Eronlik ayollar hijobda regbi o‘ynayotgani bahslarni qizitgan

Image copyright Getty

Eron internet nashrlarida ayollar regbisi, xususan sportchilarning tashqi ko‘rinishi islom talablariga qanchalik mos kelishi haqida bahs qizigan.

Ayollar Professional regbi ligasi mamlakatda paydo bo‘lganiga bir necha yil bo‘ldi. Ishtirokchilar sport liboslari va boshlarida ro‘mol bilan, lekin yuzlari ochiq holda o‘yinlarda qatnashishadi. Lekin bu mavzuga jamoatchilik e‘tibori shu kunlarda oshgani kuzatilmoqda.

Hammasi an‘anador Bultan News sayti milliy chempionat o‘yinidan olingan suratlarni "Bizga ayollar regbisi kerakmi?" sarlavhasi ostida bosganidan so‘ng boshlandi.

Shundan so‘ng suratlarga izohlar yog‘ildi. Ba‘zi bir foydalanuvchilar saytning nuqtai nazarini yoqlasa, boshqalari redaktorlarga yoqmasa sportchi qizlarning suratini internetga chiqarmaslik kerakligini aytadi, uchinchilari diniy ulamolardan bu masalada izoh berishni so‘ragan.

Shu bilan birga regbichi ayollar hijob kiyish to‘laqonli hayot kechirishga xalaqit bermasligi, jumladan sport bilan shug‘ullanish mumkinligini ko‘rsatib, Islom qadriyatlarini mustahkamlashga xizmat qilayotganlarini aytadiganlar ham bor.

"Albatta bu suratlarni oyatulloga namoyish qilish kerak, lekin men bu yerda nimani qoralayotganlariga tushunolmayapman, Islom qonunlarida regbiga qarshi hech narsa deyilmagan. Yuzni ham butunlay yopib olish shart emas. Ular hijob kiyishadi va bu yetarli", - deb yoziladi Parsine saytidagi izohlarda.