"Anji" sardori Samuel Eto’O "Chelsi"ga o‘tadi

Image copyright AFP
Image caption "Anji" sardori "Chelsi"ga o‘tayotganidan o‘z mamnuniyatini izhor etib, tezroq o‘ynash ishtiyoqida ekanini" bildirgan

Rossiyalik milliarder Roman Abramovich jamoasi kamerunlik yulduz hujumchi bilan bir yilga rasman shartnoma imzolagan.

32 yoshli nomdor futbolchining "Chelsi"ga erkin agent maqomida o‘tishi aytilmoqda.

Ammo, hozircha, yangi imzolangan shartnomaning moliyaviy jihatlari to‘liq ayon emas.

Qator britan nashrlarining yozishlaricha, Samuel Eto’O "Chelsi"ga 7 million funt sterlingga tushmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Samuel Eto'O - shu oy boshida "Anji" rahbariyati byudjetini keskin qisqartirishi va yulduz futbolchilarini sotishini e‘lon qilishi ortidan klubdan ketayotgan beshinchi nomdor futbolchisi bo‘ladi.

Uning 2011 yilda uch yillik shartnoma bilan asli dog‘istonlik milliarder Suleyman Kerimovning "Anji"siga o‘tib, dunyoning eng katta maoshli futbolchisiga aylangani aytilgandi.

Xabarlarga ko‘ra, Eto’O "Anji"da haftasiga £ 167.825 ishlagan.

BBCga ma‘lum bo‘lgan xabarlarda esa, ushbu shartnoma taqdiri: o‘yinchi uni sotib olganmi yoki bekor qilgani tafsilotlari ma‘lum emas.

So‘nggi yangilik ortidan, Anji" sardori "Chelsi"ga o‘tayotganidan o‘z mamnuniyatini izhor etib, tezroq o‘ynash ishtiyoqida ekanini" bildirgan.

Bundan avval Kamerun milliy terma jamoasi sardoriga Italiyaning "Inter" va Angliyaning "Manchester Yunayted" jamoalari qiziqish bildirishayotganiga oid xabarlar ham paydo bo‘lgandi.

Eto’Oning o‘zi esa, Italiyaning boshqa bir jamoasi – "Napoli"ni ko‘z ostiga olayotgani aytilgandi.

Yaqinda Roman Abramovich jamoasi "Anji"ning braziliyalik nomdor futbolchisi 25 yoshli Villianni ham 30 million funt sterlingga sotib olgandi.

Bundan avval Maxachqal‘a jamoasini tark etgan yana uch yulduz xorijlik o‘yinchilari esa, Rossiya Oliy Ligasining "Zenit" va "Spartak" jamoalariga o‘tishgandi.

To‘rt karra "Afrikaning eng zo‘r futbolchisi" deb topilgan Samuel Eto’O "Inter"(Milan)da to‘p surgan paytda "Chelsi" joriy Bosh murabbiyi Joze Mourino boshchiligi ostida Chempionlar chempioni bo‘lgan.

"Anji" O‘zbekiston milliy terma jamoasining eng ko‘zga ko‘ringan futbolchilaridan biri va o‘sha paytda Toshkentning "Paxtakor" klubi sardori bo‘lgan Odil Ahmedov bilan ham 2011 yilda to‘rt yilga shartnoma imzolagan.

Ammo Odil Ahmedov hozircha "Anji"da qolish va jamoaga yordam berish ahdida qat‘iy ekan.

Bu haqda yaqinda BBC O‘zbek Xizmatiga "Anji" klubi matbuot voizi Murod Latipov bildirgandi.

"Anji"ni butkul tark etajak yulduz futbolchilarining yakuniy ro‘yxati esa, shu oy oxirigacha ma‘lum bo‘ladi.

Rossiya Oliy Ligasi 6-tur uchrashuvi ortidan, "Anji" olti o‘yindan bor-yo‘g‘i 2 ochko to‘plab, hanuz turnir jadvalining eng quyi ikki pog‘onasidan birini egallab turibdi.

So‘nggi xabarlardan ma‘lum bo‘lishicha, yulduz futbolchilarining klubni tark etayotgani manzarasida "Anji" "Krasnodar" jamoasidan nigeriyalik himoyachisi Ayodele Adeleyyeni "uzoq muddat"ga deb, sotib olgan.

Shu mavsum yakuniga qadar Moskvaning "Dinamo"sidan to‘rt o‘yinchisini ham ijaraga olgan.

Odil Ahmedov jamoasi 7-tur uchrashuvini 31 avgust kuni safarda "Terek"ka qarshi o‘tkazadi.