Tojikiston: prezidentlik saylovi 6 noyabrga belgilandi

Tojikiston parlamentining yuqori va quyi palatalari yalpi majlisida kelgusi prezidentlik saylovining muddati tayin qilindi.

Shu yilning 6 noyabri kuni Tojikistonda prezidentlik saylovida ovoz berish kuni deb e‘lon qilindi.

6 noyabr Tojikiston konstitiutsiyasi qabul qilingan kun va mamlakatda dam olish kuni hisoblanadi.

Dushanbe shahridagi yalpi majlisda quyi palata raisi Shukurjon Zuhurov ushbu taklifni ilgari surgan va Tojikiston senatorlari va parlament a‘zolarining ko‘pchiligi navbatdagi prezidentlik saylovi kunini yoqlab ovoz berganlar.

Endi Tojikiston saylov komissiyasi prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olishi mumkin.

Tojikistonni 1992 yildan buyon boshqarib kelayotgan Prezident Imomali Rahmon bu gal ham o‘z nomzodini ilgari suradi deb kutilmoqda.

Shu yil aprel oyida Tojikiston prezidentining Bryusselga safari paytida matbuot anjumani o‘tkazilgan va janob Rahmonga keyingi prezidentlik saylovidagi ishtirokiga taalluqli savol berilgan edi.

Prezident Imomali Rahmon bu saylovda qatnashish-qatnashmaslik haqida bir qarorga kelmagani haqida aytgan, biroq bu saylov shaffof, erkin va demokratik saylov bo‘lishiga hammani ishontirishi haqida gapirgan edi.

Muxbirlarga ko‘ra, hali janob Rahmon o‘z qarorini e‘lon qilmagan bo‘lsa-da, oxirgi oylarda uning ijtimoiy faolligini oshirgani kuzatilmoqda.

Prezident Rahmon tuman va shaharlarga safarlar uyushtirmoqda, oddiy odamlar bilan uchrashmoqda, muhtoj oilalarga xayriyalar ulashmoqda va yangi inshootlarni foydalanishga topshirish marosimlarida qatnashmoqda.

Davlat nazoratidagi ommaviy axborot vositalari janob Rahmonni targ‘ib qilishni boshlagan, bu amallar esa xususiy ommaviy axborot vositalari va muxolifat tomonidan tanqidlarga tutilmoqda.