UzWebiston: O‘zbekistonning "Talko" zarari borasidagi e‘tirozlari savollarni tug‘dirgan

Tojikistondagi news.tj saytida qo‘shni O‘zbekiston parlamentining Tojik alyuminiy ishlab chiqarish shirkatining zararlari borasidagi e‘tirozlariga oid maqola e‘lon etilgan.

Tojik alyuminiy shirkatining ekologik ta‘siriga oid o‘zbek tomoni keltirgan raqam va faktlar u tomonning hisoblash metodikasi va mavjud holat darajasiga oid savollar keltirib chiqaradi, degan Tojikiston parlamenti quyi palatasining doimiy ekologik komissiyasi raisi Mahmadsharif Haqdodov.

Uning bu so‘zlari o‘tgan hafta O‘zbekiston parlamentida "Talko" Davlat unitar korxonasi zararli chiqindilarining atrof-muhit ekologiyasi va aholi sog‘ligiga zarari borasida aytilgan fikrlarning muhokamasi paytida yangragan.

"Sanoat korxonalarining atrof-muhitga, mahalliy aholi sog‘ligi va genofondiga, mintaqa ekotizimiga ekologik ta‘siri maxsus moslamalar qo‘llangan va yuqori malakali mutaxassislar jalb etilgan ko‘p yillik kuzatishlar va tadqiqotlar natijasida chiqarilgan ob‘ektiv xulosalarga asoslanadi", - degan Haqdodov.

U tojik tomonini "xulosalarga, ko‘pchilik xalqaro tahlilchilar va nufuzli ekologik tashkilotlarning mutlaq fikriga qaramasdan, "Talko" Davlat unitar korxonasining ekologiyaga, odamlar salomatligiga zarari tan olinmaslik"da ayblashayotganini ta‘kidlagan.

Haqdodovning ta‘kidlashicha bunda qo‘shnilar tomonidan yetkazib berilgan biron-bir hujjatda xulosalarning o‘zi ham, xalqaro tahlilchilar kimligi va qaysi ekologik tashkilotlar, ularning nufuzi borasida ma‘lumotlar mavjud emas.

"Aytish joiz, o‘zbek tomoni "Talko" masalasida ayrim mamlakatlar parlamentlari, jumladan, Belgiya, Litva, Indoneziya, shuningdek Yevroparlamentning uni go‘yo qo‘llab-quvvatlayotgani borasida xabarlar tarqatib turadi. Lekin bunday holatda, xalqaro amalda qabul qilingani kabi, Tojikiston parlamentiga tegishli rasmiy bayonotlar jo‘natilishi zarur. Bizda esa, ular yo‘q", - degan tojik deputati.

Haqdodovning so‘zlariga qaraganda, hozirda har ikki mamlakat ekologik tadqiqotlarini qiyoslaganda "Talko" chiqindilarining asosiy ko‘rsatkichlari borasida jiddiy tavofutlar mavjud. Buni chiqindilarning atrof-muhit va odamlar sog‘ligiga ta‘siri borasida ham aytish mumkin, degan u.

"Bizni "Talko" ta‘siri natijasida Surxondaryo viloyatining shimoliy tumanlarida "o‘ta tashvishli" deb atalayotgan vaziyat yuzaga kelgani, u yerdagi aholi endokrilogik va suyak-mushak tizimi, yuqori nafas yo‘llari, tug‘ma anomaliyalar, flyuroza, onkologik xastaliklardan azob chekayotganiga, aholining nasliy salomatligiga eng katta salbiy ta‘sir ko‘rsatilayotganiga, tug‘ish yoshidagi ayollarning bola tashlashi va o‘lik bola tug‘ishi ko‘payayotganligiga ishontirmoqchi bo‘ladilar. Biz Birlashgan millatlar tashkilotining tegishli bo‘limi, Jahon Sog‘lik tashkiloti, UNICEF va boshqa qator xalqaro tashkilotlar, shuningdek, O‘zbekiston Davlat Statistika qo‘mitasining 2000-2012 yillar mobaynidagi statistik ma‘lumotlariga murojaat etdik. Natijada Surxondaryo viloyati barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha butun respublika bo‘yicha, bunda O‘zbekistonning vaziyat anchagina yomon bo‘lgan alohida mintaqalarini aytib o‘tirmasa ham bo‘ladi, anchagina yaxshi natijalarga ega ekanligi ma‘lum bo‘ldi", - degan tojik deputati.

Haqdodov shuningdek o‘zbek ekologlarining "Talko" faoliyati atrof-muhitni qo‘riqlash masalasi borasida xalqaro standartlarga javob bermaydi, degan fikrlariga ham qo‘shilmasligini aytgan.

U o‘z fikrini isbotlash uchun "Talko"ning hali 2008 yildayoq Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib ekologik boshqaruv borasida zarur xalqaro sertifikatlar olganini misollar bilan keltirgan.

Tojikistondagi news.tj sayti ayni bir paytda o‘z maqolasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 22 avgustda "Tojik "Talko" Davlat unitar korxonasining ekologiya va aholi sog‘ligiga falokatli ta‘siri oldini olish" borasida qaror qabul qilganini ham xabar beradi.

Bu hujjatda "Talko" ishlab chiqarish faoliyatining ekologiyaga, odamlar sog‘ligiga, aholi genofondiga katta ko‘lamdagi zarari borasida qattiq tashvish bildirilgan.

O‘zbekiston bu tashvishli holatni bartaraf etish uchun bir necha yo‘llarni ko‘rsatgan.

Birinchidan, O‘zbekiston hududida "Talko" chiqindilarining aholi sog‘ligi va atrof-muhitga zarari oldini olish va kamaytirish, mintaqada ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish uchun o‘ziga bog‘liq bo‘lgan barcha choralarni ko‘rish rejalashtirilgan.

Ikkinchidan, "Talko" faoliyati mavzesi doirasida tobora chuqurlashib borayotgan ekologik falokat oldini olish uchun shoshilinch tadbirlar qo‘llash uchun barcha manfaatdor xalqaro ekologik tashkilotlar, BMT tizimlari, parlamentlar, hukumatlar va xalqaro jamoatchilik e‘tiborini tortish mo‘ljallangan.

Uchinchidan, o‘zbek tomoni yuzaga kelgan vaziyatni hal etish yo‘llari albatta topilishiga ishonishini bildirgan.

O‘zbek tomoni qabul qilgan hujjatda "O‘zbekiston va Tojikistonda yashayotgan yuz minglab odamlarning hayoti va sog‘ligi, mazkur mintaqada yashaydigan va mehnat qiladigan kelajak avlod taqdiri bu masalalarni tezroq hal etishga bog‘liq, deyilgan", deb yoziladi news.tj da.