O‘zbekiston ta‘lim vazirligi: maktablarda erkak o‘qituvchilar yetishmayapti

Image copyright Getty

O‘zbekiston xalq ta‘limi vaziri jurnalistlar bilan uchrashuvda o‘quv maskanlarida erkak o‘qituvchilarning yetishmasligi haqida gapirgan. Bu haqda yozgan "Qishloq hayoti" gazetasi o‘quvchilarning tarbiyasida erkak o‘qituvchilarning o‘rni bo‘lakcha ekanligini ta‘kidlagan.

Maqolada erkak o‘qituvchilarning nima sababdan kam ekanligi borasida biror izoh berilmagan.

O‘zbekistonlik ismi o‘zgartirilgan o‘qituvchi Ramziddin aka bundan 10 yil oldin o‘qituvchilikni tashlab Rossiyaga ishlashga kelishga majbur bo‘lgan.

"Iqtisodiy jihatdan qiynalganim sababli chiqib ketganman. Beradigan oyligi oilani boqishga yetmasdi. O‘sha vaqti bir qop unga va yog‘ga, ya‘ni och qolmaslik uchun yetardi. Lekin usti boshingizga va katta bo‘la boshlagan farzandlarning talabini qondirishga yetmasdi", - deydi Ramziddin aka.

Ramziddin aka singari maktablarni tashlab ketgan va bugungi kunda ayol o‘qituvchilarga nisbatan kamayib ketgan erkak muallimlarning muammosi haqida Xalq ta‘limi vaziri Ulug‘bek Inoyatovning o‘zi gapirgan.

Bu haqda yozgan "Qishloq hayoti" gazetasi erkak o‘qituvchilarning kamligiga nima sabab ekanligi va uning yechimi uchun qanday rejalar borligi borasida hech narsa demagan. Shuningdek o‘qituvchilarning nisbiy soni borasida ham ma‘lumot keltirilmagan.

Kuzatuvchilar maktablarda o‘qituvchilarning kamligi avvalo ularning maoshi oila tebratishga yetmasligi bilan izohlashadi. Biroq so‘nggi vaqtlarda hukumat o‘qituvchilarning maoshlarini oshirish borasida sezilarli o‘zgarishlar qilishga harakat qilgan.

Zayniddin aka dars beradigan Jizzax viloyatidagi maktabda so‘nggi vaqtlarda ayol va erkak o‘qituvchilarning soni borasidagi farq yo‘qolgan.

"Biz bu yil yosh kadrlarni oldik. 4 ta erkak o‘qituvchi oldik. Bizda ahvol yaxshilandi 15 ta ayol bo‘ladigan bo‘lsa 17 ta erkak o‘qituvchi bo‘ldi. Boshqa ishlarga o‘tib ketgan erkaklar ham qaytib kelayapti", - deydi Zayniddin aka.

Zayniddin aka ishlagan maktabda ham bir vaqtlar ayol o‘qituvchilar erkaklarga qaraganda haddan ziyod ko‘payib ketgan. Erkaklar oila boqish ilinjida boshqa sohalarga o‘tishga va Rossiyaga ishlashga ketishga majbur bo‘lgan.

Hozir Jizzax viloyatida o‘qituvchining o‘rtacha oyligi 600 ming so‘m yoki 220 dollarni tashkil qilishi aytiladi. Zayniddin aka istiqomat qiladigan joydagi paxta zavodi ishchilariga buncha maosh berolmaydi. Beriladigan pul ham 6 oylab kechikib beriladi. Paxta va bug‘doy dalalarining bir chekkasidan tomorqa uchun beriladigan yerlar umuman olib qo‘yildi.

Mana shunday ilojsizliklar oldida maktablar esa oylikni oyma oy berishi bilan Oliy ma‘lumotlilarni o‘ziga jalb qilayapti.

Biroq o‘ziga to‘qroq tuman va shaharlarda hali ham erkak o‘qituvchilarning kamligi kuzatiladi.

Namangandagi kollejlardan birida dars beruvchi o‘qituvchi Nodir akaning aytishicha, u yashayotgan shahar va tuman kollejlarida erkak o‘qituvchilarning soni ayollarnikiga qaraganda ikki barobar kam.

