UzWebiston: "MTS litsenziyasi bekor qilingani mobil telefon bozorini izdan chiqardi"

Image copyright none

Iqtisodiy mavzularni yoritib boruvchi buddeblog.com.au websahifasida nashr qilingan tahliliy maqolada O‘zbekistondagi mobil telefon bozorining hozirgi ahvoliga nazar tashlangan.

Unda aytilishicha, bundan bir muncha muddat avval "qoloq va zamonga nomunosib" bo‘lgan ushbu bozor oxirgi yillarda mutassil ravishda o‘nglanib kelmoqda edi.

Muallif fikricha, bunga sabab hukumat telekommunikatsiyalar sohasiga e‘tibor qarata boshlagani bo‘lgan.

Natijada mobil telefonlar intfratizilmalariga sarmoyalar yotqizilgan, foydalanuvchilar soni ko‘paygan va foyda o‘sgan.

"Hukumatning bu sohadagi strategik siyosati "O‘zbektelekom"ni privatizatsiya qilib, bozordagi raqobatga ochish edi", deyiladi maqolada.

"Lekin 2012 yilda O‘zbekistondagi mobil telefon bozori mushkulliklarga duch kela boshladi va ta‘siri 2013 yilda ham sezilmoqda".

Hukumat MTS O‘zbekiston shirkatini soliqlarni to‘lamaslik, standartlarga rioya qilmaslik kabi qator qonunbuzarliklarda ayblab chiqdi va oxir-oqibat litsenziyadan mahrum qildi.

MTS hisobiga bozorning 40 foizi to‘g‘ri kelardi.

Hukumat amali oqibatida bir kunning o‘zida 9 yarim million mijoz mobil telefon aloqasidan uzilib qoldi.

Maqola muallifiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatining bu amallari natijasida mobil telefon bozoriga katta zarar yetkazildi.

Blogda yozilishicha, ushbu hodisalar O‘zbekistonga sarmoya yotqizmoqchi bo‘lgan xorijiy sarmoyadorlar tomonidan o‘ta salbiy ko‘riladi.

O‘zbekistonda telekom sohasi Aloqa va Axborotlashtirish Agentligi tomonidan yuritiladi.

Agentlik 2005-2010 yillar uchun tasdiqlagan rejasida butun tizimni 2010 yilga qadar raqamlashtirib, uy telefonlari sonini 2.2 millionga yetkazishni belgilagandi.

Lekin bu rejaga hech qachon erishilmadi, 2012 yilda mamlakatdagi uy telefonlari soni hanuz 2 milliondan kam edi, deyiladi maqolada.

Maqolaga ko‘ra, besh yillik rejada mobil telefon bozori va Internet ta‘minotini ham yaxshilash belgilangandi.

2011 yilga kelib bu ikki sohada ko‘zga ko‘rinarli ilgari siljishlar kuzatilgan.

Ayniqsa mobil telefon foydalanuvchilari soni besh yil mobaynida atigi bir milliondan 21 millionga qadar ko‘tarildi.

Lekin oxirgi hodisalardan so‘ng 2012 yili soni 25 millionga yetgan mobil telefon foydalanuvchilari soni yil oxiriga kelib 20 millionga tushib qolgan.

Tahlilchiga ko‘ra, 2013 yili bozordagi beqarorlik saqlanib qolmoqda.