Osiyoning eng badavlat davlatlaridan edi. Bu yerda nafaqat qimmatbaho toshlar bor, balki yeri unumdor, xalqi dehqonchilik hadisini olgan, savdo uchun qulay tranzit hudud va muhim mamlakatlar uchrashgan nuqtada joylashgan.

Xuddi shunday sharoitda esa nega qo‘shnilarimiz boy va erkin, biz esa kambag‘al va erksizmiz, degan savol ko‘plab birmaliklarni tashvishga sola boshlagan.

"Birmani nazorat qiladigan harbiylar vaziyatni bu alfozda tutib turish imkonsizligini, qo‘shni davlatlar ilgarilab ketganini, Birmada ahvol bundan ham battar bo‘lmasligi uchun islohotlar o‘tkazish va mamlakatni tashqi dunyoga ochish yagona yo‘l ekanligini anglab yetdilar" - deydi sobiq diplomat va siyosatshunos Toshpo‘lat Yo‘ldoshev.

Hozir Birmadek ilk boshlang‘ich nuqtada turgan davlat shiddat bilan erkin iqtisod sari ketayotgani aytiladi. Biroq uzoq yillik yopiqlik va yo‘qotishlar iz qoldirgani ham rost.

Ko‘pchilik endi tezkor iqtisodiy o‘zgarishlarni, qashshoqlik changalidan qutulishni istamoqda.

"Xorijiy sarmoyadorlar kelishayotgani rost" - deydi Rangundan jurnalist Vin Tin - "Lekin Birma shunchalik uzoq yillar ihotalanib, dunyodan uzilib qolganki, hozir kelayotgan shirkatlar tuzukroq maoshli ish o‘rinlari yaratib, samarali iqtisodiy imkoniyatlarni yuzaga chiqarishi uchun endi ancha vaqt kerak bo‘ladi".

"Qishloqlarga borsangiz hamon qashshoqlik, qonunlar yaxshi ishlamaydi, odamlarning yerlarini tortib olish hollari davom etmoqda".

Image copyright Getty
Image caption Birma dunyoga ochilarkan, Rohinjya musulmonlari hujumlarga tutildilar, minglab insonlar qochqinlarga aylandi

Jurnalistning aytishicha, muayyan ochilish mavjudligi hali chuqur islohotlarni anglatmaydi, balki chinakam islohotlarni istasa, mamlakat o‘tgan yillar davomida qabul qilgan qonunlarini o‘zgartirishi kerak.

Chunki mavjud qonunlar xalqning erkin harakatlanishini, bemalol fikrini aytishini va nihoyat, to‘siqsiz iqtisodiy faoliyat yuritishini cheklab, turfa jazolarni nazarda tutadi.

Zo‘ravonlik va demokratiya

Birmaning yopiqlik va biqiqlik siyosatini tashlab, ochilish yo‘liga o‘tishi qanchalik xush qarshilanmasin, tez orada ba‘zi muammolar yuzaga keldi.

Mamlakat irqiy va diniy zo‘ravonliklarga sahna bo‘ldi. Ayniqsa, Rohinjya musulmonlari ko‘p sonli buddaviylar tarafidan shafqatsiz hujumlarga tutila boshlandi va na hukumat ayni boshboshdoqlikni jilovladi, na muxolifat zo‘ravonlikni qoraladi.

Ko‘pchilik ko‘nglidan bir savol o‘tdi: "So‘nggi zo‘ravonlik va nizolar Birma ochilishi natijasimikan?".

"Yuzaga kelgan zo‘ravonlik, aksincha, Birma demokratiyaga to‘la o‘tmaganini ko‘rsatadi" - deydi Toshkentdan professor Goga Hidoyatov - "Demokratiya xalq boshqaruvi, halq g‘amini yeyish degani, afsus, bu holat Birmada mavjud emas".

Kuzatuvchilarga kura, bu kabi zo‘ravonlik va nizolar, jamoalar o‘rtasidagi tanglik avvaldan mavjud edi. Biroq Birma shunchalik yopiq bo‘lganki, ayni xabarlar tashqi dunyoga chiqmagan.

Hozirgi zo‘ravonliklarni mamlakat ochilishiga va yo jamiyatdagi erkinliklarga bog‘lashni ham ko‘pchilik qabul qilmaydi.

Image copyright Burmese
Image caption Uzoq yillik yopiq siyosat Birmani qashshoqlik va qoloqlik girdobiga tashlagan. Undan qutulish uchun yana uzoq yillar kerak bo‘ladi

"To‘g‘ri, Birma demokratiyani joriy etishga urinmoqda" - deydi BBC Birma Xizmati muharriri Tin Xtar Sve - "Ammo hozirgi zo‘ravonliklar so‘nggi ochilish natijasi emas, balki hukumat zimdan qo‘llayotgan aksilmusulmon, millatchi va irqchi siyosat oqibatidir".

Xtar Svega ko‘ra, hano‘z konstitutsion islohotlar o‘tkazilmadi, mahkamalar mustaqil emas va matbuot erkinligi to‘la ta‘minlanmagan. Shunday holatda, gazetalar hatto musulmonlarga qarshi buddaviylar qilayotgan hujumlarni ham deyarli yoritmayapti.

O‘zbekistonga o‘xshashlik

Birmadagi ichki siyosiy va iqtisodiy vaziyat o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston bilan juda o‘xshash edi: Mustaqil matbuot va so‘z erkinligi amalda taqiqlangan, odamlarning erkin harakatlanishi cheklangan, chetga chiqish nazorat ostida, iqtisod markazdan boshqarilgan va hatto qonunan valyuta almashtirish imkoni juda kam edi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, tinch o‘zgarish bobida O‘zbekistonda ham imkoniyatlar mavjud, lekin Birmadan farqli tarzda, O‘zbekistondan g‘arb ko‘zlayotgan maqsadlar boshqacha.

"Afg‘onistondan NATO kuchlari chiqib ketish jarayonida O‘zbekiston davlatining qo‘llovi kerak" - deydi Toshpo‘lat Yo‘ldoshev - "Bunday holatda esa keskin o‘zgarishlar va yoki qandaydir mavhumlik yuzaga kelishini AQSh istamaydi. Xullas, mavjud shart-sharoit O‘zbekistonning ijobiy tarafga o‘zgarishiga yo‘l bermaydi".

O‘zbekistonlik olim Goga Hidoyatovga ko‘ra, Birma misolini olib qaraganda, O‘zbekistondagi mavjud tinchlikni asrab-avaylash darkor.

Image copyright none
Image caption Yopiqlik, kambag‘allik, davlat nazorati kuchliligi, insonlarga qo‘yilgan cheklovlar va ta‘qiblar jihatidan Birma bir-ikki yil oldin ham O‘zbekistonga o‘xshashini aytishardi

"Menga ham ba‘zida bir narsalar yoqmaydi" - deydi Goga Hidoyatov - "Lekin hozir mustaqillikni saqlash, tinchlikni asrash muhim vazifa bo‘lmog‘i kerak".

Ayni damda o‘zbek xalqining juda tinchliksevarligi, uzoq yillik davlatchilik tarixiga egaligi ham ko‘pchilikka ma‘lum.

"O‘zbekistoda ham qandaydir nizolar ehtimoli bo‘lishi mumkin, buni rad etish qiyin" - deydi Toshpo‘lat Yo‘ldoshev - "Ammo o‘zbeklar har holda yetuk xalq va bu yerda agar jamiyat ochilsa, qandaydir nizolarga yo‘l qo‘yishmasa kerak. Bu borada Birmani O‘zbekistonga qiyoslab bo‘lmaydi".

Yaqin Sharqqa kelgan "Arab bahori" zo‘ravonlik va qon to‘kishlar bilan davom etmoqda. Bu jarayonda uzoq yillik yakkahokim tuzumlar qulamoqda, islomiy radikal kuchlar ta‘siri oshmoqda, birodarkushlik urushlari yuzaga kelayapti.

Ko‘p hollarda inqilobiy o‘zgarishlar tezlik bilan uzoq yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarin hal qila olmay, yangidan-yangi noroziliklar to‘lqinini keltirib chiqarayapti.

Ammo Birma "Arab bahori"dan tashqarida, o‘z holicha, alohida ochildi. Aslida, bu ochilish jarayoni hali davom etmoqda.

Ushbu "ochiqlik" kelajakda mamlakatda uzoq davom etgan harbiylar boshqaruvi davrida to‘plangan muammolarni hal etishga neqadar hissa qo‘shishi ham ma‘lum emas. Biroq bir narsa aniq - Birma va birmaliklar endi aslo qayta yopilish istagida emaslar.