AQSh Davlat kotibi: "Suriyadagi kimyoviy hujum qurbonlari soni bir yarim mingga yaqin"

Image copyright AFP

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, o‘tgan hafta Suriya hukumatining Damashq yaqinida amalga oshirgan hujumi oqibatida 1429 kishi halok bo‘lgan.

Janob Kerrining aytishicha qurbonlardan 426 nafari yosh bolalardir.

"Bu hujum qabul qilib bo‘lmas dahshatdir", dedi janob Kerri.

AQSh Suriya hukumatini kimyoviy qurollarni ishga solishdan to‘xtatish uchun harbiy amaliyotlarni boshlashga da‘vat qilib kelmoqda.

Prezident Bashar al-Assad hukumati kimyoviy qurol ishlatganligini rad etgan.

Suriya hukumatiga ko‘ra, kimyoviy hujumni isyonkorlar amalga oshirganlar.

Xalqaro yordam tashkilotlari o‘tgan haftadagi kimyoviy hujum qurbonlarini avval 355 kishi, deb aytgandilar.

Ammo AQSh Davlat kotibining aytishicha, 1429 kishi qurbon bo‘lganligi haqida faktlar bor.

Unga ko‘ra, Suriya hukumati hujumdan uch kun avval tayyorgarlik ko‘ra boshlagan.

"Biz bilamizki kimyoviy qurol ortilgan raketalar hukumat nazorati ostidagi hududlardan kelib, faqatgina muxolifat nazorati ostida bo‘lgan hududlarga tushgan", dedi janob Kerri.

"Qo‘limizda bor ma‘lumotlar amerika Josuslik Xizmati ishonchi qat‘iy bo‘lgan ma‘lumotlardir".

Davlat kotibiga ko‘ra, endilikda AQSh hukumati kelgusi qanday qadam bo‘lishi haqida Kongress va xalqdan maslahat so‘raydi.