"Buning sababi, birinchidan, tirikchilik desa bo‘ladi. Chunki hozir o‘qituvchilarga nisbatan berilayotgan talab va ularga qo‘yilayotgan "nagruzka" ko‘p. Qilayotgan ishi erkaklarning tirikchiligini qoniqtira olmayapti. Ayollarning ko‘chaga chiqib boshqa ish qila olishga imkoni yo‘q", - deydi Nodir aka

Sobiq o‘qituvchilarning hozir dehqonchilik, savdogarlik va kirakashlik qilishga majbur bo‘layotgani aytiladi.

Nodir aka o‘qituvchilarning oyligi respublika bo‘yicha Xalq ta‘limi vazirligi tomonidan bir hil yozilishini aytadi, biroq turli ushlanmalar sabab har xil viloyatda turlicha maosh olinadi.

"Ushlanmalar bor. Bularning ichida vedomostda yo‘q ushlanmalar bor. Har xil uyushma, jamoat tashkiloti va ishlarga degan ushlanmalar bor. Ikkinchidan o‘qituvchilar yollanadigan qishloq xo‘jaligi ishlari bor. Bular katta vaqtni olgani uchun turli joyda ushbu pulning plastik yoki naqd holatda qo‘l tegishi har xil bo‘lishi mumkin", - deydi namanganlik o‘qituvchi.

Misol uchun Nodir akaga 771 ming maosh yoziladi, biroq turli soliq, komunal to‘lovlar, obuna, bolalar sportini rivojlantirishga kabi ushlanmalardan so‘ng uning qo‘liga 400 ming so‘m yoki 145 dollardan ko‘proq oylik tegadi.

Oilada er-xotin o‘qituvchilik qilib bir oyda o‘rtacha bir million so‘m maosh olishadi. Ammo 4 farzandni boqish va kiyintirishga ushbu pullar uchma uch yetadi, gohida yetmay qoladi.

O‘qituvchilarning maktab va kollejlardan bezib qolishiga yana bir sabab sifatida ularning o‘z vazifasidan tashqari qurilishdan tortib va qishloq xo‘jaligigacha bo‘lgan sohalarga hasharga majburlanayotganidir.

- Yagana, chekanka, qatqaloqni yo‘qotishga, begona o‘tlarni tozalash kabi qishloq xo‘jaligi ishlariga hali ham o‘qituvchilar jalb qilinadi. Bu yil yozning o‘zida ham kollej o‘qituvchilari bevosita jalb qilindi. Ikkinchidan kotejlarning qurilishida yordamchi, hasharchi sifatida o‘qituvchilar jalb qilinadi, - deydi Nodir aka.

Kollej o‘qituvchisining aytishicha, bir tiyin berilmaydigan bu kabi og‘ir ishlarga jalb qilishda erkak o‘qituvchilarga ko‘proq ahamiyat beriladi.

O‘qituvchining vazifasi bo‘lmagan bu kabi majburiy ishlardan bosh tortish hollari deyarli bo‘lmaydi.

"Bosh tortish hollari yo‘q. Sababi hozirgi vaqtda o‘qituvchilarning oyligi ichki ishlar xodimlaridan tashqari boshqa soha vakillari qaraganda yuqori maosh hisoblanadi. Ko‘pchilik ish o‘rnini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqadi", - deydi Namangandagi kollej o‘qituvchisi.

Oliy ma‘lumotli Ramziddin aka hozir Rossiya shaharlarining birida shaxsiy yuk mashinasida mijozlarga xizmat ko‘rsatadi. 12 yil o‘quvchilarga dars bergan muallim, maoshlar oilani tebratishga yetarli darajada bo‘lsa jon-jon deb maktabga qaytishini aytadi.

- Oilamni tebratishim uchun o‘qituvchilik qilmoqchi bo‘lsam, menga 600 dollar oylik berishganda menga yetarli bo‘lardi , - deydi Ramziddin aka.

Sobiq o‘qituvchilar ularningm maktabga qaytishi uchun maoshlar oshirilishi bilan birga, o‘qituvchiga vazifasidan tashqari ishlarning yuklanmasligi lozimligini ta‘kidlashadi.

Mehnat muhojirligi ko‘pgina sohalar, jumladan, ta‘lim va sog‘liqni saqlashda bo‘shliqni yuzaga keltirgani aytiladi.

BBC Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik o‘qituvchilardan biri bilan suhbatlashgan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi