Hajga otlanganlar, qalloblardan ehtiyot bo‘ling!

Bu yil Makkaga haj ziyoratiga bormoqchi bo‘lganlar arzon garovga xizmat ko‘rsatish taklifi bilan chiqqan qallob shirkatlardan ehtiyot bo‘lishlari kerakligi borasida ogohlantirilganlar.

Britaniya Ziyoratchilari Kengashining aytishicha, ziyoratchilar uchun kvotaning Saudiya rasmiylari tomonidan 20 foizga qisqartirilishidan qo‘li egri shirkatlar foydalanib qolishga urinmoqdalar.

Saudiya Arabistoni rasmiylari Makkadagi ziyoratgohlarda qayta qurish ishlarini olib borayotganlari uchun ziyoratchilar sonini bu yil 20 foizga kamaytirishga majbur ekanliklarini ma‘lum qilishgandi.

Britaniyadan haj ziyoratini tashkillashtiruvchi shirkatlardan biri vakilining aytishicha, natijada bu yil oktyabr o‘rtalariga to‘g‘ri kelayotgan haj ziyorati uchun talab anchayin oshganligiga guvoh bo‘lmoqdalar.

Abdul Patelning aytishicha, ularning qo‘lida hozirda atigi 12ta viza qolgan.

Britaniya Ziyoratchilari Kengashi raisi Rashid Mogradiyaning aytishicha, ba‘zi qo‘li egri odamlar bu vaziyatdan foydalanib qolish uchun ataylab qalbaki shirkatlar tuzmoqdalar.

"Ular haj asliy harajatlaridan 50 foiz arzonroq tushadigan ziyoratni taklif qilmoqdalar va odamlarni hech qachon amalga oshmaydigan ziyoratlari uchun pul to‘lashga undamoqdalar", deydi Kengash raisi.

Rashid Mogradiyaga ko‘ra, odamlar qallobning qo‘liga tushib qolganlaridan uyalganalri uchun ko‘pda bu borada politsiyaga ham shikoyat qilmaydilar.

"Haj ziyorati muqaddas bo‘lgani uchun buni ilohiy belgi sifatida ham qabul qiladilar".

"Lekin kimdir sizni o‘marsa, bu Yaratganning ishorasi emas", deya ilova qildi u.

Bolton shaharchasidagi bir taqvodorning aytishicha, o‘tgan yili 9 ming funtga (taxminan 15 ming dollar) tushgan.

U haj ziyoratiga Internet orqali buyurtma bergan. Lekin tez orada u murojaat qilgan shirkat izi yo‘qolib, faliyatini to‘xtatganligini bilib qolgan.

"Juda xafa bo‘lib, kayfiyatim tushib ketdi. Butun hayotimni ostun-ustun qilib yubordi bu hodisa", deydi o‘z ismini oshkor qilishni istamagan taqvodor.

U hozirda boshqalarni bu holatga duch kelsalar, albatta politsiyaga xabar berishlariga chorlamoqda.

Britaniya Ziyoratchilari Kengashi haj ziyoratiga haq to‘lashdan avval ular ish yuritayotgan shirkat Britaniyadagi kerakli rasmiy tashkilotlar va Saudiya rasmiylari tomonidan tan olinganligiga ishonch hosil qilishlari kerakligini urug‘ulamoqda.