Dubay: O‘zbekiston fuqarosi prokuratura binosini portlatish bilan tahdid qildi

Image caption Dubayda prokuratura binosini portlatib yuborish bilan tahdid qilgan ayolning nomi ma‘lum emas

O‘zbekiston fuqarosi Dubayda prokuratura binosini qalbaki bomba bilan portlatishga tahdid qilgan.

Ismi oshkor qilinmayotgan ayol olti yoshli bolasi bilan prokuratura binosiga 1 sentyabr kuni kirib kelgan va belidagi bombani portlatish bilan tahdid qilgan.

Ayol bolaning otasi kimligi borasidagi bahsni o‘zining foydasiga hal qilib berishni talab qilgan.

Politsiya zudlik bilan binodagi odamlarni evakuatsiya qilgan.

Dubay hokimiyati matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, prokuratura binosidagi ushbu hodisa tinch yo‘llar bilan yakuniga yetgan.

"Ayol beliga taqib olgan moslama portlovchi emasligi aniqlandi. Ayol bomba ekanligini da‘vo qilgan xuddi shunday simlar uning uyida ham topilgan va bomba bo‘yicha mutaxassislarning tekshiruvidan keyin oddiy simlar ekanligi ma‘lum bo‘ldi. To‘rt kishidan iborat xavfsizlik xodimlari muammoni tinch yo‘l bilan tugatishga muvaffaq bo‘ldi", - deyiladi tarqatilgan bayonotda.

Kelishuvlarning qancha vaqtga cho‘zilgani borasida biror xabar aytilmagan.

Ammo ayol bomba borligini e‘lon qilishi bilan advokati ishtirokini so‘ragan va shu bilan o‘zining murosaga tayyorligini bildirgan.

Ayol ushbu yo‘lga chorasizlikdan qo‘l urgani va shu bilan o‘ziga nisbatan achinish hissini uyg‘otish orqali oilaviy muammosini yechishga harakat qilgan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Dubay politsiyasi ona va bolaning xavfsizligini ta‘minlash uchun barcha chora tadbir ko‘rilganini va ularga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday kutilmagan holatning oldi olinganini ta‘kidlagan.

O‘zi va bolasini portlatish bilan tahdid qilgan ayolning ismi sharifi oshkor qilinmayapti.

Uning nima ish bilan shug‘ullanishi ham noma‘lum.

Faqat uning O‘zbekiston fuqarosi ekanligi aytilgan.

O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida viza tartibi yo‘q.

Amirlik poytaxti Dubayga asosan O‘zbekistondan savdogar, xizmat ko‘rsatish sohasidagi ishchilar borishi aytiladi.

Huquq himoyachilari ushbu shaharda o‘z tanasini sotish bilan shug‘ullanuvchi o‘zbekistonliklar ham ko‘p uchrashini aytadi.