Interpol "Anji" jamoasi egasi Suleyman Kerimovga qidiruv e‘lon qildi

Image copyright RIA Novosti

Belorus televideniyesining Ichki Ishlar Vazirligiga tayanib xabar berishicha, "Uralkaliy" shirkatining asosiy hissadori Suleyman Kerimovga Interpol orqali qidiruv e‘lon qilingan.

Belorus rasmiylari janob Kermovni "Uralkaliy" shirkati boshqaruvi bilan bog‘liq qonunbuzarliklarda gumon qilmoqdalar.

Ayblovlar tasdiqlangudek bo‘lsa Suleyman Kerimov 10 yilga qadar qamoq jazosiga yuz tutishi mumkin.

Kerimovning himoyachisi unga nisbatan ayblovlar siyosiy asosga ega ekanligini aytgan.

Suleyman Kerimov Dog‘istonning Derbent shahrida 1966 yili tug‘ilgan.

1999 yili Rossiya Davlat Dumasiga deputat etib saylangan.

2008 yildan beri Dog‘istondan Federatsiya Kengashi a‘zosi.

2011 yanvar oyida Maxachqala‘ning "Anji" futbol jamoasini sotib olgan. Buning ortidan jamoaga qator o‘ta "qimmat" futbolchilar olib kelindi.

Lekin shu yil avgust oyida Suleyman Kerimov jamoa strategiyasini o‘zgartirishi haqida e‘lon qildi va jamoa byudjeti to‘rt barobarga qisqartirildi. Jamoadan qator taniqli futbolchilar boshqa jamoalarga o‘tib ketishdi.

Suleyman Kerimovning mablag‘ini o‘tgan yili Forbes jurnali 6,5 milliard dollar, deya belgilagan.

Ba‘zi tahlilchilarga ko‘ra, Minsk bilan Kerimov o‘rtasidagi mojaro sobiq Sho‘rolar hududida hanuz davom etib kelayotgan klanlar o‘rtasidagi kurash va raqobatning bir ko‘rinishidir.

Ularning aytishlaricha, Suleyman Kerimovning "Beloruskaliy" shirkatini o‘z nazorati ostiga olish harkatlari Minsk noroziligini keltirib chiqargan.

Suleyman Kerimov haqidagi yangilik paydo bo‘lishi bilan Internetda u bilan bog‘liq ma‘lumotlarni izlash ko‘paygan. Ammo Yandeks qidiruv xizmati adashib, O‘zbekiston prezidenti qizi Gulnora Karimovaning suratlarini Internetda Suleyman Kerimovning qizi sifatida taqdim qilgan hollari ham yuz bermoqda.