Toshkent militsiyasi poytaxtni "daydilar"dan tozalamoqda

Image caption Vaqtinchalik ro‘yxatga olish militsiya uchun daromad manba‘i ekani aytiladi

Mustaqillik bayrami arafasida poytaxt militsiyasi ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolarni Toshkentdan chiqarib yubormoqda.

29 avgust kuni Toshkentning Yunusobod tumanida olib borilgan "tozalash" amaliyotida o‘nlab viloyatdan kelgan fuqarolar ushlanib, militsiya idorasiga olib ketilgan.

Ularning orasida bo‘lgan taniqli huquq faoli Mo‘‘tabar Tojiboyevaning ukasi Rasuljon Tojiboyevning BBCga aytishicha, militsiya xodimlari uni Hasanboy dahasida o‘zi vaqtinchalik yashab turgan do‘stining hovlisidan olib ketishgan.

"Pasportimni olib chiqay degandim, gapimga quloq solmay, qo‘limni qayirib, avtobusga o‘tqazishdi. Avtobus odamlar bilan to‘la edi", - deydi Rasuljon Tojiboyev.

Hozirda Yunusobod tuman ichki ishlar idorasida ushlab turilgan Tojiboyevning so‘zlariga ko‘ra, u bilan birga militsiya bo‘limida 20 ga yaqin odam bor.

Ularning hammasi viloyatdan kelganlar.

"Hammamizni suratga tushirib, qandaydir qog‘ozlarni to‘ldirishayapti. Menimcha,"Panelnyy"ga olib borishsa kerak", - deydi Rasuljon Tojiboyev.

Har yili Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkaziladigan bu kabi "tozalash" amaliyoti natijasida qo‘lga olinganlar "Panelnyy" dahasida joylashgan "Daydilarni saqlash va taqsimlash markazi"ga, u yerdan esa majburan uylariga jo‘natilishi aytiladi.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi navbatchi xodimining BBCga aytishicha, bayram arafasida poytaxt bo‘ylab bu kabi tozalash amaliyotlari "o‘z-o‘zidan o‘tkaziladi".

Har bir rayon militsiyasi o‘z hududidagi vaziyatdan kelib chiqib, bunday tadbirlarni o‘tkazish vakolatiga ega", - dedi poytaxt militsiyasi vakili.

Ammo u Toshkent bo‘ylab o‘tkazilayotgan tozalash amaliyotlarida ja‘mi qancha odamning ushlangani yoki poytaxtdan chiqarib yuborilgani haqida ma‘lumot berishdan bosh tortdi.

So‘nggi yillarda xavfsizlik xavotirlari bois rasmiy Mustaqillik tantanalarini viloyatlarda bayramdan ancha oldin o‘tkazish udumga kirgan.

Propiska tartibi

Rasuljon Tojiboyev bir necha yildan buyon Toshkentda vaqtincha ro‘yxatda turgani, amaldagi tartibga muvofiq har 6 oyda ro‘yxatni uzaytirib kelganligini aytadi.

Ammo uning aytishicha, ro‘yxatni uzaytirishlarini so‘rab qilgan oxirgi murojaati rad etilgan.

"Tartib o‘zgardi, deyishdi. Faqat kasallarni vaqtinchalik ro‘yxatga olisharkan", - deydi Rasuljon Tojiboyev.

2011 yil iyulida O‘zbekiston parlamenti sho‘ro davridan qolgan propiska tartibini qonuniylashtirgan.

Qonun chiqaruvchilarga ko‘ra, ushbu hujjat "viloyatlardan poytaxtga kelayotgan aholi vakillari uchun qulaylik yaratadi".

Unda "Propiska" so‘zi shu holicha saqlab qolingan.

Hozirda asosan, poytaxtdan uy-joy sotib olgan yoki toshkentliklar bilan nikoh qurayotganlarning vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilayotgani aytiladi.

Yangi qonun qabul qilinishi ortidan poytaxtga kelayotgan fuqarolarni vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish militsiyaning hudud nazoratchilariga yuklatilgan.

Propiska tartibi amalda militsiya uchun katta daromad manba‘i ekani aytiladi.

Vaqtinchalik ro‘yxat fuqarolarga Toshkentda ishlash, o‘qish va tibbiy yordam olish huquqini beradi.

O‘zbekistonda ichki migratsiya, jumladan, qancha odamning viloyatlardan Toshkentga kelib ishlashi bilan bog‘liq statistik raqamlar oshkor etilmaydi.

Norasmiy manba‘larga ko‘ra, har yili kamida 1 million odam tirikchilik ilinjida poytaxtga ish izlab keladi.